Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O'zbekistonda yoshlar bandligiga ko'maklashish qo'shma loyihasi doirasida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kichik va o'rta biznes vakillariga yangi loyihalarni ishga tushirish yoki mavjud bo'lgan loyihalarni kengaytirish uchun qurilmalar topshirish marosimi bo'lib o'tdi.

Tadbirda viloyat hokimligi, Bandlik bosh boshqarmasi boshligi, Savdo-sanoat palatasi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi, “Yoshlar-kelajagimiz” jamg'armasi hududiy boshqarmasi vakillari hamda qurilma oluvchi tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Tadbirkorlarga beg'araz yordam sifatida Qashqadaryoda 42 dona, Surxondaryoda 57 dona ishlab chiqarish qurilmalari va maxsus uskunalar topshirildi. Ushbu tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish natijasida Qashqadaryo viloyatida ayollar va yoshlar uchun 30 ta, Surxondaryoda 36 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi. Har ikki viloyatda jami 59 nafar ayollar va yoshlarga zamonaviy kasb-hunarlarni o'rganishi hamda tadbirkorlik qobiliyatlarini rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.

Saralab olingan tadbirkorlar loyihalari faoliyat turlari qatoridan ayollarni o'qitish uchun o'quv markazini ochish, atelye, go'zallik saloni va nonvoyxona xizmatlarini tashkillashtirish, grafik dizayn studiyasini ochish, reklama xizmatlarini yo'lga qo'yish, kafe va restoranlardan taomlarni etkazish xizmatini tashkillashtirish, pardalarni ishlab chiqarish, milliy kiyim tikuv sexini ochish, yoshlarni o'qitish va ish bilan ta'minlash kabilar joy olgan.

Ma'lumot uchun, Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining "O'zbekistonda yoshlar bandligiga ko'maklashish" qo'shma loyihasi doirasida hamda Yaponiya hukumatining moliyaviy ko'magida mamlakatimizning oltita hududidagi 34 nafar tadbirkorlar (ulardan 21 tasi yoki 61,7 foizi ayollar) umumiy qiymati 1 176 940 669 so'mlik jami 323 dona zamonaviy tikuv va IT asbob-uskuna, mebel va jihozlar bilan ta'minlandi.

Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish natijasida 187 ta yangi ish o'rinlari yaratilishi kutilmoqda, shulardan 132 tasi (70% dan ortig'i) ayollar uchun. 159 ta ayollar va yoshlarga ish topish va daromad olish imkoniyatlarini kengaytirish sharoiti yaratiladi.

Ta'kidlash joizki, tadbirkorlar beg'araz yordam sifatida taqdim etilayotgan qurilmalarni olish uchun maxsus tanlov asosida saralab olinib, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish asoslari, marketing, moliyaviy menejment va ijtimoiy ko'nikmalar bo'yicha to'rt haftalik onlayn o'quv mashg'ulotida o'qitildilar.