Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekani mustahkamlab qoʻyildi. Ijtimoiy majburiyatlarga doir normalar 3 barobar oshirilib, mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalari huquqlari davlat himoyasida boʻlishi belgilandi.

Soʻnggi yillarda bu jabhada qilinayotgan ishlar natijasida ijtimoiy himoya yangi bosqichga olib chiqilib, yagona markazlashgan tizim sifatida shakllantirildi. Tuman va shaharlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, har bir mahallada ijtimoiy xodimlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Mahalla darajasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish tizimi yaratildi. Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻmaklashish, jamiyatga integratsiyalash, sifatli protez-ortopediya va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash tizimi takomillashtirildi.

Imkoniyati cheklangan aholi kambagʻallikka tushib qolishining oldini olish va ularni qoʻllab-quvvatlash, inklyuzivlik asosida jamiyatga integratsiya qilish maqsadida yangi yondashuvlar ishlab chiqildi. Munosib mehnat sharoitlari yaratilyapti, mehnat bozorida talab yuqori kasblar boʻyicha oʻqitilyapti va bandligi taʼminlanyapti. Imkoniyati cheklangan bolalarni maktab va kasbiy taʼlim bilan qamrab olish uchun alohida dasturlar amalga oshirilyapti. Ogʻir vaziyatga tushib qolgan bolalarga gʻamxoʻrlik qilish va ularni zoʻravonlikning har qanday koʻrinishidan himoyalash borasida yangi tajriba yaratildi. Albatta, bunday xayrli ishlar inson qadrini ulugʻlash, jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashda oʻz samarasini bermoqda.

Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabrdagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu jabhadagi ishlar rivojida muhim huquqiy asos boʻldi. Mazkur hujjat bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillarining ogʻir hayotiy vaziyatga, shuningdek, kambagʻallikka tushib qolishining oldini olish, farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoitlar yaratish, moliyaviy barqarorligini oshirish va salohiyatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etishning yangi tizimi joriy qilindi.

— Hujjatga muvofiq, joriy yil 1-fevraldan boshlab Ijtimoiy himoya yagona rees­tri va Kambagʻal oilalar reestri negizida Ijtimoiy reestr joriy etildi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi boʻlim boshligʻi Zayniddin Aralov. — Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib, uchta toifaga ajratildi. Bundan maqsad ehtiyojmand oilalarga koʻrsatilayotgan davlat koʻmagini yanada yaxshilash va ijtimoiy xizmatlar qamrovini kengaytirishdir.

Ijtimoiy reestrga kiritilgan ­oilalarga davlat tomonidan koʻrsatiladigan qoʻllab-quvvatlashning yangi tartibiga muvofiq, “davlat taʼminotidagi ­oila”larga aʼzolarining bandlik holatidan qatʼi nazar, bolalar nafaqasi va moddiy yordam uzluksiz toʻlab boriladi. Zero, bunday oila ahlining aksariyati mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan boʻladi. Shu bois, ularni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash oilada ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka zamin yaratadi. Shu maqsadda ijtimoiy himoya chora-tadbirlari yanada takomillashtirilib, “davlat taʼminotidagi oila”lar uchun qator ijtimoiy yordam paketlari ham joriy etilyapti.

Jumladan, ularning xonadoniga quyosh panellari oʻrnatish uchun Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratiladi. Ushbu oilalarning mehnatga layoqatli aʼzolari bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirishga koʻmaklashish uchun Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida tijorat banklari orqali 4 yilgacha muddatga ­bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha miqdorda kredit taqdim etiladi.

Bunga chorva mollari, parranda, quyon, baliq va asalari uyasi, koʻchma doʻkonlar, motoroller, skuter va boshqa asosiy vositalarni sotib olish yoki issiqxona qurib, oilaga qoʻshimcha daromad kiritish mumkin. Kredit bir yillik imtiyozli davr bilan “davlat taʼminotidagi oila” toifasidagi oila aʼzosining ijtimoiy kartasiga oʻtkaziladi. Kredit foiz stavkasi Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasidagi foiz stavkasida hisoblanadi va foiz toʻlovlari Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasiga davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan tijorat banklariga qoplab beriladi.

“Davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifalaridan “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga oʻtganlarga ularning ijtimoiy reestrdagi avvalgi toifasi uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari keyingi oʻn ikki oy muddatda foydalanish huquqi bilan saqlab qolinadi.

Farmonga muvofiq, oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan jami oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining bir baravaridan bir yarim baravarigacha boʻlgan oilalar kambagʻallik chegarasidagi oila deb belgilandi. Ilgari ushbu toifadagi oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam toʻlanmagan. Yangi tizimga koʻra, ushbu oilalarga shunday toʻlovlar

6 oy davomida oilaning daromadiga qarab toʻlanadi. Bunda oilaning daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1-1,25 baravarigacha boʻlganda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam 75 foiz, minimal isteʼmol xarajatlarining 1,25 -1,5 baravarigacha boʻlganda

50 foiz miqdorda toʻlanadi.

Avvalgi tartib boʻyicha daromadi minimal isteʼmol xarajatidan oshgan ­oilalarni, garchi koʻmakka ehtiyoji boʻlsa-da, reestrlarga kiritishning imkoni yoʻq edi. Endi ushbu holat bartaraf etilib, “mahalla yettiligi”ga ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarni tavsiya asosida “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritish huquqi berildi. I va II guruh yoki bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxs bor oilalar, boquvchisini yoʻqotgan yoki bolasini yolgʻiz tarbiyalayotganlar, oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz shaxslar, oila aʼzosi muddatli harbiy xizmatda yoki jazoni ijro etish muassasasida boʻlgan oilalar bu jarayonda alohida eʼtiborga olinadi.

Qolaversa, oila aʼzosi psixiatriya, narkologiya, sil kasalliklari dispanserida yoki onkologiya markazlarida roʻyxatda boʻlgan, gematologiya, immunologiya, jigar, buyrak yetishmovchiligi kabi ogʻir kasallikka chalingan aʼzosi bor oilalar, yongʻin, baxtsiz hodisa, tabiiy yoki texnogen favqulodda vaziyatlardan jabrlangan oilalar “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida ijtimoiy koʻmakdan bahramand boʻlishi mumkin. Bu imkoniyat tufayli ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan 120 mingdan ortiq ehtiyojmand oila Ijtimoiy reestr bilan qamrab olinadi.

Aholining ehtiyojmand qismini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlatimiz tomonidan yaratilayotgan bunday koʻmak va yordamdan bahramand boʻlish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz), Davlat xizmatlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, mahallalardagi ijtimoiy xodimlar va ijtimoiy karta mobil ilovasi orqali ariza berish imkoniyati yaratildi.

Murojaat qiluvchilar Ijtimoiy reestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizasida bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash bilan birga oilaning boshqa ehtiyojlarini ham bayon etishi mumkin. Arizasida koʻrsatilgan ehtiyojlardan kelib chiqib individual reja ishlab chiqiladi va shu asosda oilaning barcha ijtimoiy muammolarini hal etish choralari koʻriladi.

Yana bir yangilik ehtiyojmand oilalarni aniqlash uslubiyatiga kiritilgan oʻzgartirishlar bilan bogʻliq. Amaldagi tartibga asosan, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining

2 baravari miqdorida daromad hisoblanadi. Vaholanki, Toshkent shahri, viloyat markazlari va boshqa aholi punktlarida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning daromad topishi chekka hududlardagi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarnikiga nisbatan yuqori. Endi oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga daromad miqdorini hisoblash tabaqalashtirilib, hududiga qarab belgilanadi. Ayollar uchun daromadlar miqdori mos ravishda kamaytirildi. Natijada oʻziga toʻq oilalar reestrga tushib qolishining oldi olinadi.

Farmon asosida, shuningdek, joriy yilda nogironligi boʻlgan 40 ming shaxsning rasmiy bandligini taʼminlash va ularga barqaror daromad manbaini yaratishga qaratilgan “Teng imkon — inklyuziv bandlik” dasturi amaliyotga joriy etiladi. Dastur doirasida nogironligi boʻlgan shaxslarga bandligini taʼminlash uchun zarur jihozlar, asbob-uskuna va boshqa mehnat qurollari, xomashyo xarid qilish, internet xizmatlariga ulanish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish maqsadida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasidan 3 yilgacha muddatga olti oylik imtiyozli davr bilan bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha foizsiz ssuda ajratiladi.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri