Bugungi kunda ishlab chiqarish jarayonlariga xorijiy emas, mahalliy olimlarimizning joriy etilishi oʻta zarurdir. Hozirda bu masalaga davlatimiz tomonidan alohida eʼtibor berilmoqda, tadqiqotchilar, ekspertlar bu vazifani amalga oshirish uchun keng jalb qilinmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanishvazirligi bu boradagi ishlarni jadallashtirishga bor kuchini sarflamoqda.ilmiy loyihalarga tanlovlar muntazam ravishda eʼlon qilishmoqda, ilmiy loyihalar moliyalashtirmoqda, va eng muhimi mana shu ilmiy tadqiqotlar natijalari tijortalashtirilishi boʻyicha hududlarda ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida” Qonunini 9-moddasida mahalliy davlat hokimiyati organlarining ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatlari belgilab qoʻyilgan. Mazkur Qonunga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz vakolatlari doirasida ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirishda qatnashadi, ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlarni ishlab chiqadi va ularing amalga oshirilishini taʼminlaydi.

Qonunning 20-moddasiga asosan ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar tegishli hudud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish va yangi ilmiy ishlanmalarni joriy etishga qaratilgan ilmiy loyihalardan iborat boʻladi. Ular mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Mazkur Qonunning 36-moddasiga muvofiq ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar doirasida bajariladigan loyihalarni moliyalashtirish mahalliy byudjet mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Qonunning 6-moddasiga asosan ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlarning ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, shuningdek hududlarda ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirish orqali hududiy iqtisodiyot raqobatbardoshligi hamda samaradorligiga erishish, hududlarda ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va resurslarni maqsadli yoʻnaltirish, ilmiy faoliyatga oid hududiy ilmiy dasturlarni ishlab chiqish, asoslantirilgan tashabbus va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, hududlarda ilm-fanga intilish va uning jozibadorlik muhitini shakllantirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, yosh isteʼdod egalarini tayyorlab borish, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligini taʼminlash maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida” Qonunining hududlarda ijrosini taʼminlashning amaliy mexanizmlari ishlab chiqildi hamda tegishli uslubiy koʻrsatmalardan iborat namunaviy nizomlar, shakllar va tavsiyalar tayyorlandi.

Ishlab chiqilgan mazkur namunaviy nizomlar, shakllar va tavsiyalar kelgusida Qonun talablariga muvofiq ishlarni amalga oshirish, xususan ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlar doirasida istiqbolli ilmiy loyihalarni shaklantirish, tanlab olish va moliyalashtirishni tashkil etish uchun barcha viloyat hokimliklariga yuborildi. Taʼkidlash joizki, respublikaning ilm-fan sektori 104 dan ortiq akademik va tarmoq ilmiy muassasalaridan iborat, shu jumladan 65 ta ilmiy-tadqiqot institutlari, 31 ta ilmiy markazlar (shundan 14 ta ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlar) va 8 ta boshqa ilmy tashkilotlar faoliyat koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, 118 ta oliy taʼlim muassasalarida (ularning filiallari bilan birga) ham ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.

Amalga oshirgan tahlillarimiz shuni koʻrsatmoqdaki, mavjud ilmiy salohiyatning asosiy qismi Toshkent shahrida jamlangan. 104 ta ilmiy tashkilotlarning 80,7 foizi (84 ta) Toshkent shahrida, 19,3 foizi (20 ta) viloyatlarda joylashgan. Agar Toshkent viloyatida joylashgan ilmiy tashkilotlarning barchasini asosan Toshkent shahri atrofida joylashganligini eʼtiborga oladigan boʻlsak, ushbu koʻrsatkich 91,3 foizni tashkil etadi. Ilmiy tashkilotlarning poytaxt atorofida markazlashganligi va xududlarda zamonaviy ilmiy laboratoiyalarning mavjud emasligi, hozirda
90 foiz ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari Toshkent shahri va uning atrofida shakllangan boʻlib, mazkur holat xududlarda ilmiy-tadqiqotlar olib borishni chegaralanishiga sabab boʻlmoqda.

