Huquqiy ta’limda til kompetensiyasini rivojlantirish: Yuridik ingliz tilining ahamiyati

    Ta'lim 12 Iyun 2025 225

    Global integratsiya jarayonlari ortib borayotgan hozirgi zamonda xalqaro huquqiy maydonda faol ishtirok etish har bir huquqshunosdan nafaqat zamonaviy huquqiy bilimlarni, balki xorijiy tillarni, ayniqsa, yuridik ingliz tilini mukammal egallashni talab qilmoqda.

    Yuridik ingliz tili nafaqat xalqaro shartnomalarni tushunish, balki xorijiy hamkorlar bilan samarali muzokaralar olib borish, xalqaro huquqiy adabiyotlardan foydalanish va yirik huquqiy tashkilotlarda faoliyat yuritish uchun ham zarur.

    O‘zbekistonning xalqaro huquqiy maydonda o‘z o‘rnini mustahkamlashi, xorijiy investorlar bilan shartnomalar tuzish va transmilliy huquqiy munosabatlarni tartibga solishda faol ishtirok etishi uchun yuridik ingliz tilini o‘qitishning sifati va samaradorligi alohida e’tiborni talab qiladi. Biroq bugungi kunda bu yo‘nalishda qator tizimli va metodik muammolar mavjud. Quyida ularning asosiylarini ko‘rib chiqamiz.

    1. Resurslarning yetishmasligi

    Hozirgi kunda yuridik ingliz tilini o‘rgatishda foydalanilayotgan darslik va o‘quv qo‘llanmalar, odatda, Buyuk Britaniya yoki AQShning umumiy huquq tizimiga asoslangan. Bu manbalar o‘z kontekstida foydali bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonning fuqarolik huquqiga asoslangan yuridik tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mos kelmaydi. Natijada, talabalarda ushbu materiallarni tushunishda qiyinchiliklar yuzaga keladi va o‘rgangan bilimlarini o‘z milliy huquqiy muhitiga tadbiq etish qiyinlashadi.

    1. Fanning murakkabligi va malakali kadrlar yetishmovchiligi

    Yuridik ingliz tili ikki sohaning — huquqshunoslik va filologiyaning kesishmasida joylashgan murakkab fan sanaladi. Ko‘plab ingliz tili o‘qituvchilari til bo‘yicha yuqori salohiyatga ega bo‘lsa-da, ular yuridik atamalar, huquqiy tushunchalar va hujjatlar tuzilmasini yetarlicha tushunmaydi. Aksincha, huquqshunos professor-o‘qituvchilarning ingliz tili bilimlari ko‘pincha cheklangan bo‘ladi. Bu muvozanatsizlik natijasida, talabalar na aniq huquqiy bilim, na real til ko‘nikmalarini to‘liq egallay oladi. Yuridik ingliz tilini o‘qitishda muvaffaqiyatga erishish uchun bu fan bo‘yicha mutaxassis tayyorlash, ya’ni ingliz tilini mukammal bilgan va yuridik bilimga ega o‘qituvchilarni tayyorlash zarur.

    1. An’anaviy dars uslublari

    Ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida hanuzgacha grammatika va tarjimaga asoslangan yondashuv saqlanib qolgan. Bu uslubda talaba asosan yuridik matnlarni tarjima qilish, murakkab grammatik tuzilmalarni tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Biroq bu mashg‘ulotlar kelajakdagi amaliy huquqiy faoliyatga yetarlicha tayyorlamaydi.

    Bugungi global huquqiy muhitda huquqshunos ingliz tilida shartnomalar tuzishi, sud jarayonlarida ishtirok etishi, yuridik maslahatlar berishi, xalqaro muhokamalarda qatnashishi lozim. Bu esa interaktiv, amaliy yondashuvlar — simulyatsiyalar, debatlar, rol o‘yinlari, huquqiy yozuv mashg‘ulotlarini talab qiladi. An’anaviy dars uslublari esa bu talablarni qamrab ololmayapti.

