Prezident raisligida 3 dekabr kuni ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish borasida oliy ta'lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar oldidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tgan edi.
Unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash hamda Baxmal tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini ilmiy jihatdan o'rganish, istiqbolli sohalar va tarmoqlarning tadqiqot yo'nalishlarini aniqlab olish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bir guruh olimlari, ilmiy tadqiqotchilari hududga tashrif buyurdilar.
Safar davomida Baxmal tumanini kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek, hududning boshqa qiyosiy ustunliklarini inobatga olgan holda rivojlanishga turtki beradigan drayver yo'nalishlar (loyihalar) aniqlab olindi.
Ma'lumotlarga ko'ra, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish jon boshiga Respublikada 1 million 673 ming so'mni, Jizzax viloyatida 2 million 509,9 ming so'mni tashkil qilayotgan bir paytda Baxmal tumanida bu ko'rsatkich bor-yo'g'i 445 ming so'm miqdorida to'g'ri kelayapti. Joriy yilning 1 sentyabr holatiga tumanda 784 ta tadbirkorlik sub'ekti ro'yxatga olingan bo'lsada, biroq ulardan 239 tasi yoki 29,5 foizi amalda faoliyat ko'rsatmayapti. Umumiy natija shuki, ro'yxatdan o'tgan yuridik shaxs maqomiga ega 3 ming 610 ta tadbirkorlik sub'ektidan 1 ming 342 tasi yoki 37 foizi, 2 ming 151 ta jismoniy shaxs maqomidagi tadbirkorlik sub'ektidan 1 ming 445 tasi yoki 67 foizi faoliyat ko'rsatmayapti.
Shundan kelib chiqib, ushbu ko'rsatkichlar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti olimlari hamda tuman Moliya-iqtisodiyot va kambag'allikni qisqartirish bo'limi xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan tahlil qilinib, sanoat, qishloq xo'jaligi, turizm, bandlik va mehnat munosabatlari bo'yicha mavjud muammolar bazasi shakllantirildi. Shuningdek, ishchi guruh tomonidan iqtisod va huquq yo'nalishida “Baxmal tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko'rsatkichlarini ilm-fan yutuqlari va ilmiy tadqiqot natijalari orqali yaxshilash” mavzusidagi uch yilga mo'ljallangan amaliy loyihalar tanlovi bo'yicha takliflar ishlab chiqildi.
Shuningdek, hudud aholisining moliyaviy va biznes yuritish bo'yicha savodxonligini oshirish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga biriktirilgan Baxmal iqtisodiyot va turizm texnikumi bazasida “Biznes kouching” tashkil etgan holda o'quvlar tashkil etish bo'yicha rejalar ishlab chiqildi.
eslatib o'tamiz, 18 sentyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, professor Qo'ng'irotboy Sharipov Jizzax viloyatiga borganida Baxmal tumani hokimi Musa Anorbev bilan uchrashib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, salohiyatli kadrlar bazasini yaratish, amaliyotga innovatsion loyihalarni joriy etishda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining ishtirokini ta'minlash masalalari muhokama qilingan edi. Bundan tashqari, 7 noyabr` kuni Baxmal tumani hokimi 1-o'rinbosari, moliya-iqtisodiyot va kambag'allikni qisqartirish bo'limi boshlig'i Nodir Sharipov rahbarligidagi delegatsiya Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga keldi va kelishuvlar ijrosini ta'minlash maqsadida ishchi tartibida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Ma'lumot uchun, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga biriktirilgan Baxmal iqtisodiyot va turizm texnikumi bazasida ilmiy tadqiqot markazi faoliyati yo'lga qo'yiladi. Shuningdek, bu muassasada mehmonxona tashkil qilinib, ilmiy tadqiqotchilar uchun zarur sharoitlar yaratilib, o'quvchi va talabalarning amaliyot o'tashlari uchun muhit tashkil qilinadi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti axborot xizmati