Hozirgi kunda 37185 nafar ilmiy xodimlar (oliy taʼlim muassasalaridagi professor-oʻqituvchilar bilan birga) ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan boʻlsa, ularning 16863 nafari yoki 45,3 foizi Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatmoqda. Agar ilmiy tashkilotlarda faoliyat koʻrsatayotgan ilmiy xodimlarning oʻzini tahlil qiladigan boʻlsak, jami 13566 nafar ilmiy xodimlarning 59,4 foizi (8054 nafari) Toshkent shahrida mehnat qilmoqda. 2020-yilda ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilayotgan 1278 ta ilmiy loyihalarning 75,1 foizi yoki 960 tasi Toshkent shahridagi ilmiy tashkilotlar ulushiga toʻgʻri keladi. Qolgan 318 tasi (24,8 %) respublikaning boshqa hududlaridagi ilmiy muassasalar tomonidan bajarilmoqda, shundan: Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 23 ta (1,8 %); Andijon viloyati – 14 ta (1,1 %); Buxoro viloyati – 12 ta (0,9 %); Jizzax viloyati – 5 ta (0,4 %); Navoiy viloyati – 9 ta (0,7 %); Namangan viloyati – 12 ta (0,9 %); Qashqadaryo viloyati – 16 ta (1,2 %); Samarqand viloyati – 51 ta (4,0 %); Sirdaryo viloyati – 1 ta (0,08 %); Surxondaryo viloyati – 6 ta (0,5 %); Toshkent viloyati – 147 ta (11,5 %); Fargʻona viloyati – 10 ta (0,8 %), Xorazm viloyati – 12 ta (0,9 %) tashkil etadi.

Bundan koʻrinib turibdiki, Davlatimiz Rahbari tomonidan ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga mos tarzda ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aniq chora-tadbirlarning belgilanishi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan hududdagi mavjud muammolar yechimiga qaratilgan tayyor ilmiy ishlanmalar va yangi buyurtmalar boʻyicha taqdimotlar oʻtkazilib, ularning natijasiga koʻra ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda 2021-yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan belgilangan shaklda ish rejalari ishlab chiqildi.

Unga koʻra, Oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy tashkilotlar tomonidan 747 ta ilmiy ishlanmalar taqdimoti oʻtkazilib, hududlar tomonidan joriy etishga ehtiyoj boʻlgan moliyalashtirish summasi 117,195 mlrd. soʻmga teng 191 ta ilmiy ishlanma tanlab olingan. Shundan 90,645 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 140 ta ilmiy ishlanmalar mahalliy byudjet tomonidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan va 26,550 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 51 ta ilmiy ishlanmalarni joriy etish uchun mablagʻ talab etiladi. Taqdimoti qilingan 556 ta ilmiy ishlanmalarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan ehtiyoj yoʻqligi maʼlum qilingan.

Hududlar kesimida ushbu koʻrsatkichlar quyidagilarni tashkil etmoqda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi tijoratlashtiriladigan va viloyat muammolari yechimiga qaratilgan olimlar tomonidan taqdimot qilingan jami ilmiy ishlanma soni 82 taga teng. Tijoratlashtirish maqsadida umumiy qiymati 4,870 mlrd. soʻmga teng 20 ta ilmiy ishlanma saralab olindi va mahalliy byudjet tomonidan moliyalashtirish belgilangan.

Andijon viloyatida tijoratlashtiriladigan va viloyat muammolari yechimiga qaratilgan olimlar tomonidan taqdimot qilingan jami ilmiy ishlanmalar soni 43 taga teng. Tijoratlashtirish maqsadida 4,340 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 11 ta ilmiy ishlanmalar saralab olindi va maxalliy byudjet tomonidan moliyalashtirish belgilangan.

Buxoro viloyatida tijoratlashtiriladigan va viloyat muammolari yechimiga qaratilgan olimlar tomonidan taqdimot qilingan jami ilmiy ishlanmalar soni 41 taga teng. Tijoratlashtirish maqsadida 4,250 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 6 ta ilmiy ishlanmalar saralab olindi va mahalliy byudjet xamda tadbirkorlar tomonidan moliyalashtirish belgilangan.

Fargʻona viloyatida tijoratlashtiriladigan va viloyat muammolari yechimiga qaratilgan olimlar tomonidan taqdimot qilingan jami ilmiy ishlanmalar soni 55 taga teng. Tijoratlashtirish maqsadida 13,950 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 19 ta ilmiy ishlanmalar saralab olindi va mahalliy byudjet tomonidan moliyalashtirish belgilangan.

Jizzax viloyatida tijoratlashtiriladigan va viloyat muammolari yechimiga qaratilgan olimlar tomonidan taqdimot qilingan jami ilmiy ishlanmalar soni 43 taga teng. Tijoratlashtirish maqsadida 2,670 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 10 ta ilmiy ishlanmalar saralab olindi. Ushbu ilmiy ishlanmalarning 50% mahalliy byudjet tomonidan moliyalashtirish belgilangan va 50% ga mablagʻ ajratilishi talab etiladi.

Xorazm viloyatida tijoratlashtiriladigan va viloyat muammolari yechimiga qaratilgan olimlar tomonidan taqdimot qilingan jami ilmiy ishlanmalar soni 25 taga teng. Tijoratlashtirish maqsadida 2,100 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 5 ta ilmiy ishlanmalar saralab olindi va mahalliy byudjet tomonidan moliyalashtirish belgilangan.

Namangan viloyatida tijoratlashtiriladigan va viloyat muammolari yechimiga qaratilgan olimlar tomonidan taqdimot qilingan jami ilmiy ishlanmalar soni 29 taga teng. Tijoratlashtirish maqsadida 6,895 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 16 ta ilmiy ishlanmalar saralab olindi va mahalliy byudjet tomonidan moliyalashtirish belgilangan.

Navoiy viloyatida tijoratlashtiriladigan va viloyat muammolari yechimiga qaratilgan olimlar tomonidan taqdimot qilingan jami ilmiy ishlanmalar soni 17 taga teng. Tijoratlashtirish maqsadida 9 ta ilmiy ishlanmalar saralab olindi va mahalliy byudjet tomonidan shartnoma asosida moliyalashtirish belgilangan.

Qashqadaryo viloyatida tijoratlashtiriladigan va viloyat muammolari yechimiga qaratilgan olimlar tomonidan taqdimot qilingan jami ilmiy ishlanma soni 65 taga teng. Tijoratlashtirish maqsadida umumiy qiymati 13,565 mlrd. soʻmga teng 31 ta ilmiy ishlanma saralab olindi. 2,615 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 14 ta ilmiy ishlanma mahalliy byudjet tomonidan moliyalashtirish belgilangan. 10,950 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 17 ta ilmiy ishlanmalarga mablagʻ ajratilishi talab etiladi.

Samarqand viloyatida tijoratlashtiriladigan va viloyat muammolari yechimiga qaratilgan olimlar tomonidan taqdimot qilingan jami ilmiy ishlanma soni 170 taga teng. Tijoratlashtirish maqsadida umumiy qiymati 34,265 mlrd. soʻmga teng 30 ta ilmiy ishlanma saralab olindi. 20,000 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 1 ta ilmiy ishlanma tadbirkor tomonidan moliyalashtirish belgilangan. 14,265 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 29 ta ilmiy ishlanmalarga mablagʻ ajratilishi talab etiladi.

Sirdaryo viloyatida tijoratlashtiriladigan va viloyat muammolari yechimiga qaratilgan olimlar tomonidan taqdimot qilingan jami ilmiy ishlanma soni 12 taga teng .Tijoratlashtirish maqsadida umumiy qiymati 4,340 mlrd. soʻmga teng 5 ta ilmiy ishlanma saralab olindi va maxalliy byudjet xamda tadbirkorlar tomonidan moliyalashtirish belgilangan.

Surxondaryo viloyati tijoratlashtiriladigan va viloyat muammolari yechimiga qaratilgan olimlar tomonidan taqdimot qilingan jami ilmiy ishlanma soni 79 taga teng. Tijoratlashtirish maqsadida umumiy qiymati 17,950 mlrd. soʻmga teng 14 ta ilmiy ishlanma saralab olindi va mahalliy byudjet tomonidan moliyalashtirish belgilangan .

Toshkent viloyatida tijoratlashtiriladigan va viloyat muammolari yechimiga qaratilgan olimlar tomonidan taqdimot qilingan jami ilmiy ishlanma soni 86 taga teng. Tijoratlashtirish maqsadida umumiy qiymati 8,000 mlrd. soʻmga teng 15 ta ilmiy ishlanma saralab olindi. 8,000 mlrd. soʻmga teng boʻlgan 15 ta ilmiy ishlanma viloyatdagi biriktirilgan korxonalar tomonidan moliyalashtirish belgilangan.

Ilm-fan va iqtisodiyot rivoji bir-biriga uzviy bogʻliq jarayonlar. Iqtisodiyot rivojlanishi uchun ishlab chiqarish va boshqaruvga innovatsion yechimlarni joriy etish muhim. Ilm-fan taraqqiyoti orqali ishlab chiqarish hajmi oʻsadi, ijtimoiy muammolar hal boʻladi, investitsion muhit ijobiy tomonga oʻzgaradi. Shu oʻrinda mahalliy hokimiyat vakillarini ilm-fanga hududiy ilmiy loyihalarni qoʻllab quvvatlashga, olimlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtiborlarini qaratishlari zarurdir. Ilm-fan namoyondalarini yurtimiz strategik maqsadlarini amalga oshirish uchun hissasini qoʻshishiga imkon yaratish orqali ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga erishiladi.

Shuhrat Otajonov,

Innovatsion rivojlanish vazirligi

Ilm-fan va ilmiy texnikaviy tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi