Samarqand viloyati Toyloq tumanida istiqomat qiluvchi 1992-yilda tugʻilgan B.M IIBga ariza bilan murojaat qilib, nomaʼlum shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Murojaatchining maʼlum qilishicha, telegram messenjeridan unga nomaʼlum shaxs yozishib, akasining rafiqasi hamda qizini dastur orqali soxta ishlangan fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqda tarqatib yubormaslik evaziga avvaliga 400 AQSH dollari talab qilgan. Biroz vaqt oʻtgach, yana 200 AQSH dollari soʻragan,

Talab qilingan pullar berilgan boʻlsada, haligacha ijtimoiy tarmoqlarda jiyanining nomidagi soxta akkaunt oʻchirilmagan. Oqibatda akasining xonadonida turli koʻngilsiz voqealar yuz bermoqda.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu tovlamachilik bilan pullarni qoʻlga kiritgan shaxs Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida yashovchi 2000-yilda tugʻilgan M.Z. ekani aniqlandi.

Tergov davomida M.Z. “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmogʻida soxta akkaunt yaratib, fotosuratlarni qoʻlga kiritgani, shundan soʻng ushbu fotosuratlarni kompyuter dasturlari orqali oʻzgartirib, ularni tarqatib yubormaslik evaziga pul talab qilganini tan oldi.

M.Z.ga nisbatan Oʻz.R. JKning 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov xarakatlari olib borilgan.