O'zbekiston Respublikasida ijtimoiy himoya tizimini qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shma dasturi doirasida onlayn davra suhbati o'tkazildi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi hukumati va BMT tomonidan 2019 yil noyabr` oyida imzolangan dasturiy xujjat doirasida tashkil etildi. Ushbu dastur BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari jamg'armasi hisobidan amalga oshiriladi.Qo'shma dastur O'zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, xususan e'tibordan chetda qolish xatari ostidagilar uchun butun hayoti davomida kafolatlangan daromad va ijtimoiy yordamni ta'minlovchi sifatli ijtimoiy himoya tizimini barpo etish va ta'minlashda Hukumatni qo'llab-quvvatlaydi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati raisi T.Narbaeva, Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A.Saidov, deputatlar va Senat a'zolari, SHveytsariya va SHvetsiyaning O'zbekistondagi elchilari, Barqaror rivojlanish maqsadlari qo'shma jamg'armasi rahbari, YUNISEF, Xalqaro mehnat tashkiloti, BMTning O'zbekistondagi tashkilotlari vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirok etdilar.

Yig'ilishda koronavirus pandemiyasi sharoitida ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish zaruriyati; aholining barcha qatlamlarini manfaatini himoya qilishni ta'minlash uchun O'zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishda ma'lum yo'nalishlar; xalqaro standartlarni hisobga olgan holda O'zbekiston fuqarolarini ijtimoiy himoya qilish uchun qonunchilik bazasini shakllantirishda va byudjet parametrlarini aniqlashda Oliy Majlisning o'rni hamda ijtimoiy himoyaning milliy tizimini takomillashtirish jarayonida texnik ko'mak instrumenti sifatida O'zbekistonda ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo'yicha BMTning qo'shma dasturi to'g'risida xabardorlikni oshirish va boshqa shu kabi muhim ijtimoiy-siyosiy masalalar muhokama qilindi.

Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A.Saidov ta'kidlaganidek, kuchli ijtimoiy himoya O'zbekistonning milliy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasining ajralmas qismidir. 2017-2021 yillarga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasida ko'rsatib o'tilganidek, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish milliy rivojlanish strategiyasining ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lib, majburiy ijtimoiy kafolatlar berilishini, aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashni kuchaytirishni, ijtimoiy xizmatlarni yaxshilashni va aholiga xizmat ko'rsatishda ijtimoiy ta'minot sohasida davlat-xususiy sheriklik aloqalarini rivojlantirishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaning milliy strategiyasini ishlab chiqish 2020 yilga mo'ljallangan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish Davlat dasturiga kiritilgan.

Muhokamada ishtirok etgan BMTning O'zbekistondagi agentliklar vakillari, xalqaro ekspertlar ham ijtimoiy himoya tizimining asosiy samarali elementi sifatida, nogironlikni baholash bo'yicha ijtimoiy yondashuvni ham muqokama qilishdi.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan O'zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash bo'yicha barcha harakatlarni umumlashtirish muhimligi qayd etildi.

Ishchanlik ruhida o'tgan mazkur onlayn yig'ilishda kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar bo'yicha qizg'in muhokama qilindi va ushbu loyiha doirasida ishlarni davom ettirish va yanada kuchaytirish hamda kelgusida bajarilishi lozim bo'lgan vazifalar bo'yicha tegishli taklif va tavsiyalar qabul qilindi.