Qayd etilganidek, mazkur Qonun O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ichki ishlar organlari faoliyatiga oid Farmonlari va qarorlari ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun bilan O'zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to'g'risida”gi, “Ichki ishlar organlari to'g'risida”gi va “Ma'muriy qamoqni o'tash tartibi to'g'risida”gi qonunlariga hamda Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish nazarda tutiladi.

Xususan, Qonun bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi ichki ishlar vazirining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalarining, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining boshliqlari, ularning o'rinbosarlari har chorakda tegishincha Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesiga, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga hisobotlar taqdim etishi tartibi joriy qilinmoqda.

Shu bilan birga tuman, shahar ichki ishlar bo'linmalarining boshliqlari – har chorakda va ularning o'rinbosarlari – har oyda, mahalla huquq-tartibot punktlarining profilaktika katta inspektorlari – har olti oyda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga hisobotlar taqdim etishi tartibi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, “Ichki ishlar organlari to'g'risida”gi Qonunga ichki ishlar organlari tizimida faoliyat yuritayotgan mahalla huquq-tartibot punktlarining huquqiy maqomi va asosiy vazifalarini belgilashga qaratilgan qo'shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, qonunga mahalla huquq-tartibot maskani to'g'risidagi norma kiritilib, bunda mahalla huquq-tartibot punktlari jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot organlari hamda jamoat tuzilmalarining mahallalar kesimida hamkorlikda ishlashini tashkil etish bo'yicha ichki ishlar organlarining tarkibiy tuzilmasi hisoblanishi belgilanmoqda.

Mazkur Qonun ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi, shuningdek ularning faoliyatini xalq vakillari tomonidan nazorat qilib borish uchun mustahkam huquqiy asos yaratib, ichki ishlar organlarining xalq vakillari oldidagi mas'uliyatini oshirishga va ularning o'zaro foydali hamkorligini kengaytirishga, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligi sohasida ko'rilayotgan choralar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi, deb xabar beradi  Oliy Majlis Senati axborot xizmati.