— Terimiz himoya qatlamimiz bilan birgalikda chiroyimiz hamdir. Uning sogʻlom, koʻrkam nur sochishi uchun qanday taomlanish zarur? Aksincha, qanday amallarimiz terimiz goʻzalligiga raxna soladi?
— Terining goʻzalligi ovqatlanish ratsioni bilan bogʻliq. Ilmiy izlanishlar natijasida shu narsa fanga aniq boʻldiki, inson qanchalik toʻgʻri va sogʻlom ovqatlansa, nafaqat sogʻligʻi yaxshilanadi, balki terisi ham kun sayin chiroy ochadi. Organizm birinchi navbatda oqsil va vitaminlarga toʻyingan boʻlishi zarur. Albatta mikro yelementlarning ham teri sogʻlom nur sochishida oʻz oʻrni bor. Yod, selen, magniy, sink, mis, kalsiy, kaliy ham meʼyorida boʻlishi shart.
Muntazam fast-fud isteʼmol qilish, yogʻli ovqatlar meʼyorini bilmaslik, shirinliklarni pala-partish yeyishlik oshqozon-ichak tizimi faoliyati buzilishiga olib keladi. Oziq moddalarning yomon soʻrilishi ovqat hazm boʻlishini sekinlashtiradi yoki aksincha. Mana shu buzilishlarning barchasi terining tashqi koʻrinishi salbiy holga kelishiga sabab boʻladi. Shuning uchun dermatologlar bevosita gastroyenterologlar bilan birgalikda hamkorlikda ishlaydi.
— Homiladorlikning oxirgi uch oyligida terida qichishish, achishish va mayda toshmalar kuzatiladi. Ayting-chi, homiladorlik teridagi asoratlarsiz oʻtishi uchun boʻlajak onalar nimalarga ahamiyat qaratishi lozim?
— Homiladorlik davrida ona organizmidagi oʻzgarishlar juda keskin oʻtadi. Ayol organizmi boshqacha tarzda ishlaydi.
Homiladorlikdan oldin toshmalar patologiya hisoblansa, homiladorlik bilan bogʻlangan gormonal oʻzgarishlar davrida aynan shu toshmalar norma, deb qabul qilinadi. Homilador ayollarda toshma kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Agar toshmalar terining yuza qismida joylashgan boʻlsa husnbuzarlarni eslatadi. Lekin shuni yodda tutish kerakki, yuzdagi toshmalar qizilcha, gerpes, suvchechak kabi xavfli virusli kasalliklar alomati boʻlishi ham mumkin.
Qolaversa, homilador ayollarning koʻkrak va orqa yelka sohalaridagi toshmalar koʻpincha yuqumli kasalliklar, ichak funksional buzilishlari natijasi boʻlishi mumkin. Yuqoridagi holatlar koʻpincha homiladorlikni oxirgi uch oylikda kuzatiladi.
— Qaysi ichki kasalliklar hisobiga yuzga dogʻ tushadi?
— Koʻzgu qarshisiga turib, yuzingizga diqqat qiling: rangi tiniqmi, husnbuzar yoki toshma boʻlsa, kattaligi, holati va miqdori qancha? Dogʻni koʻrsangiz uning oʻlchami va yuzning qaysi qismidan joylashganiga qarang. Ishonish qiyin, lekin yuzning har bir qismidagi kamchilik ichki aʼzolarning u yoki bu turi bilan bogʻlangan boʻladi. Masalan, oshqozon-ichaklarda muammo boʻlsa, yuz yonoqlarining oʻrta qismida husnbuzar paydo boʻladi. Bezovtalik surunkali tus olib, xastalikka aylansa, dogʻ paydo boʻlishi mumkin. Yuz tuzilish, holati va koʻrinishiga qarab tashxis qoʻyish tibbiyotda ommalashgan usullardan biri. Zero, yuz sohasiga dogʻ tushishi, husnbuzar yoki toshma chiqishi oʻz-oʻzidan sodir boʻlmaydi. Odatda mazkur holat bir qator omillar bilan taxmin qilinadi.
Jumladan:
Gormonal balans muvozanati oʻzgarishi (koʻpincha homilador ayollarda, yuz, boʻyin va qorin sohasiga dogʻ tushishi bilan kuzatiladi);
Peshob ajratish yoʻli hamda jigardagi oʻzgarishlardagi teri pigmentatsiyasi (qoʻl kafti yuzasidagi mayda dogʻlar, yuz yonoqlariga yoyilgani);
Qalqonsimon bez faoliyatidagi oʻzgarishlar, siydik qopi yalligʻlanishi, avitaminoz ham dogʻ yuzaga keltirishi mumkin (peshona ikki chakkasi, qoʻl kafti yoki oyoqdagi dogʻ);
Quyoshda uzoq vaqt toblanish melanin sintezini faollashtiradi. Bu esa asosan yuzda dogʻ paydo boʻlishiga olib keladi (yonoq, burun atrofidagi dogʻ, kurakdagi mayda sepkil);
Stress va asabiylik. Maʼlumotlarga koʻra asabiy kishilarda dogʻ paydo boʻlishi koʻproq kuzatiladi (boʻyin sohasi, quloq atrofida yuzaga kelgan dogʻlar);
Tashqi muhit taʼsiri, ish faoliyati kimyoviy moddalar bilan bogʻliq boʻlsa, notoʻgʻri tanlangan pardoz vositalari, oʻrinsiz bajarilgan kosmetik muolajalar ham dogʻ tushishiga olib keladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.