Ikki qitʼani birlashtirayotgan umumiy manfaatlar

    Yevropa mamlakatlari madaniyati, turmush tarzi, urf-odat va anʼanalari Markaziy Osiyo xalqlarinikidan farq qiladi.

    Qadriyatlar va turli mavzulardagi qarashlarning bir-biriga oʻxshamagan jihatlari oson koʻzga tashlanadi. Ammo bu oʻzaro munosabatlar, hamkorlik aloqalarini kengaytirib borishga toʻsiq boʻlolmaydi. Aksincha, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi mintaqaviy hamda xalqaro muammolarga oid umumiy manfaatlar turli masalalar boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirishni taqozo etmoqda.

    Ayniqsa, dunyoda mavjud murakkab geosiyosiy jarayon va oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan ziddiyatlar, global siyosiy va iqtisodiy beqarorlik, zamonaviy tahdidlar mintaqalar hamda davlatlar oʻrtasidagi hamjihatlik, oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirish zaruratini oʻrtaga qoʻyadi. Bu borada saʼy-harakatlar ham ancha faollashgan. Shu yilning 2-iyun kuni Qirgʻizistonning Choʻlponota shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi ikkinchi sammiti buning yorqin misolidir.

    Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi uchrashuvi barcha tomonlar uchun kutilgan voqelik edi. Unda tomonlar oʻrtasida konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga doir qator muhim masalalar oʻrtaga tashlandi.

    Davlatimiz rahbarining sammitdagi ishtirokini kuzatar ekanmiz, ikki yirik mintaqa oʻrtasidagi hamkorlik bevosita mamlakatimiz rivojida katta oʻrin tutishi, ayniqsa, oʻzaro hamjihatlik masalalari, iqtisodiy faol hamkorlikdan tomonlar birdek manfaatdorligini anglash qiyin emas. Xususan, Prezidentimizning sammit doirasida Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan uchrashuvi chogʻida hamkorlik surʼati yuqori darajada rivojlanayotganiga urgʻu berildi. Oʻzbekistonning YEI davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi joriy yil boshidan buyon 70 foiz oʻsgan. Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida iqtisodiyotimizning yuqori texnologik tarmoqlaridagi investitsiya loyihalari portfeli esa 20 milliard yevrodan oshdi.

    Hamkorlik koʻlami kengayib borayotgani bejiz emas. Boisi, Yevropa Ittifoqi mintaqamiz va, aksincha, Markaziy Osiyo mazkur tuzilmaga aʼzo davlatlar iqtisodiyotida muhim oʻrin tutadi. Gap shundaki, Yevropa Ittifoqi biz uchun 450 million aholiga ega katta bozor boʻlsa, Markaziy Osiyo yevropaliklar uchun 70 million aholidan iborat tez rivojlanayotgan bozor sifatida bir-birini toʻldiradi. Bu hamkorlik oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, iqtisodiyot barqarorligiga erishishda qoʻl keladi. Shu bois, bugungi kunda koʻhna qitʼa va mintaqamiz davlatlari savdo-sotiq, barqaror va “yashil” energetika, aloqa, raqamlashtirish, xavfsizlik, inson huquqlari va qonun ustuvorligini taʼminlash kabi koʻplab sohalarda samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

    Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi faol munosabatlar 1991-yilda boshlangan. Ammo bu aloqalarning tez va barqaror oʻsib borishi 2016-yildan keyingi davrga toʻgʻri keladi. Shu vaqtdan mamlakatimiz dunyo davlatlari uchun oʻz eshiklarini ochib, global iqtisodiyotga kirib bordi. Yurtimizda 2017-yildan boshlab Yevropa investitsiya banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki faoliyat yuritmoqda. Xalqaro maydondagi munosabatlar, yangi doʻstona aloqalar oʻrnatilishi bevosita iqtisodiy kelishuvlar koʻlamini oshirishga xizmat qilyapti. Oʻtgan yildan boshlab esa Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasida sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim kuchga kirdi.

