2021-yil 21-aprelda “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilingan.

Mazkur qarorga muvofiq:

- hududlarda 200 ta shahar va tumanlarda 805,6 gektar maydonda 219 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” tashkil qilinishi;

- Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida 100 mln dollarlik mablagʻlarga ega boʻlgan “Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” tashkil qilinishi belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-maydagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hamda Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 294-son qarori bilan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hamda Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi.

Bugungi kunga kelib hududlarda 188 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” tashkil etilgan. Mazkur tashkil etilgan “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari”da umumiy qiymati 2,7 trln. soʻmlik 1 787 ta loyiha amalga oshirilmoqda va buning natijasida 37 614 ta ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Mazkur qabul qilingan hujjatlarga muvofiq quyidagi tartiblar oʻrnatilgan:

Birinchidan, Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashkil qilish tartibi oʻrnatilgan. Ushbu tartibga koʻra, PQ-5088-son qarorda keltirilgan 219 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligining qarorlari bilan tashkil qilinadi va chegaralariga oʻzgartirishlar kiritiladi. Yangi hududlarda “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” tashkil qilish Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar kompleksi bilan kelishilgan holda infratuzilma oʻtkazish oson boʻlgan va qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer maydonlarida amalga oshiriladi. “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” faoliyatini boshqarish Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, Yoshlarning tadbirkorlik gʻoyalari asosida biznes-reja ishlab chiqish tartibi oʻrnatilgan. Mazkur tartibga muvofiq, yosh tadbirkorlik subyektlari loyiha biznes-rejasini ishlab chiqish va loyihani amalga oshirish uchun tegishli maslahatlar olish maqsadida Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarmalariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida tashkil qilingan “Loyihalar Fabrikalari”ga murojaat qiladi. Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarmalari va “Loyihalar Fabrikalari” 10 kalendar kuni ichida taqdim etilgan birlamchi loyihaoldi hujjatlari va takliflari asosida bepul tayyor loyiha biznes-rejasini ishlab chiqadi va yosh tashabbuskorga taqdim qiladi.

Uchinchidan, Yosh tadbirkorlarning loyihalari uchun yer ajratish tartibi belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoniga asosan “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” hududidan investitsiya loyihasini amalga oshirishga yer maydoni ajratilishi elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi. Shahar va tumanlarda eng maqbul loyihani tanlab olish va loyihani joylashtirish uchun maʼlum bir yer maydonini ajratilishi belgilangan ishchi guruhning xulosasi yer maydonlarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish uchun asos hisoblanadi.

Toʻrtinchidan, Yosh tadbirkorlarning loyihalari uchun kredit ajratish tartibi belgilangan. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi “Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” mablagʻlari tijorat banklari orqali yoshlarning sanoat va xizmat koʻrsatish yoʻnalishidagi investitsiya loyihalari uchun ajratiladi. Yosh tadbirkor kredit olish maqsadida “Loyihalar fabrikalari” yordamida yoki mustaqil ravishda ishlab chiqilgan biznes-reja va boshqa kredit hujjatlarni tijorat bankining hududiy boʻlinmasiga taqdim qiladi. Tijorat bankining hududiy boʻlinmasi 10 kalendar kuni ichida loyiha hujjatlarini oʻrganib chiqib, kredit ajratish yoki ajratmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunda kredit ajratishda rad etish sabablari yosh tadbirkor uchun aniq bayon etilgan holda yozma ravishda xabar beriladi. Yosh tadbirkor rad etish sabablari sifatida kredit hujjatlarida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan holda tijorat banki hududiy boʻlinmasiga qayta kiritishga haqli. Tijorat banklari tomonidan kredit barcha taʼsischilarining yoshi 30 dan oshmagan yuridik shaxslarga 100 ming dollar ekvivalentidan oshmagan miqdorda mablagʻlarni 7 yilgacha muddat bilan taqdim etiladi.

Bunda, Jamgʻarmadan tijorat banklariga moliyaviy resurslar milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha yillik 10 foiz, xorijiy valyutadagi kreditlar boʻyicha yillik 2 foiz stavkalari bilan taqdim etiladi. Tijorat banklari yosh tadbirkorlarga milliy valyutadagi kreditlarni yillik 14 foiz (oʻz marjasi miqdorini 4% dan oshirmasdan), xorijiy valyutadagi kreditlarni yillik 3 foiz (oʻz marjasi miqdorini 1% dan oshirmasdan) miqdorida 1 yillik imtiyoz davri bilan ajratadi. Tijorat banklari ajratilgan kredit mablagʻlarining maqsadli foydalanilishi va toʻliq qaytarilishini doimiy monitoring qilib boradi. “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” hududida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari uchun tijorat banklari yosh tadbirkorlarga quyidagi kafilliklarni taqdim qiladi:

- Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi kredit summasining 50 foizigacha miqdorida, biroq 500 mln soʻmdan oshmagan miqdorda kafilliklar beradi;

- ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ziyod boʻlgan sugʻurta tashkilotlari kredit summasining 50 foizigacha miqdorida, biroq 500 mln soʻmdan oshmagan miqdorda, yillik 2 foiz stavkasida sugʻurta polisini taqdim etadi.

Bundan tashqari, hammamiz telekanallarimizda namoyish etilayotgan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Fursat” loyihasini roligini koʻrib turibmiz, Ushbu loyiha onlayn-platforma tarzida ishlab turgan boʻlib unda yosh tadbirkorlar biznes-reja ishlab chiqish, elektron auksion orqali yer olish hamda moliyaviy mablagʻ olish boʻyicha oʻz arizalarini taqdim etmoqda. Hozirda, ushbu platforma orqali 551 ta kredit olish uchun, 69 ta elektron auksion orqali yer olish uchun va 374 ta biznes reja ishlab chiqish uchun yuborilgan arizalar koʻrib chiqilib, tegishli tartibda ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga kelib, “Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” tomonidan 33 ta yosh tadbikrkorlarga jami 16,0 mlrd. soʻmlik va 236,8 ming AQSH dollarlik kredit resurslari ajratildi.