O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 11 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida shaxsga doir ma’lumotlarni himoyalash faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–45-son Farmoni ijrosini ta’minlash hamda migratsiya
va personallashtirish sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali aholiga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish hamda sohada raqamlashtirish jarayonlarini izchil davom ettirish maqsadida qaror qilaman:
I. Ustuvor yo‘nalishlar
1. Quyidagilar migratsiya va personallashtirish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
a) ichki ishlar organlari migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarini bosqichma-bosqich tezkorlik va shaffoflik tamoyillari asosida aholiga yanada qulay va sifatli xizmat ko‘rsatuvchi “servis bo‘linmalar”ga aylantirish;
b) migratsiya va personallashtirish sohasida respublika – viloyat – tuman (shahar) bo‘linmalar faoliyatini tashkil etishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish va ular samaradorligini oshirish;
v) migratsiya va personallashtirish sohasida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini raqamlashtirish;
g) shaxsga doir ma’lumotlarning to‘g‘riligi va ishonchliligini ta’minlash;
d) sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali mavjud axborot tizimlarida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash.
II. Tashkiliy chora-tadbirlar
2. Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti (keyingi o‘rinlarda – Departament) to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
b) Ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, 2026 yil 1 maydan boshlab eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bittadan tuman (shahar) ichki ishlar organlari migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan, sun’iy intellekt asosida faoliyat yuritadigan “Aqlli” migratsiya shoxobchalari (Smart migration stations) tashkil etilsin. Bunda:
a) dastlabki bosqichda “Aqlli” migratsiya shoxobchalarida 3-ilovada keltirilgan davlat xizmatlari ko‘rsatiladi;
b) Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘ziga o‘zi ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari kengaytirib boriladi.
4. Ichki ishlar vazirligi (A.A.Tashpulatov) 2027 yil 1 mayga qadar eksperiment natijasidan kelib chiqib, “Aqlli” migratsiya shoxobchalarini respublikaning boshqa hududlarida, shuningdek, savdo va ko‘ngilochar markazlar, turistik hududlarda ham tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
III. Aholiga qulayliklar yaratish
5. Ichki ishlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Soliq qo‘mitasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining quyidagi takliflari ma’qullansin:
a) 2026 yil 1 maydan boshlab Departament va uning hududiy boshqarmalariga O‘zbekistonga elektron kirish vizasi asosida kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning elektron vizalarining amal qilish muddatini bir marotaba 30 kungacha uzaytirish huquqini berish;
b) chet el fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomani rasmiylashtirish vakolatini Departament va uning hududiy boshqarmalariga ham berish;
v) hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga chet el fuqarolari ta’lim olayotgan muassasalar yoki mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan korxona va tashkilotlarda viza muddatini uzaytirish, turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun korxona, muassasa va tashkilotlar mablag‘lari hisobidan shartnoma asosida migratsiya bo‘linmasiga shahodatlanganqo‘shimcha shtat birliklarini kiritish huquqini berish;
g) 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab talabalar yotoqxonasiga joylashish bo‘yicha shartnoma tuzish bilan bir vaqtda talabalarni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning kompozit tartibini joriy etish;
d) 2026 yil 1 fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga identifikasiyalovchi ID kartalar birinchi marotaba rasmiylashtirilganda uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo sertifikatini bepul berish hamda fuqaroni “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash yagona axborot tizimida avtomatik tarzda bepul ro‘yxatdan o‘tkazish.
IV. Migratsiya va personallashtirish sohasini raqamlashtirish
6. Departament jismoniy shaxslarning quyidagi markaziy ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va doimiy yangilab borish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi:
a) chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganmanzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
b) identifikasiyalovchi ID karta seriyasi, raqami, berilgan joyi hamda berilgan sanasi va tugash sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
v) O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
g) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
d) O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar haqidagi, shuningdek, ularning viza muddati uzaytirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
7. Ichki ishlar vazirligi (A.A.Tashpulatov) 2026 yil 1 avgustga qadar sun’iy intellekt texnologiyalari asosida:
a) migratsiya va personallashtirish sohasiga oid elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish, onlayn huquqiy maslahat berish, yuklamasi kam bo‘lgan migratsiya bo‘linmalari haqida ma’lumot olish imkonini beruvchi “Pasport-viza” avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasining “Passport-visa” mobil ilovaсини ishlab chiqsin.
Bunda mazkur mobil ilova orqali ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan migratsiya va personallashtirish sohasiga oid elektron davlat xizmatlari dastlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yo‘lga qo‘yiladi;
b) chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan O‘zbekistonda bo‘lish qoidalariga rioya etilishini “Xavfsiz shahar” tizimi orqali aniqlash va monitoring qilish imkoniyatini yaratsin;
v) migratsiya va personallashtirish sohasida boshqa shaxsning roziligi talab etiladigan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ularning shaxsini “Pasport-viza” avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasining “Face-ID” moduli orqali masofadan turib aniqlash va roziligini olish imkonini beruvchi “E-Rozilik” platformasini ishga tushirsin.
8. Belgilansinki, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagi davlat xizmatlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi:
a) xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilish;
b) fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning biometrik harakatlanish hujjatlarini rasmiylashtirish uchun ariza yuborish;
v) mulkdor yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining murojaati asosida uning turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligini bekor qilish uchun ariza yuborish.
9. Ichki ishlar vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026 yil yakuniga qadar shaxsga doir ma’lumotlar doimiy yangilanishi va xavfsizligini ta’minlash, davlat xizmatlari sonini oshirish hamda takrorlanuvchi ma’lumotlarni birlashtirish orqali axborot resurslaridan foydalanish qulayligini oshirish maqsadida Personallashtirish markazining ma’lumotlar bazalari va dasturiy ta’minotlarini Ichki ishlar vazirligining “Pasport-viza” avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasiga birlashtirsin. Bunda:
a) shaxsga doir ma’lumotlar jamlangan “Yagona raqamli migratsiya” platformasi yaratiladi (Digital migration platform);
b) “Pasport-viza” avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasini takomillashtirish, qo‘llab-quvvatlash, Departament va uning quyi tizimlari uchun server, kompyuter va boshqa qurilmalarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar Ichki ishlar vazirligi hamda Personallashtirish markazining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
10. Ichki ishlar vazirligi (Z.K.Kurbanov) Departamentning axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish hamda texnik qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, barcha axborot tizimlari, dasturiy ta’minotlar va ma’lumotlar bazalarida axborot xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rsin.
11. Ichki ishlar vazirligi (A.A.Tashpulatov) uch oy muddatda:
a) migratsiya va personallashtirish bo‘linmalariga chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekistonda noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullangani uchun ma’muriy chora ko‘rish vakolatini berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin;
b) qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A.Tashpulatov belgilansin.
14. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament boshlig‘i D.B.Kadirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2026-yil 19-yanvar