Kamina Toshkent viloyatidagi hududiy gazetalar bosh muharrirlari hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hududiy boʻlinmalari rahbarlari bilan birgalikda Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishidan bir muddat avval bu qutlugʻ dargoh bilan tanishish baxtiga muyassar boʻlgan edim.
Dunyoda andozasi boʻlmagan
markaz azim poytaxtimizning koʻrkiga koʻrk qoʻshib turibdi, oʻz navbatida, vatanimiz
tarixini oʻzida ifoda etish barobarida shonli oʻtmishimizning bir boʻlagiga ham
aylanib ulgurmoqda. Mana shunday tarixiy jarayonlar ishtirokchisi boʻlayotganimiz
bizga gʻurur bilan birga masʼuliyat ham yuklaydi, albatta.
Muhtasham
majmua
Tilimizda “muhtasham”
degan soʻz bor. Oʻzbek tilining izohli lugʻatida bu soʻzga “hashamat bilan ishlangan”,
“hashamat berilgan”, “ulugʻvor”, “serhasham” kabi izohlar berilgan. Islom sivilizatsiyasi
markazi, darhaqiqat, muhtasham ilmiy-tarixiy majmua boʻlgan. Aslida, koʻhna va muhtasham
tariximiz shunga munosib.
Markazning
eksponatlar boʻlimi toʻrt qismdan iborat. Ularda oʻlkamizdagi antik davr,
Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish davrlari hamda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish
jarayonlari oʻz ifodasini topgan. Yurtimiz tamaddunlar, ulugʻ shaxslar va
buyuk kashfiyotlar yurti ekanini darslik va tarixiy-badiiy kitoblarda
oʻqiganmiz, albatta. Biroq bu ulugʻlikni koʻz oldimizda gavdalantirish uchun
tasavvurimiz, tan olaylik, bir qadar ojizlik qilib qolardi.
Bir misol.
Moʻgʻullar istilosiga qadar hozirgi Nurafshon, Ohangaron va Olmaliq hududlarida
Iloq davlati, uning poytaxti sifatida Nuket — hozirgi Nurafshon shahri
gullab-yashnagan, savdo-sotiq, iqtisodiyot va madaniy hayot rivojlangan.
Nurafshon shahridagi Ulkan Toʻytepa arxeologik yodgorligidan topilgan va
Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida saqlanayotgan ossuariy ham buni tasdiqlaydi.
Olmaliqlik hurmatli professorimiz Abdurashid
Hasanov tomonidan tayyorlangan eksponatlarda bundan ming-ming yillar muqaddam
Oʻzbekistonda, aynan Toshkent viloyatida togʻ-kon sanoati juda yaxshi
rivojlanganini koʻrish mumkin. Ibtidoiy jamoalar davrida baʼzi oʻlkalarda
odamlar qayroqtosh yordamida olov yoqib, hayvon terisini oshlab-oshlamay, unga
oʻranib yurgan bir vaqtda zukko ajdodlarimiz oʻz dastgohlarida olovni oʻynatib,
yer osti qazilmalariga ishlov bergan va bu orqali konchilik sanoati hamda uni
qayta ishlash texnologiyalarini yaratgan.
Albatta,
faxrlanadi, faxrlanish orqali quvonadi kishi.
Tarix
va talqin
Oʻzbekiston —
tamaddunlar tutashgan tarixiy nuqta. Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish davri va bu
davrlarda yaratilgan kashfiyotlar haqida soʻzning oʻzi ortiqcha. Biroq bir alam
koʻksimni boʻridek tirnar edi.
Gap shundaki,
2013-yilda Germaniya kinoijodkorlari tasvirga olgan “Tabib: Ibn Sino shogirdi”
filmini yaqinda tomosha qildim. Bu filmda buxorolik qomusiy alloma va ulugʻ
hakim Abu Ali ibn Sino hayotining soʻnggi yillari badiiy tasvirga olinadi. Ammo
shu orqali Markaziy Osiyo tarixiga tahdid qilinadi, faktlar notoʻgʻri
koʻrsatiladi, saljuqiylar bosqinchi sifatida namoyish etiladi va oʻtib
tushgani, Ibn Sino xudkush sifatida talqin qilinadi. Bundan-da koʻproq alam
qiladigani esa Ibn Sinoni tibbiyotdagi muvaffaqiyatlari sari germaniyalik
shogirdi Rob Koul ruhlantirgani edi. “Vikipediya”da Rob Koul XIX asrda
yashaganini koʻr ham oʻqiy oladi! Ustiga ustak, bu filmda “Tib qonunlari”
haqida lom-mim deyilmagan.
Tabiatan
kurashuvchan, mard va zukko boʻlgan Ibn Sino ojiz odam sifatida
gavdalantirilgan. Hatto film ijodkorlari hakimning vafotini ham
soxtalashtirgan. Bu nafaqat tarixga tahdid, Ibn Sino shaxsiga hurmatsizlik
hamdir! Qolaversa, dunyo tibbiyoti otasi Isfahonda vafot etmagan-ku. Shayx
ur-rais oʻz joniga qasd qilib, xudkush ham boʻlmagan! Xastalik oqibatida safar
chogʻi qazo qiladi va Hamadonga dafn qilinadi.
Toʻgʻri, rejissyor
Filipp Shtyolsl filmida ssenariy ishi, rejissyor ishi, operatorlik ishi, aktyorlar
mahorati, hammasi ham chakkimas. Ammo tarixiy haqiqat-chi? Mantiq-chi? Ochigʻi,
hafsalam pir boʻldi. “Oʻrtoq “Oʻzbekfilm”, xalqing kutar soʻz”, degan xalqchil
shoirimiz Muhammad Yusufning satrlarini esladim.
