Barcha ijtimoiy dasturlarda bu masalaga alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda. Oxirgi besh yilda mazkur sohaga 10 trillion so‘m yoki oldingi yillarga nisbatan 5 baravar ko‘p mablag‘ ajratildi. Bu davrda 6 million 500 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Jumladan, o‘tgan yili 474 ta suv inshooti qurilib, 6 ming 300 kilometrga yaqin tarmoqlar tortilgan. 592 ta mahallada 2 milliondan ziyod aholining suv ta’minoti yaxshilangan.
Lekin, hali bu masalada qiynalayotgan mahallalar ko‘p. Jumladan, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ichimlik suvi ta’minoti 60 foizdan kam. G‘uzor, Dehqonobod, Koson, Sherobod, Angor, G‘allaorol va Xatirchi tumanlarida bu ko‘rsatkich 30 foizga ham yetmaydi.
Shu bois, kelgusi besh yilda bu sohaga 40 trillion so‘m investitsiya jalb qilib, ichimlik suvi ta’minotini 90 foiz, oqova suv qamrovini 35 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Joriy yilda bu maqsadlar uchun budjetdan 2 trillion so‘m ajratiladi, 245 million dollar jalb etiladi.
Davlatimiz rahbari asosiy e’tibor suv ta’minoti va sifati past hududlarga qaratilishini ta’kidladi.
Xususan, 1 ming 545 ta mahallada markazlashgan suv tarmog‘i yo‘q. Mutasaddilarga ulardagi imkoniyatlarni o‘rganib, uch xil yo‘nalishda ishni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Avvalo, infratuzilmaga yaqin mahallalarga markazlashgan tarmoq tortiladi. Ikkinchidan, yerosti suvi yaqin va toza bo‘lgan joylarda quduq qazilib, suv inshooti quriladi. Uchinchi yo‘nalishga ko‘ra, quduq qazish va quvur tortish imkoni bo‘lmagan qishloqlarda katta sig‘imli hovuz barpo etilib, suv tashib keltiriladi.
Bu ishlarga xususiy sektorni jalb qilish choralari ham belgilandi. Qayd etilganidek, suv inshootlari qurish, maxsus transport va uskunalar xarid qilish uchun kredit foizining 14 foizidan yuqori qismiga subsidiya beriladi. Import qilinadigan uskunalar va texnikalarga bojxona bojlari bekor qilinadi. Xususiy sektor ishtirokidagi suv ta’minoti korxonalariga foyda, yer, mulk va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz bo‘ladi. Mahallalarda xususiy suv ta’minoti xizmatlari uchun to‘lovlar miqdori mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Shulardan kelib chiqib, ijtimoiy buyurtma va xususiy sheriklarni tanlash hamda moliyalashtirish tartibini soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Ichimlik suvi ta’minoti ko‘rsatkichi respublika bo‘yicha eng past – 43 foiz bo‘lgan Qashqadaryo viloyati bo‘yicha alohida dastur qabul qilish vazifasi qo‘yildi.
Kelgusi ikki yilda 2 mingta bog‘cha, maktab va tibbiyot muassasalarini ichimlik suvi bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlanib, buning moliyaviy manbalari belgilandi.
Ma’lumki, bu sohadagi loyihalar, asosan, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatining injiniring kompaniyalari tomonidan ishlab chiqiladi. Endi bunday ishlarni jadallashtirish uchun jamiyatning hududlardagi injiniring kompaniyalari viloyat hokimliklari tasarrufiga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, pudratchilarni aniqlash va moliyalashtirishni ochish ham viloyatning o‘zida bo‘ladi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati loyihalarga texnik talablarni belgilaydi, ekspertizadan o‘tkazadi hamda ekspluatatsiyasiga mas’ul bo‘ladi.
Yig‘ilishda daryolar va yerosti suvlarini asrash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda 8 mingta suv qudug‘idan 1 ming 500 tasi yaroqsiz holatga kelgan. Oqibatda qariyb 800 ta mahalladagi 2 million aholining suv ta’minoti yomonlashgan. Zomin, Nurota va Qo‘shrabot konlarida quduqlar qazish, Zarafshon va Chirchiq daryolari o‘zanidan qum-shag‘al olish nazoratsiz, pala-partish bo‘lgani sababli bu hududlarda yerosti chuchuk suvlari zaxiralari 30 metrgacha pasaygan.
Shu bois, bundan buyon suv quduqlarini aniqlash va burg‘ilash ishlari faqat Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Mutasaddi idoralarga quduqlarni xatlovdan o‘tkazish, daryo bo‘ylarini qattiq tartibga olish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Tumanlarda ekspluatatsiya tizimini yaxshilash ham dolzarb masala. Ko‘p tumanlarda buning uchun zarur birorta texnika yo‘q.
Shu bois, tuman suv ta’minoti tashkilotlarining imkoniyatini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Unga ko‘ra, bu sohada pullik xizmat turlarini belgilash vakolati va ular bo‘yicha tushumlar to‘liq tuman suv ta’minoti tashkilotlariga o‘tkaziladi. Ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash, avariya holatlarini bartaraf etish hamda maxsus texnika xaridi uchun tuman va shahar budjetlaridan mahalliy “Suvta’minot” korxonasiga mablag‘ ajratish tizimi joriy etiladi.
Buxoro, Jizzax, Guliston, Shirin, Yangiyer kabi 28 ta yirik va o‘rta shaharda kanalizatsiya tarmog‘i qamrovini kengaytirish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarida lokal oqova-tozalash inshootlarini qurish zarurligi aytildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari, hokimlar so‘zga chiqdi.