    Oʻzaro hamkorlikdagi dasturlash davrida (2021—2027) Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ustuvor yoʻnalishlar, xususan, demokratik boshqaruv va raqamli transformatsiya, inklyuziv, raqamli va “yashil” taraqqiyot, texnik-texnologik jihatdan rivojlantirish, ekologik toza oziq-ovqat sektori masalalari koʻrib chiqilmoqda. Yevropa Ittifoqi mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi uchun arizasiga ham texnik yordam koʻrsatyapti. 2021-yilning aprel oyida Oʻzbekiston YEI preferensiyalarining umumiy sxemasi (GSP+)ga qoʻshilib, ushbu katta bozorga bojsiz kirish imkoniga ega boʻldi. Bu tadbirkorlarimizning jahon bozoriga chiqishiga xizmat qilyapti.

    Bir qarashda, ikki mintaqa ham alohida tarzda jadal rivojlanyapti va bir-biriga bogʻliq emasdek koʻrinadi. Ammo kuchlarni birlashtirish, hamkorlikni rivojlantirishdan har ikki tomon ham manfaatdor ekanini yaxshi anglaydi. Shu bois, tomonlar aloqalarni kuchaytirish, raqamli transformatsiya, transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlik va “yashil oʻsish” loyihalarini amalga oshirish orqali “Global darvoza” tashabbusini toʻliq roʻyobga chiqarishga intilmoqda.

    Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning raqamli transformatsiya borasidagi ulkan salohiyatidan oʻzaro manfaatli hamkorlik va inklyuziv rivojlanish yoʻlida unumli foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, jahon bozorlariga chiqish, global integratsiya va hamkorlik jarayonida faol ishtirok etish uchun transport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish mintaqamizning barcha mamlakatlari uchun birdek dolzarb vazifadir. Bu borada YEIning qator tashabbuslari eng maqbul va samarali tranzit hamda logistika infratuzilmalarini yaratishga xizmat qilishiga aminmiz.

    Birgina transkaspiy multimodal yoʻnalishini rivojlantirish orqali Yevropa qitʼasining Osiyo bilan savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada chuqurlashtirish, Markaziy Osiyo mamlakatlarining esa tashqi bozorlarga eng qulay transport yoʻlaklari vositasida chiqishiga erishish mumkin. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi “yashil” rivojlanish boʻyicha asosiy hamkorimiz hisoblanadi.

    Yevropa davlatlari zamonaviy texnologiyalarni yaratishda ancha ildamlagan. Faol raqamlashtirish jarayoni kechayotgan bugungi davrda esa bunday texnologiyalarga ehtiyoj ortib boryapti. Xususan, Markaziy Osiyo davlatlarida ham energiyani samarali sarflaydigan va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, “aqlli” qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, qayta tiklanadigan energiya manbalari imkoniyatlarini toʻliq ishga solish harakati boshlangan. Bu borada esa Yevropa davlatlarining eng ilgʻor va zamonaviy tajribasiga tayanamiz.

    Iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, inklyuziv “yashil oʻsish”ga oʻtish, suvdan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash bundan keyin ham koʻp tomonlama hamkorligimizning ustuvor yoʻnalishlari boʻlib qoladi. Shu maʼnoda, atrof-muhit va suv resurslari boʻyicha kelgusi yili Rim shahrida boʻlib oʻtadigan Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo xalqaro konferensiyasi ushbu yoʻnalishda aniq amaliy natijalarga erishish imkoniyatini yaratadi.

    Hech bir mamlakat yakka holda rivojlana olmagani kabi insoniyat uchun umumiy boʻlgan muammolarni ham yolgʻiz bartaraf eta olmaydi. Ayniqsa, global iqtisodiy inqiroz, iqlim oʻzgarishlari, suv resurslari tanqisligi, mintaqaviy kelishmovchiliklar va turli ommaviy kasalliklarning tarqalishi kabi salbiy holatlar dunyo olimlari va ekspertlarini tashvishga solayotgan bir davrda oʻzaro hamjihatlik samarali yechimlar topishga yoʻl ochadi.

    Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlarini birlashtirayotgan masalalar ham nafaqat davlatlar, balki sayyoramiz rivoji, umumiy uyimiz boʻlgan ona zamin tinchligi, insoniyat farovonligini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Zumrat GʻOIBNAZAROVA,

    Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori,

    iqtisodiyot fanlari doktori,

    Anora QAHHOROVA,

    universitet oʻqituvchisi