1988-yilda tugʻilgan Ikramov Sanjar Ravshanovich, 2011-yilning 1-mart kuni Toshkent shahri Olmazor tumanida fuqaro F.X.dan, oʻzini avtomashinalar oldi-sotdisi bilan shugʻullanishini aytib, Sergeli avtomashinalar bozoridan arzon garovga “Neksiya” avtomashinasini olib berishni vaʼda qilib, jabrlanuvchidan 20 mln. soʻm pullarini aldov yoʻli bilan undirib, oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborganlikda ayblanadi.

Holat yuzasidan, 2012-yil 31-mart kuni Olmazor tumani IIB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, gumondor S.Ikramov tergovdan yashiringanligi sababli, unga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan.

1979-yilda tugʻilgan Komilov Sherali Nabixonovich, muqaddam 2011-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi, 14.03.2022-yilda 168-modda 3-qismi “b” bandi bilan sudlangan boʻlib, tuzalish yoʻliga oʻtmasdan oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib,

- 2021-yilning 6-iyun kuni fuqaro Sh.S.ga (ayol) oʻzini mustaqil jurnalist va bloger, deb tanishtirib, ayolning oʻgʻli 1999-yilda tugʻilgan Sh.A.ga nisbatan Koson tumani jinoyat ishlari sudining Jinoyat kodeksining 119-moddasi 3-qismi “b” bandi hamda 137-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari boʻyicha hukmini ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilib, sunʼiy shov-shuv koʻtarib, sudning keyingi instansiya qarorlariga taʼsir oʻtkazib, jazoni yengillashtirib berishni vaʼda qilgan, hamda jabrlanuvchidan 5 mln. soʻm miqdorda pul undirib, oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborgan;

- 2021-yilning 17-dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida fuqaro S.G. (ayol)ning, ishonchiga kirib, sobiq turmush oʻrtogʻi qarz boʻlib qolgan maʼlum miqdordagi aliment pulini undirib berishni vaʼda qilib, jabrlanuvchidan aldov yoʻli bilan 5 mln. soʻm miqdorida pulini olib, oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborgan;

- 2021-yilning dekabr oyida fuqaro Q.X.ni uy-joy bilan bogʻliq muammoli masalasini hal etib berishni vaʼda qilib, jabrlanuvchidan turli vaqtlarda, 3 mln, soʻng 300 AQSH dollari miqdorida pullarini aldov yoʻli bilan undirib, oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborgan;

- 2022-yilning 19-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Qarshi shahar 5-son tergov hibsxonasi xodimi M.A. va Qarshi shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasi xodimi B.B.ni shaʼni va qadr qimmatini kamsituvchi soʻzlar bilan haqorat qilganlikda ayblanadi.  

Hozirda Sh.Komilov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi, 140-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari doirasida xavfli retsidivist, deb topilib, tergov organlaridan yashiringanligi sababli, qidiruv eʼlon qilingan.

Mazkur shaxslarni yashiringan joyi haqida xabardor boʻlgan fuqarolardan 102 raqamiga yoki ichki ishlar organlariga xabar berish soʻraldi.