Allomalarimiz
toʻgʻrisida milliy badiiy asarlarimiz, milliy kinolarimiz, milliy ilmiy
tadqiqotlarimiz faqat oʻzimiz yo chora-tadbirlarda belgilangani uchun emas,
vijdonan yaratilishi kerak. Bu asarlar jahon hamjamiyati saviyasi va darajasida
boʻlmas ekan, tariximiz toʻgʻrisida ular toʻqigan choʻpchaklarni eshitib
oʻtirishga majbur boʻlib qolamiz. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari tomonidan
Kinematografiya agentligiga berilayotgan imkoniyatlar, koʻrsatilayotgan
gʻamxoʻrliklar beiz va bejiz ketmasligiga umid qilib qolaman. Zero, Islom
sivilizatsiyasi markazi koʻhna tariximizni shoda-shoda marjon kabi koʻz
oldimizda yaqqol koʻrsatib turibdi.
Koʻhna
moziy shodasi
Yana bir fikrni
aytib oʻtishni burchim deb hisoblayman. Yaʼni markazdagi deyarli barcha
eksponatlar haqiqiy. Dunyoning turli nuqtalariga tarqalib ketgan noyob
durdonalar ham vatanimizga qaytarilmoqda.
Bu muazzam maskan
bilan tanishish asnosida Oʻzbekistonda islom tamadduniga oid boy ilmiy va
maʼnaviy merosni tiklashga qaratilgan muhim loyihalar amalga oshirilayotganidan
voqif boʻldik. Shunday loyihalardan birida jahon islom sanʼati tarixida benazir
namuna sifatida tan olingan asar — Umar Aqtaʼ tomonidan XIV-XV asrlarda Amir
Temur buyurtmasiga binoan yaratilgan ulkan Qurʼon qoʻlyozmasining nusxasidir.
Buni shunchaki kalligrafiya deb boʻlmaydi.
Rivoyatlarga
koʻra, Amir Temur oʻz saroyi uchun shunday Qurʼon yaratilishini istaganki, u
oʻqilganda odamlar hayratdan jim boʻlib qolsin. Dastlab Umar Aqtaʼ unga uzuk
koʻziga joylashadigan darajada kichik musʼhaf hadya qiladi. Ammo Sohibqiron
bundan mamnun boʻlmagan va “Qurʼoni
karimni bu qadar kichraytirish Allohning kalomiga munosib emas”, deya fikr
bildirgan. Shundan soʻng Umar Aqtaʼ oʻsha zamon uchun mislsiz hajmga ega
musʼhaf bitishga kirishgan. Bu ish nafaqat ruhiy, balki jismoniy jihatdan ham
ulkan mehnat talab qilgan. Tokay XXI asrning ilk yillarigacha bu qoʻlyozma
dunyodagi eng yirik Qurʼon kitobi, deya eʼtirof etilgan.
Mazkur Qurʼonning
har bir sahifasi 1,25 x 2,25 metr hajmda. Bunday ulkan sahifalarni oddiy odam
koʻtara olmagan — ular maxsus aravalarda Temur saroyiga olib kirilgan. Shunga
koʻra, baʼzi tadqiqotchilar ushbu musʼhafni “elephantine Qurʼan” (“fildek ulkan
Qurʼon”) deb atagan.
Afsuski, ushbu
qoʻlyozmaning toʻliq nusxasi saqlanmagan. Ammo uning bir qancha sahifalari
dunyo muzeylarida, yirik kolleksiyalarda saqlab kelinmoqda. London, Nyu-York,
Vashington va Torontodagi muzey va galereyalardagi musʼhaf shular jumlasidan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Londondagi nufuzli “Sothebyʼs” savdo uyi
tomonidan oʻtkazilgan auksionda ushbu noyob Qurʼon qoʻlyozmasining sahifasi
sotib olindi va Oʻzbekistonga olib kelindi. Hozirgi kunda yurtimizdagi Islom
sivilizatsiyasi markazida saqlanmoqda.
Gʻurur
va masʼuliyat
Markazda
akademiya, kutubxona, arxiv va qoʻlyozmalar fondi tashkil etilgani ayni muddao
boʻlgani eʼtirof etilmoqda. Ularda bugungi Oʻzbekiston zaminidan yetishib
chiqqan buyuk mutafakkirlar va ulamolar tomonidan asos solingan ilmiy va diniy
maktablarga doir mamlakatimiz va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozma
va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori
atiqalar, shu yoʻnalishdagi zamonaviy ilmiy tadqiqot ishlari, video va
fotohujjatlar jamlangan.
Ilk marta rasmiy
manbalarda 2017-yilning sentyabr oyida Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasiga
tutash hududda Islom sivilizasiyasi markazi barpo etilishi toʻgʻrisida
xabarlar tarqalgan edi. Oradan oʻn yilga yaqin vaqt oʻtib, reja va loyihalar
bugun koʻz oldimizda qad rostlab turibdi. Bu markazning qurilish jarayonlari
haqida shu yerda quruvchi, yuk mashinasi haydovchisi sifatida xizmat qilgan
yaqin birodarlarimdan eshitgan edim. Ammo yuz marta eshitgandan bir marta
koʻrgan afzal deb bekorga aytilmas ekan.
Islom
sivilizatsiyasi markazi bilan tanishish orqali bu tarixiy-ilmiy maskan yangi
Oʻzbekiston meʼmorchiligining betakror va bebaho durdonasi boʻlganini eʼtirof
etamiz, gʻurur va masʼuliyat hissini tuyamiz. Bunga imkon va sharoit yaratgani
uchun barchaga tashakkur!
Otabek ISROILOV,
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi