Brifingda “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident qarorlarining Yozuvchilar uyushmasiga, ijodkorlarga daxldor jihatlari haqida maʼlumot berildi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi salkam toʻqson yillik tarixga ega boʻlgan oqsoqol ijodiy tashkilotlarimizdan biri hisoblanadi. Ochigʻi, bu yillar davomida Uyushma koʻp murakkab davrlarni boshdan kechirgan. Soʻnggi uch-toʻrt yil ichida davlatimiz rabhari tomonidan adabiyotga, ijod ahliga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor tufayli Yozuvchilar uyushmasining qaddi tiklanib, qadri oshdi, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz. Bu borada, shubhasiz, Prezidentimiz tomonidan imzolangan qator farmon va qarorlar muhim ahamiyatga ega boʻldi. Jumladan, shu yilning 26-mart kuni imzolangan ikkita muhim hujjat, yaʼni “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident qarorlarida ham Yozuvchilar uyushmasi faoliyatiga, ijod ahliga daxldor masalalar alohida aks etgan.

Avvalo, aytish lozimki, “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori asosida mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etishning yangi tizimi yaratildi. Bu masʼuliyatli va keng qamrovli ishda Yozuvchilar uyushmasining faol ishtirok etishi tabiiy hol, albatta. Zero, Qarorning 1-bandida belgilangan asosiy yoʻnalishlar sirasida adabiyot, noshirlik-matbaa mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarida maʼnaviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligiga erishish masalasi alohida qayd etilgan.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi tarkibiga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi ham kiritilgani bejiz emas. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi farmoyishi asosida shu yil 4-mart kuni tuzilgan Maʼnaviy-maʼrifiy sohada yangi tizim yaratish, joylarda targʻibot-tashviqot ishlari samaradorligini oshirishga koʻmaklashish boʻyicha Respublika ekspertlar guruhi tarkibidan ham Yozuvchilar uyushmasi jamoasi vakillari, Uyushma aʼzolari oʻrin olgan. Shuningdek, koʻplab shoir-yozuvchilarimiz, adabiyotshunoslarimiz “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi sifatida ham faol ish yuritib bormoqda.

Mazkur qarorning 7-bandida ijod ahliga doir muhim masala qayd etilgan. Yaʼni, ushba bandning uchinchi xatboshisida “Har bir umumtaʼlim muassasasida joriy etilgan Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimini moliyalashtirish uchun 2021-yil 1-apreldan boshlab davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 0,5 shtat birligi ajratiladi hamda uning ish haqi miqdori umumtaʼlim muassasasi oliy maʼlumotli oʻqituvchisi uchun oʻrnatilgan bazaviy tarif stavkasi miqdorida belgilanadi” deb yozilgan. Xoʻsh, bu nima degani? Maʼlumki, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizdagi maktablarga taniqli adib va jurnalistlarni ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi etib biriktirish boʻyicha topshiriq berilgan edi. Ushbu bandda mazkur vazifani amalga oshirishning huquqiy-moliyaviy asoslari koʻrsatib berilgan.

Bu vazifani bajarish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi, Xalq taʼlimi vazirligining Qoʻshma qarori imzolandi.

Ushbu vazifani toʻliq va puxta bajarish yoʻlida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda rejali ish olib bormoqda. Xususan, oʻzaro hamkorlikda respublikamizdagi maktablarda Ijodiy-madaniy targʻibotchi lavozimida ishlash istagida boʻlgan shoirlar, yozuvchilar, publitsistlar, adabiyotshunoslar, jurnalistlar, yosh ijodkorlarning roʻyxati shakllantirildi. Bu jarayonga Uyushma aʼzolari bilan birgalikda hududlardagi adabiy muhitda faol qatnashayotgan qalamkashlar, shuningdek, isteʼdodli yosh ijodkorlar ham jalb etildi.

Ayni paytda 2 mingga yaqin yozuvchi va shoir, ming nafarga yaqin jurnalist hamda koʻplab malakali maʼnaviyat, madaniyat xodimlari respublika boʻylab maktablarga biriktirildi. Shuningdek, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ijodkorlik salohiyatiga ega boʻlgan tajribali ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari ham ijodiy-madaniy targʻibotchi vazifasiga tavsiya etildi.

Yozuvchilar uyushmasidan taqdim etgan nomzodlarga tavsiya xati berildi. Targʻibotchilarning maktab jamoasi, bu yerdagi muhit bilan tanishishi, bu yerdagi faoliyatni asosiy ish oʻrnidagi talablar bilan muvofiqlashtirishi, lavozim yoʻriqnomalarini oʻzlashtirishi va boshqa tashkiliy omillar sababli mehnat shartnomalari bosqichma-bosqich imzolandi. Ayni paytda ijodiy-madaniy targʻibotchilar maktablarda qizgʻin ish olib borishmoqda. Ochigʻi, Prezidentimizning ushbu tashabbusi jamiyatimiz uchun har tomonlama foydali boʻldi. Birinchidan, juda koʻplab ijodkorlarimiz ish oʻrniga yoki qoʻshimcha faoliyat olib borish imkoniyatiga ega boʻldi. Yaʼni, maktablarga biriktirilgan qalamkashlarimizning moddiy manfaatdorligi oshdi. Ikkinchidan, oʻzini pedagoglik sohasida sinab koʻrishni koʻpdan beri orzu qilib yurgan ijodkorlarga oʻzini namoyish qilish, oʻquvchilar bilan ishlash imkoni berildi. Bugun ular oʻz faoliyati orqali nafaqat moddiy, balki maʼnaviy ehtiyojlarini ham qondirayotganlarini aytishmoqda. Eng muhimi esa, yozuvchi-shoirlar, qalamkashlar orqali maktablarga ijodiy kayfiyat kirib kelmoqda.

Maʼlumki, bugungi kunda mamlakatimizda 9 ta atoqli adiblar nomi bilan ataladigan ijod maktablari faoliyat koʻrsatmoqda. Tabiiyki, ular orqali yurtimizdagi ijodga, adabiyotga qiziqqan barcha yoshlarni qamrab olish imkonsiz. Kimdir oʻz isteʼdodini anglab yetmagani uchun, kimdir manzil olisligi bois, kimdir sharoiti yoʻqligi sababli, kimdir oʻrnatilgan tartiblardan bexabarligi tufayli Ijod maktablariga hujjat topshirmasligi mumkin. Bugungi kunda maktablarda Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi boʻlib ishlayotgan ijodkorlarimiz aynan ana shu boʻshliqni toʻldiradi: yaʼni, ular oʻrta maktablarda taʼlim olayotgan isteʼdodli yoshlar bilan alohida ishlashni yoʻlga qoʻyishmoqda. Shubhasiz, yaqin kelajakda bu tajriba oʻzining ijobiy samarasini beradi.

Albatta, bu hech bir mamlakatda kuzatilmagan oʻziga xos tajriba boʻlgani uchun hali takomillashtirishimiz zarur boʻlgan jihatlar ish jarayonida koʻzga tashlanmoqda. Bu borada Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkor vazirlik va idoralar bilan bahamjihat ish olib bormoqda. Shuningdek, kun tartibidagi koʻplab masalalar ijtimoy tarmoqlar orqali onlayn tarzda, jumladan, telegram tarmogʻidagi “Targʻibotchilar faoliyati” nomli guruhda oʻzaro kengashib hal etilmoqda.

Ikkinchi muhim hujjat – “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida ham Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga taalluqli boʻlgan muhim masalalar aks etgan. Maʼlumki, ushbu Qarorga binoan “Ijod” jamoat fondi negizida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzurida yuridik shaxs maqomisiz Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi tashkil etildi. Shu munosabat bilan ilgari “Ijod” jamoat fondi tasarrufida boʻlgan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi poliklinikasi, “Doʻrmon” ijod uyidan foydalanish direksiyasi» unitar korxonasi va “Oqqum fayz baraka” shoʻba korxonasi hamda ularga tegishli boʻlgan barcha mol-mulk, bino va inshootlar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga oʻtkazildi. “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi”ga Moliya vazirligi tomonidan 120 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Shundan 20 milliard soʻm mablagʻ, Qarorga koʻra, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga oʻtkazib berildi. Ushbu mablagʻni maqsadli sarflash uchun Yozuvchilar uyushmasi tuzilmasida Iqtisod boʻlimi tashkil etildi. Zero, Qarorning oʻzida ushbu mablagʻ sarflanadigan asosiy yoʻnalishlar belgilab berilgan. Jumladan:

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etiladigan adiblarning ijod namunalarini, jumladan, yosh mualliflarning birinchi kitoblarini nashr etish;

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolarining ijodiy kechalarini oʻtkazish, adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qoʻshgan Uyushma aʼzolariga moddiy yordam koʻrsatish;

xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati, asriy anʼana va qadriyatlari tarannum etilgan, milliy maʼnaviyatimizning mazmun-mohiyati teran badiiy ifodasini topgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning munosib namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilish hamda jahon axborot tarmogʻida keng targʻib etish;

milliy adabiyotni rivojlantirish, adabiy jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilgan hamda mamlakat ijtimoiy hayotida muhim ahamiyatga ega boʻlgan badiiy asarlar mualliflarini moddiy jihatdan ragʻbatlantirish;

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda uning taniqli aʼzolari ijodiy faoliyatiga bagʻishlangan veb-saytlarni yaratish va ularni yangilab borish;

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va uning tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash singari vazifalar Yozuvchilar uyushmasiga ajratilgan mablagʻ doirasida amalga oshiriladi. Umuman olganda, ushbu moddiy qoʻllab-quvvatlov tufayli Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi oʻz faoliyatini emin-erkin yoʻlga qoʻyish imkoniyatiga ega boʻldi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini takomillashtirishga qaratilgan ushbu ikkita qaror Yozuvchilar uyushmasi aʼzolarini ham ijodiy, ham ijtimoiy jihatdan faol boʻlishga undaydigan, buning uchun zarur shart-sharoit yaratadigan muhim huquqiy asos boʻldi. Davlatimiz tomonidan adabiyotga, ijod ahliga muntazam ravishda berilayotgan yuksak eʼtibordan ruhlangan adiblarimiz bundan keyin ham oʻz asarlari va ijtimoiy faoliyati bilan ona Vatanimizga, jonajon xalqimizga sidqidildan xizmat qilishga bel bogʻlagan.