Nima uchun Toshkentda issiqlik tarifi qayta koʻrib chiqilishi zarur?

    “Veolia Energy Tashkent” Toshkentda issiqlik tariflari oshirilishi sabablari va bajarilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

    Xalq deputatlari shahar Kengashining yigʻilishida 1-avgustdan vazifasiga kirishgan «Veolia Energy Tashkent« bosh direktori Sevara Pardayeva issiqlik energiyasi tariflarini oshirish rejalari boʻyicha maʼlumotni muhokama va tasdiqlash uchun taqdim etdi.

    Taqdimot brifing formatida, kelib tushgan savollarga javoblar bilan oʻtdi. Asosiysi — tariflarning oshishi sabablari — obyektiv xususiyatga ega boʻldi.

    2025-yil 1-maydan gaz va elektr energiyasi tariflari oshirildi, 2025-yil 15-iyundan sotib olinadigan issiqlik narxi koʻtarildi.

    Issiqlik taʼminoti kompaniyasi uchun tarifni qayta koʻrib chiqish – aslida issiqlik ishlab chiqaruvchidan yakuniy isteʼmolchiga issiqlik yetkazuvchi distribyutor sifatida – tabiiydir. Energiya tashuvchilar narxining oʻsishi quyidagicha boʻldi:

    • gaz – 20%; .
    • elektr energiyasi – 11%;
    • sotib olinadigan issiqlik – 13%.
    Shu bilan birga, issiqlik taʼminoti tarifi atigi 7,1% ga oshirilmoqda – 1 Gkal uchun 664 465 soʻmdan 711 641 soʻmgacha. Aholi uchun tarif 15% ga oshadi – 1 Gkal uchun 121 617 soʻmdan 139 860 soʻmgacha va bu ishlab chiqarish tannarxidan ancha past.

    Hozirgi paytda issiqlik taʼminoti xizmati davlat tomonidan subsidiyalanadi. Amaldagi tarif boʻyicha 18% isteʼmolchilar tomonidan toʻlanadi va 82% davlat subsidiyalari hisobidan qoplanadi. Hozirda bu yoʻnalish mahalliy byudjetning eng katta subsidiyalanadigan yoʻnalishlaridan biridir. 2025-yil oktyabr oyida tarif oshirilgach, nisbat quyidagicha boʻladi: aholi umumiy tarifning 19,7% ini toʻlaydi, davlat subsidiyalari esa umumiy tarifning 80,3% ini qoplaydi.

    Davlat strategiyasi 2030-yilgacha issiqlik taʼminotini 100% subsidiyalashni toʻxtatishga qaratilgan. Ushbu strategiya 2021-yilda Veolia Group kompaniyasi bilan imzolangan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuv asosiga qoʻyilgan. Tasdiqlangan moliyaviy modelga koʻra, aholi uchun tariflarni qayta koʻrib chiqish har yili 30% miqdorida amalga oshirilishi kerak edi, biroq turli ijtimoiy sabablarga koʻra bu jarayon kechikib bormoqda. Faqatgina 2024-yilda issiqlik taʼminoti tarifi yil davomida ikki marta 15% dan qayta koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, kompaniya uchun tarif oʻzgarishsiz qolib, optimallashtirish jarayonlari hisobiga 2-yil davomida xizmat narxini oshirmasdan ushlab qolishga muvaffaq boʻlindi.

    Byudjet tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar uchun tarif

    Davlat subsidiyalarini bosqichma-bosqich qisqartirish Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-yanvardagi № 03/1-3480-sonli topshirigʻiga muvofiq amalga oshiriladi. Bu – byudjet yukini kamaytirish va xarajatlarni isteʼmolchi toifalari oʻrtasida adolatli taqsimlash siyosatining bir qismidir.

    Byudjet muassasalari uchun tarifning +18,8% ga oshishi (801 963 soʻmdan 952 797 soʻm/Gkal gacha) energiya resurslari narxining oshishi hamda imtiyozlarning qisqarishi bilan bogʻliq. Bu holda yuridik isteʼmolchilarga qoʻshimcha moliyaviy yuk tushmasligi uchun byudjet muassasalari tarifi shu darajada belgilangan. Bunday yondashuv issiqlik taʼminoti tizimida muvozanatni saqlashga: biznes xarajatlarining keskin oʻsishiga yoʻl qoʻymaslikka yordam beradi.
    Yuridik shaxslar uchun tarif ilgari ishlab chiqarish tannarxidan ancha past edi – 244 497 soʻm/Gkal. Uni +40% ga (342 296 soʻm/Gkal gacha) oshirish — boshqa toifalar bilan narxlarni bosqichma-bosqich tenglashtirish va kross-subsidiyalashni kamaytirishga qadamdir. Kross-subsidiyalashda bir isteʼmolchilar guruhi boshqa guruh xarajatlarining bir qismini qoplaydi.

    Kelgusida byudjet tashkilotlari va yuridik shaxslar uchun tariflar bosqichma-bosqich tenglashtirilib, yagona oʻrtacha darajaga yaqinlashadi. Bu issiqlik energiyasi toʻlovida isteʼmolchi toifalari oʻrtasidagi nomutanosiblikni kamaytiradi, shahar byudjeti yuklamalarini yengillashtiradi va xarajatlarning adolatli taqsimlanishini taʼminlaydi.

    Kompaniya nega boshqa kommunal tashkilotlarga qaraganda tarifni kamroq oshirmoqda?

