548 ta korxonadan hosil bo'lgan oqovalar atrof-muhitga tashlanmoqda

    Tozalash inshootlarining 70-80 foizida ish samaradorligi 15-30 foizni tashkil qilmoqda.

    AOKAda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida "Er-suv resurslaridan oqilona foydalanishning dolzarb ahamiyati" mavzusida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida bu haqda ma'lum qilindi. Qayd etilishicha, oqovalar tarkibida turli kimyoviy moddalar, rang-bo'yoq eritma qoldiqlari va biologik chiqindilar mavjud. Ifloslangan oqovalarning oqova tozalash inshootlariga yoki atrof-muhitga chiqarish mumkin bo'lgan xavfsiz darajaga etkazib tozalash maqsadida 320 ta korxona lokal tozalash inshootlari bian jihozlangan. Ularning 30 foizi fizik-kimyoviy usulda, qolgani mexanik usulda tozalaydigan qurilmalari hisoblanadi.

    Joriy yilda 33 ta yirik shaharlarning kommunal oqova tozalash inshootlari ish samaradorligi o'rganildi. Aksariyat oqova suv tozalash inshootlarining ish samaradorligi juda past ekanligi, to'liq quvvat bilan ishlamayotganligi, xatto ayrimlari umuman ishlamayotganligi aniqlandi.

    Ma'lumot uchun: Tozalash inshootlarining 70-80 foizida ish samaradorligi 15-30 foizni tashkil qilmoqda. Qarshi, Jizzax, Guliston, Angren, Olmaliq, Bekobod, Kattaqo'rg'on, Urganch, Xiva, Pitnak va boshqalar umuman ishlamayapti. Natijada daryo, kanal, kollektorlar va suv havzalariga etarli yoki butunlay tozalanmagan oqovalar tashlanmoqda.

    Mutasaddi vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda mavjud oqova suvini tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish va yangilarini barpo etish bo'yicha dasturlar ijrosini o'rganish natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish “Yo'l xarita”lari ishlab chiqildi hamda ijroga qaratildi.

    Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Atrof-muhitga yuqori va o'rta xavfli toifaga mansub yirik sanoat korxonalarida zamonaviy lokal oqova suv tozalash inshootlarini o'rnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo'yicha dastur”ning bajarilishi monitoringi amalga oshirilmoqda. Joriy holatgacha jami 167 ta korxonalarda lokal oqova tozalash inshootlari (LTI) holatini joyiga chiqqan holda o'rganildi. Dasturda belgilangan tadbirlarni bajarmagan korxonalarda “Biznes Ombudsman” bilan kelishilgan holda ekologik nazorat tadbirlarini amalga oshirish choralari ko'rildi.

    Ma'lumot uchun: Andijdon viloyatidagi “Invest davr tekstil`” MCHJ, “Asaka tekstil`” MCHJ, “Bek invest tekstil`” MCHJ va “Nil Granit” MCHJ korxonalari tekshirildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan yozma ko'rsatmalar berildi.

    Vazirlar Mahkamasining tegishli yig'ilish bayoni “Yo'l xaritasi”da belgilangan vazifalarga muvofiq, respublikadagi 1970 dan ortiq avtomobil` yuvish shoxobchalaridan 547 tasida ekologik nazorat tadbirlari o'tkazildi. Ma'lum bo'lishicha, 118 avtomobil` yuvish shaxobchasida suv va suvdan foydalanish bo'yicha qonun talablari buzilgan. 50 dan ortiq shoxobchalar ichimlik suv ta'minoti tizimidan olingan suvdan foydalanib kelayotganligi aniqlangan.