IIO xodimini oʻldirgan shaxs qidirilmoqda

    Mast holatda boʻlgan 65 yoshli fuqaro murojaat boʻyicha xonadoniga kelgan profilaktika inspektorini pichoqlab oʻldirgan. Gumondor voqea joyidan qochib ketgan.

    Joriy yilning 1-iyul kuni soat 20:50larda Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani “Yuksalish” mahallasidagi xonadonda janjal boʻlayotgani haqida 102 qisqa raqamiga kelib tushgan xabar boʻyicha hudud profilaktika inspektori katta leytenant A.Abduvaliyev, mahalla raisi A.Mamataliyev bilan birga voqea joyiga yetib borgan.

    Aniqlanishicha, 1960-y.t. fuqaro Xolbozorov Yunusali Tumarovich mast holda oʻz oila aʼzolariga xoʻjalik pichogʻi bilan tahdid solayotgan boʻlgan. Hujumchini zararsizlantirish jarayonida Yu. Xolbozorov qoʻlidagi pichoq bilan katta leytenant A.Abduvaliyevning koʻkrak qismiga zarba berib, ogʻir tan jarohati yetkazgan.

    Olgan jarohati natijasida koʻrsatilgan yordamga qaramasdan A.Abduvaliyev shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

    Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi «g« bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Hozirda gumondor Yu. Xolbozorov voqea joyidan yashiringan, uni aniqlash va qoʻlga olish boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

    Hurmatli fuqarolar! Ushbu shaxs haqida biron-bir maʼlumotga ega boʻlsangiz zudlik bilan yaqin oradagi ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishingiz soʻraladi. Maʼlumot bergan fuqaroning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

    Fuqarolarning hayotini asrash maqsadida oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyib, mardlik va fidoyilik koʻrsatgan holda halok boʻlgan Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani Ichki ishlar boʻlimi Jamoat xavfsizligi xizmati, Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi profilaktika inspektori katta leytenant Abduvaliyev Abdurasul Qaxarovichning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur taʼziya bildiramiz.