Soʻnggi 5-yilda Oʻzbekistonning IHT davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi hajmi 37 foizga oʻsdi va 2023-yil yakuniga koʻra 12,3 milliard dollarni tashkil etdi. Faqat shu yil boshidan buyon IHT mamlakatlari kapitali ishtirokida mamlakatimizda 900 dan ortiq yangi korxonalar tashkil etildi va ularning umumiy soni 5 mingtaga yetdi. Oxirgi uch yilda IHT davlatlaridan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar oqimi 5 milliard dollardan oshdi.
Laziz Kudratov dunyo energetika resurslarining uchdan bir qismiga egalik qiluvchi, jami yarim milliard aholi istiqomat qilayotgan hamda savdo-iqtisodiy, transport, sanoat va energetika sohalarida aloqalarni kengaytirish uchun ulkan salohiyatga ega IHT mamlakatlari oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashda Tashkilot Kotibiyatining muhim rolini yuqori baholadi.
Oʻz navbatida, Asad Majid Xon Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi va Oʻzbekistonning savdo-iqtisodiy hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan konseptual loyiha va tashabbuslarini birgalikda ishlab chiqish va kelishish jarayonida qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Bunda gap IHT mamlakatlari bilan kelishish jarayonida boʻlgan Savdoni osonlashtirish boʻyicha IHT kelishuvi loyihasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida Savdo, investitsiyalar va innovatsiyalar markazini tashkil etish konsepsiyasi kabi hujjatlar haqida bordi.
Muzokaralar yakunida tomonlar Tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga sobitligini tasdiqladilar va 2025-yil aprel oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan IHTga aʼzo mamlakatlarning “INNOPROM. Markaziy Osiyo” sanoat koʻrgazmasida ishtirok etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.