Dunyoning yetti moʻjizasini zukko oʻquvchilarimiz yaxshi biladi. Shuning uchun ularni birma­bir sanab oʻtirishdan tiyilamiz. Ana shu yetti moʻjizaning biri — Tojmahal bizning millatdosh bobolarimiz tomonidan bunyod etilgani ham har birimizga faxr va gʻurur bagʻishlaydi. Axir yer yuzida umrguzaronlik qiladigan ikki mingga yaqin millat va elat vakillaridan bor-yoʻgʻi yettitaginasi moʻjiza yaratgan va ulardan biri toʻgʻridan toʻgʻri bizga, yaʼni oʻzbek millatiga taalluqli boʻlsa, bundan faxrlanmasdan boʻladimi?!

Soʻzimni nega dunyoda mavjud millat va elatlar, ular yaratgan moʻjizalar haqida boshladim? Agar sabr bilan quyidagi bitiklarni oʻqib chiqsangiz, ushbu savolga javob topasiz degan umiddaman.

Soʻnggi oʻn yillikda mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Bu jarayonda iqtisodiy oʻsish, infratuzilmaviy rivojlanish bilan birga maʼnaviyatga ham alohida eʼtibor qaratilayotgani, yangi Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatida madaniy uygʻonish muhim oʻrin tutayotganini alohida taʼkidlab oʻtsak, arziydi. Ayniqsa, xalqimizning boy tarixiy merosini tiklash, asrab-avaylash va chuqur oʻrganish borasidagi keng koʻlamli ishlar yurtimizda yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.

Ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy va maʼnaviy xazinalar asrlar davomida insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilib kelgan. Bobolarimizning asarlari, kashfiyotlari va gʻoyalari bugungi kunda ham dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq. Shu bois, bu merosni nafaqat saqlash, balki uni zamonaviy talqin asosida keng jamoatchilikka yetkazish ortga tashlab boʻlmas vazifa sanaladi. Soʻnggi yillarda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, qadimiy qoʻlyozmalarni tiklash, yangi muzey va ilmiy markazlar barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimiz poytaxtida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqamizda soʻnggi oʻn yilliklarda qad rostlagan inshootlarning marvaridi boʻldi, desak mubolagʻa emas. Bu markaz nafaqat meʼmoriy jihatdan noyob inshoot, Markaziy Osiyoning jahon tamadduniga qoʻshgan ulkan hissasini oʻzida aks ettirgan, muqaddas dinimiz tarixini mujassam etgan ilmiy-maʼrifiy maskan ekani bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu markaz uzoq asrlar oʻtmish va bugun oʻrtasida mustahkam va muhtasham koʻprik sifatida xizmat qilajak.

Shubhasiz, islom sivilizatsiyasi insoniyat tarixida beqiyos oʻrin tutadi. U faqatgina diniy qarashlar majmui emas, balki keng qamrovli madaniy, ilmiy va falsafiy bilimlar tizimi sifatida oʻn toʻrt asr davomida shakllangan. Ayniqsa, oʻrta asrlarda islom dunyosi ilm-fan taraqqiyotining markazi edi.

Bu davrda matematika, astronomiya, tibbiyot, geografiya, falsafa kabi koʻplab fanlar jadal rivojlandi. Ilmiy tafakkur erkinligi, izlanish va tajriba madaniyati Gʻarbu Sharq boʻylab keng ­yoyildi. Bu, oʻz navbatida, tamaddunning yangi bosqichini boshlab berdi. Markaziy Osiyo bu jarayonlarning yuragi boʻldi. Aynan shu hududda yetishib chiqqan buyuk allomalar jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshdilar. Ular yaratgan ilmiy asarlar asrlar davomida dunyo ilmiy tafakkuriga yoʻl koʻrsatib keldi.

Birinchi Renessans deb ataluvchi ilk Uygʻonish davrida ilm-fan mislsiz taraqqiy etdi. Al ­Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy kabi buyuk qomusiy ajdodlarimizning ilm tafakkuri orqali algebra, trigonometriya, tibbiyot va astronomiya sohalarida ulkan kashfiyotlar qilindi. Bu kashfiyotlar keyinchalik Yevropa Uygʻonish davriga asos boʻlib xizmat qildi.

Ikkinchi Renessans davrida esa madaniyat, sanʼat va adabiyot yuksak darajaga koʻtarildi. Meʼmorlik, naqqoshlik, kitobat sanʼati rivojlandi. Bu davrda yaratilgan asarlar bugungi kunda ham qadr-qimmatini yoʻqotgani yoʻq.

Xorazm ilmiy maktabi matematik va astronomik kashfiyotlari bilan mashhurlikka erishgan boʻlsa, Buxoro diniy-falsafiy bilimlar markazi sifatida shuhrat topdi. Oʻz navbatida, Samarqand astronomiya markaziga aylandi.

Ajdodlarimizning ilmiy merosi keyinchalik Yevropa orqali butun dunyoga tarqaldi. Koʻplab asarlar lotin tiliga tarjima qilinib, jahon boʻylab ilm-fan rivojiga turtki berdi. Ayni shu asoslar islom sivilizatsiyasining jahon taraqqiyotidagi oʻrni naqadar ulkan ekanini koʻrsatadi. Demak, bu merosni jamlash va targʻib qilish nihoyatda muhimdir.

Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shu vazifani bajaruvchi maskan sifatida maydonga chiqdi. Markazni barpo etish gʻoyasi ilk bor Prezidentimiz tomonidan 2017-yilda BMT minbaridan turib ilgari surilgandi. Loyiha qisqa vaqt ichida yirik bunyodkorlikka aylandi. Puxta oʻylangan reja, aniq maqsad asosida 2019-yildan amaliy harakatlar boshlab yuborildi. Qariyb oʻn yil davomida misli koʻrilmagan qurilish-bunyodkorlik ishlari bajarildi. Bu jarayonda zamonaviy texnologiyalar va milliy anʼanalar uygʻunlashtirildi. Har bir element oʻziga xos maʼnoga ega boʻlib, u umumiy konsepsiyani toʻldirib turishi bilan eʼtibor tortishi shundan. Gumbazlar, ravoqlar, bezaklar — barchasi tarixiy anʼanalar asosida yaratilgan.

Qurilish jarayonida minglab mutaxassislar ishtirok etdi. Meʼmorlar, tarixchilar, dizaynerlar va muhandislar birgalikda ishladi. Bu esa markazning mukammal shaklda bunyod etilishiga xizmat qildi.

Islom sivilizatsiyasi markazi ichki tuzilishi jihatidan ham nihoyatda boy va rang-barangdir. Bu yerda har bir zal alohida mavzuga bagʻishlangan. Qurʼon zalida noyob qoʻlyozmalar, kitobat sanʼatining nodir namunalari saqlansa, tarixiy ekspozitsiyalarda islomgacha boʻlgan davr, muqaddas dinimizning Markaziy Osiyoga kirib kelishi, ilm fan, madaniyat va sanʼatning taraqqiy topishi ochib berilgan. Bu yerga kirgan har bir inson oʻziga xos maʼnaviy muhitni his qiladi. Interaktiv vositalar esa bu jarayonni yanada jonlantiradi.

Allomalarga bagʻishlangan boʻlimlar markazning eng qiziqarli qismlaridan biridir. Bu yerda ularning ilmiy merosi keng yoritilgan.

Markazda ulkan kutubxona, konferensiya zallari, ilmiy laboratoriyalar mavjud. Bu esa uni zamonaviy ilmiy maskanga aylantiradi.

Inshoot arxitekturasi va infratuzilmasiga oid raqamlar ham uning naqadar ulkan va mukammal loyiha ekanini yaqqol namoyon etadi. Jami hududi qariyb 10 gektarni tashkil etadigan binoning umumiy foydali maydoni 42 ming kvadrat metrdan ortiq. Shu jihatdan u Markaziy Osiyo­dagi eng yirik ilmiy-maʼrifiy majmualardan biri hisoblanadi.

Uch qavatli binoning uzunligi taxminan 161 metr, kengligi 118 metrni tashkil qiladi. Markazning asosiy gumbazi 65 metr balandlikkacha koʻtarilib, shahar manzarasiga alohida fusun bagʻishlagan. Bu raqamlar va imkoniyatlar markazning nafaqat meʼmoriy, balki funksional jihatdan ham yuqori darajada oʻylangan loyiha ekanini koʻrsatadi.

Majmuaning ahamiyati faqat milliy miqyos bilan cheklanib qolmaydi. U jahon sivilizatsiyasi tarixini oʻrganish, islomning insonparvarlik mohiyatini ochib berish va global ilmiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim platforma sifatida xizmat qiladi. Markaz dunyo boʻylab turli davlatlardan kelgan yuzlab olimlarni birlashtirib, xalqaro ilmiy muloqot uchun keng imkoniyat yaratayotgani ham uning ahamiyatini yanada oshiradi.

Bugungi kunda dunyoda turli diniy va madaniy qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan murakkab bir davrda mamlakatimiz ushbu markaz orqali islomning haqiqiy mohiyati — maʼrifat, tinchlik va taraqqiyot gʻoyalarini ilmiy asosda namoyon etmoqda. Shu jihatdan olib qaraganda, mazkur majmua nafaqat ilmiy muassasa, balki sivilizatsiyalar oʻrtasida muloqot koʻprigi vazifasini bajaradigan strategik loyiha hisoblanadi.

Markazning jahon miqyosidagi oʻrni yana shu bilan ham belgilanadiki, u koʻlami va konsep­siyasi jihatidan dunyodagi islom sivilizatsiyasiga bagʻish­langan eng yirik komplekslardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. Bu yerda jamlangan qoʻl­yozmalar, ilmiy tadqiqotlar va madaniy ekspozitsiyalar nafaqat Oʻzbekiston, balki butun insoniyat tarixi uchun muhim manba vazifasini oʻtaydi. Shu bois, markaz kelgusida xalqaro turizm, taʼlim va ilm-fan integratsiyasida ham muhim oʻrin tutishiga shubha yoʻq.

Islom sivilizatsiyasi markazi oʻtmish, bugun va kelajakni birlashtirgan betakror maʼnaviy-maʼrifiy makondir. U ajdodlar merosini asrab-avaylash, uni chuqur oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish orqali Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Endi maqolamiz avvalidagi ona sayyoramizda umrguzaronlik qilayotgan ikki mingdan ortiq millat va elat hamda dunyoning yetti moʻjizasi haqidagi fikrlarga qaytsak.

Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoda inson qoʻli bilan bunyod etilgan sakkizinchi moʻjizaga aylanishi mumkinmi?!

Fikrimizcha, mumkin!

Dunyoning yetti moʻjizasidan birini yaratgan millat nega endi sakkizinchi moʻjizani yarata olmas ekan?!

Xulosa oʻrnida aytmoqchi boʻlganimiz, Islom sivilizatsiyasi markaziga keling, koʻzingiz bilan koʻring va yangi Oʻzbekistonda dunyoning sakkizinchi moʻjizasi qad rostlaganiga oʻzingiz guvoh boʻling!

Islom HAMRO,

Jurnalist