“Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi 87,0 mln dollarga sotildi

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasining 100 foiz davlat ulushi 87,0 mln dollarga “Abu Dhabi Uzbek Investment” MCHJ QKga sotilganini maʼlum qildi.

    Sotuv jarayonida Amerika, Osiyo, Yevropa va Oʻzbekistondagi investorlardan sotib olish boʻyicha qiziqish toʻgʻrisda 5 ta arizalari (Express of Interest) kelib tushdi.

    Saralash natijalariga koʻra, 3 ta investor majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni qabul qilishning yakuniy bosqichida ishtirok etdi va ularga xalqaro konsultant tomonidan tayyorlangan mehmonxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil hisobotlari joylangan virtual maʼlumotlar xonasiga kirish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, barcha talabgorlarga mehmonxonaning boshqaruv organi bilan uchrashuvlar tashkil etildi hamda mehmonxona bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

    Shunga koʻra, kelib tushgan Majburiyatga ega boʻlgan takliflarni belgilangan malaka mezonlariga muvofiqligi, mintaqadagi ish faoliyati, Bitimni yopish shartlari va Mehmoxonaning baholangan qiymatidan yuqoriligi boʻyicha eng yaxshi xarid qiymatini taqdim etgan “Abu Dhabi Uzbek Investment” MCHJ QK xalqaro tender natijalari boʻyicha gʻolib deb topildi.

    “Abu Dhabi Uzbek Investment” MCHJ QKning taklifi xalqaro konsultant tomonidan hisoblangan mehmonxonaning indikativ narxlar oraligʻining yuqori qismida joylashgan hamda mehmonxonaning baholangan qiymatidan ancha yuqori boʻlib, Bitim talabgor tomonidan sotib olish toʻloviga qoʻshimcha ravishda Mehmonxonani rivojlantirish uchun 12 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish majburiyati bilan birga toʻlovni toʻliq bir yoʻla toʻlash orqali amalga oshiriladi.

    Taʼkidlash joizki, Oldi-sotdi shartnomasi Bitimning tegishli shartlari kelishilganidan soʻng, “Poytaxt qurilish va xizmat” MCHJ va “Hyatt International” oʻrtasida 2013-yilda tuzilan shartnomaga muvofiq Hyatt International Limited (Europe Africa Middle East) xalqaro mehmonxona boshqaruvi tarmogʻi tomonidan gʻolib maʼqullangandan keyin imzolanadi.

    Maʼlumot uchun: “Abu Dhabi Uzbek Investment” (BAA-Oʻzbekison) 1 milliard AQSH dollariga teng kapitalga ega boʻlgan investitsiya kompaniyasi boʻlib, uning maqsadi Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga hissa qoʻshadigan loyihalarga sarmoya kiritishdir. Kompaniya hozirgacha Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga 100 million AQSH dollardan ortiq sarmoya kiritgan. Ushbu investitsiya kompaniyasi portfeli 300 million AQSH dollardan ortiq loyihalarni oʻz ichiga oladi, ularning yakuniy maqsadi yaqin yillarda 1 milliard dollardan ortiq investitsiyalarni jalb etishdir. Kompaniya Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (UFRD) hamda BAAning Abu-Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi (ADFD) tomonidan tashkil etilgan.

    Besh yulduzli “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi 2016-yilda Toshkent markazida faoliyat boshlagan va Oʻzbekistondagi xalqaro Hyatt brendining birinchi mehmonxonasiga aylangan. Umumiy yer maydoni - 3,1 ga, bino va inshootlar qurilish osti maydoni - 60,1 ming kv.metrni tashkil etadi. Mehmonxona 8 qavatdan iborat, mehmonlar uchun 300 ta xonalar, jumladan 248 standart va 52 lyuks/polulyuks xonalar mavjud. Mehmonxona hududida xalqaro sifat standartlariga muvofiq jihozlangan turli sigʻimdagi bir nechta konferensiya zallari, shuningdek, 850 kv.m maydonga ega banket zali, yopiq basseyn va SPA markazi mavjud.