Issiqlik elektr stansiyalarida energiya samaradorlik ishlarini yanada jadallashtirish, tarmoqda “yashil transformatsiya” jarayonini amalga oshirish, ishlab chiqaruvchi korxonalar raqobatbardoshligini taʼminlash, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish, iqtisodiy oʻsishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga oʻtish maqsadida 2025-2027-yillarda mamlakatimizda 3257 MVt quvvatga ega 23 ta qurilma ekspluatatsiyadan chiqarilishi belgilangan.
Issiqlik elektr stansiyalaridagi maʼnan va jismonan eskirgan qurilmalarni foydalanishdan chiqarishdan asosiy maqsad oʻtgan asrning 60-70-yillarida qurib foydalanishga topshirilgan. Texnik shartlarga koʻra, oʻzining ekspluatatsiya muddatini 2-marta, ayrim joylarda esa 3-marta koʻp oʻtab boʻlgan qurilmalarni ishdan chiqarish vositasida shartli yoqilgʻi sarfini kamaytirish, mahsulot tannarxini pasaytirish hamda issiqlik elektr stansiyalarining atrof-muhitga taʼsirining oldini olish hisoblanadi.
Shuningdek, ishlab chiqarishda samaradorlikni oshirish, zamonaviy energiya tejamkor va samarador qurilmalarni joriy etish maqsadida Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasida yuqori samarador umumiy quvvati 1065 MVt boʻlgan navbatdagi 3, 4-bugʻ-gaz qurilmalarini qurib ishga tushirish ishlari yakuniy bosqichga kirgan.
Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVt boʻlgan 3-bugʻ-gaz qurilmasini bunyod etish ishlari olib borilmoqda.
“Toshkent shahrining issiqlik taʼminoti soʻngi nuqtalarida joylashgan mahallalarda kogeneratsiya loyihalarini amalga oshirish” investitsiya loyihasi doirasida Sergeli tumanida 2,3 MVt elektr, 11 Gkal issiqlik va Yunusobod tumanidagi 4-son issiqlik markazi hududida 100 MVt quvvatga ega gaz-porshenli qurilmasi bunyod etilmoqda.
Joriy 2025-yilda bu kabi loyihalar asosida Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek, Yangihayot, Uchtepa va Yashnobod tumanlarida ham zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari ishga tushiriladi.