    1. Amaliy muhitning yetishmasligi

    Yuridik ingliz tilini o‘rganishda nazariy bilim yetarli emas — tilni real huquqiy kontekstda qo‘llash imkoniyatlari bo‘lishi shart. Afsuski, bugungi kunda talabalarda ingliz tilida olib boriladigan sud jarayonlarida ishtirok etish, xalqaro yuridik firmalarda amaliyot o‘tash yoki xorijiy mutaxassislar bilan muloqot qilish imkoniyatlari cheklangan.Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, talabalar ingliz tilidagi yuridik bilimlarni aynan amaliyot davomida tezroq o‘zlashtiradi. Buning uchun esa universitetlarda ingliz tilidagi “moot court” (sud musobaqalari), “legal clinics”, xalqaro seminarlar va o‘quv almashinuvi dasturlari keng yo‘lga qo‘yilishi kerak.

    Muammolardan yechim sari: TDYUning yondashuvi

    Yuridik ingliz tilini o‘qitish nafaqat umumiy til bilimini, balki soha terminologiyasini, huquqiy fikrlashni va muloqot madaniyatini shakllantirishni talab qiladi. Yuqorida keltirib o‘tilgan muammolar Toshkent davlat yuridik universitetida quyidagicha bosqichma bosqich hal etilmoqda.

    1. Darajali (levelled) o‘qitish tizimi

    Talabalarning ingliz tili darajasi bir xil emasligini inobatga olgan holda, universitet darajali o‘qitish tizimini joriy etgan. Boshlang‘ich darajadagi talabalar uchun umumiy til ko‘nikmalari shakllantirilsa, o‘rta va yuqori bosqichdagilar uchun huquqiy matnlar, xalqaro shartnomalar tahlili, muzokaralar va advokatura amaliyotlari asosida mashg‘ulotlar olib boriladi. Bu esa har bir talabaga o‘z salohiyatiga mos tarzda rivojlanish imkonini yaratmoqda.

    1. TOLES imtihonining joriy etilishi

    TDYU O‘zbekiston ta’lim tizimida birinchilardan bo‘lib xalqaro e’tirof etilgan TOLES (Test of Legal English Skills) imtihonini ta’lim jarayoniga integratsiya qildi. Ushbu imtihon talabalarni yuridik ingliz tilidagi yozma va og‘zaki muloqotga, real shartnomaviy hujjatlar bilan ishlashga, yuridik terminologiyadan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatadi. TOLES imtihoniga tayyorgarlik jarayonida talabalar zamonaviy va amaliy huquqiy vaziyatlarni tahlil etishadi.

    1. Xalqaro mutaxassislarni jalb qilish

    Ta’lim sifatini oshirishda xorijiy tajriba muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli, TDYU muntazam ravishda Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Yaponiya kabi mamlakatlardan professorlar, huquqshunoslar va ekspertlarni dars mashg‘ulotlari, seminarlar va qisqa muddatli kurslarga taklif etadi. Ushbu mutaxassislar bilan ishlash talabalarga xalqaro huquqiy muhitni amalda his etish, loyihalar ustida ishlash tajribasini orttirishga xizmat qilmoqda.

    1. Akademik almashinuvlar

    TDYU xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan keng hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Talaba va o‘qituvchilar almashinuv dasturlari orqali chet elda tajriba orttirish, ingliz tilidagi ta’lim tizimlarini o‘rganish, huquqiy madaniyat va kasbiy etika borasida bilimlarini boyitish imkoniga ega bo‘lishmoqda. Bu esa talabalarning tilni faqat nazariy emas, balki amaliy jihatdan ham puxta egallashiga xizmat qilmoqda.

    Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, global huquqiy maydonda raqobatbardosh mutaxassis tayyorlash uchun xorijiy til, ayniqsa yuridik ingliz tilini mukammal o‘zlashtirish zarur. Ammo resurslarning yetishmasligi, malakali kadrlar taqchilligi, an’anaviy uslublarning ustunligi va amaliy muhitning cheklanganligi bu yo‘nalishda to‘siq bo‘lib qolmoqda. Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan darajali o‘qitish, TOLES imtihoni, xalqaro mutaxassislarni jalb etish va almashinuv dasturlari ushbu muammolarga samarali yechim bo‘lib xizmat qilmoqda. Kelajakda yuridik ingliz tilini o‘qitishda integrativ va amaliy yondashuvlar yanada kengaytirilishi lozim.

    Toshmatov Oybek,

    TDYU Xorijiy tillar kafedrasi mudiri

    p.f.f.d. (PhD), Dotsent