    Birinchi va eng muhim omil – issiqlik yoʻqotishlarni kamaytirish. 2022-yildan 2024-yilgacha boʻlgan davrda issiqlik yoʻqotishlar 44,3% darajadan 33,4% gacha kamaytirildi. Ushbu kamayishning 97% quyidagilar hisobiga taʼminlandi: qozonlarni kapital taʼmirlash, issiqlik izolyatsiyasini almashtirish, joriy taʼmirlash ishlari, avariya shikastlarini bartaraf etish (22%), eskirgan quvurlarni almashtirish (70%) va nasos stansiyalarini kapital taʼmirlash (5%). Shuningdek, kompaniya boshqa ishlab chiqarish va maʼmuriy xarajatlarni qoplash uchun mablagʻlardan oqilona foydalanadi, ichki byudjetlarga cheklovlar joriy etadi va optimallashtirish jarayonlarini amalga oshiradi.

    Nega shaharda koʻp qazish va uzoq davom etgan taʼmirlash ishlari olib borilmoqda?

    Bugungi kunda issiqlik tarmoqlarining taxminan 68% modernizatsiyani talab qiladi va kompaniya ularni yangilash boʻyicha kompleks dastur amalga oshirmoqda. Solishtirish uchun: 2021-yilda bu koʻrsatkich 71,8% edi va Veolia kelishidan oldin eskirish foizi faqat oshib borgan. Kompaniya kelgach, modernizatsiyani talab qiladigan tarmoqlar ulushi kamayishni boshladi.

    Biroq, issiqlik tarmoqlarining uchdan ikki qismi hali ham almashtirilishi kerakligini, shuningdek, tabiiy eskirish tufayli har yili bu hajm ortib borayotganini hisobga olsak, erishilgan natijani muhim va sezilarli qadam sifatida baholash mumkin.

    2022-yil iyulidan 2025-yilgacha «Veolia Energy Tashkent« issiqlik taʼminoti obyektlarini modernizatsiya va taʼmirlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib bormoqda:

    Quvurlarni almashtirish. 2022-yilda 39,4 km quvur almashtirildi. 2023-yilda — 66 km. 2024-yilda — 82 km. 2025-yilda 73,5 km quvurni almashtirish rejalashtirilgan. Umumiy hajm — 187,4 km.

    Quvurlar issiqlik izolyatsiyasini yangilash. 2022-yilda 11,4 km izolyatsiya tiklandi. 2023-yilda reja 19 km boʻlib, amalda 31,7 km bajarildi. 2024-yilda reja 34 km boʻlib, amalda 47 km yangilandi. 2025-yilda 21,5 km rejalashtirilgan. Umumiy hajm — 90,1 km.

    Mahalliy qozonxonalarda qozonlarni kapital taʼmirlash. 2022-yilda 3 ta qozon taʼmirlandi. 2023-yilda — 27 ta, 2024-yilda — 29 ta. 2025-yilda 23 ta qozon taʼmirlash rejalashtirilgan. Umumiy hajm — 59 ta qozon.

    Nasos stansiyalarini kapital taʼmirlash. 2022-yilda 1 ta stansiya taʼmirlandi. 2023-yilda — 6 ta, 2024-yilda — 12 ta. 2025-yilda 13 ta stansiya taʼmirlanadi. Umumiy hajm — 19 ta nasos stansiyasi.

    2022–2024-yillarda kompaniya reja asosida olib borgan ishlar tufayli 225 mln m³ gaz, 49,6 mln kVt·soat elektr energiyasi, 29,3 mln m³ issiq suv tejab qolindi.

    2025–2026-yillarga rejalari: 474,13 km eskirgan uchastkalarni joriy taʼmirlash va almashtirish. Avariya holatlariga tezkor javob berish uchun kecha-kunduz ishlaydigan dispetcherlik xizmati faoliyat yuritadi. Shuningdek, 73,5 km issiqlik tarmoqlarini kapital taʼmirlash, 21,34 km issiqlik izolyatsiyasini tiklash, 23 ta mahalliy qozonxonani va 13 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish, 669 ta zulfin va 345 ta kompensatorni almashtirish rejalashtirilgan.

    Yuqorida sanab oʻtilgan barcha ishlar issiqlik taʼminoti sifatini yaxshilash va samaradorligini oshirishga qaratilgan. Ammo, issiqlik taʼminoti tizimi katta kapital sarmoyalarni talab qiladigan holatda boʻlib, ular qisqa muddatda amalga oshirilishi mumkin emas va yaqin 10-yilga moʻljallangan modernizatsiya dasturlarida belgilangan. Bu esa yildan yilga ortib borayotgan avariya holatlarini bartaraf etishga tayyor turish yukini oshiradi. Shu sababli kompaniya oʻz byudjet va rejalarida avariyalarni bartaraf etish boʻyicha harakatchanlikni oshirish, pudrat tashkilotlari bilan ishlashni yaxshilashni, ularning ishlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qilishni koʻzda tutadi.

    Nega shaharni mahalliy qozonxonalarga oʻtkazib boʻlmaydi?

    Mahalliy qozonxonalar masalasi gazdan samarali va tejamkor foydalanish bilan chambarchas bogʻliq. Aholi zich yashaydigan hududlarda mahalliy qozonxonalar samarali emas, biroq shaharning ayrim tumanlarida hozirgi yirik qozonxonalar oʻz quvvatining yarmida ishlamoqda, bu esa samarasizdir. Bunday hududlarda shaharning aniq qismlari uchun samaraliroq va tejamkorroq boʻlgan bir nechta mahalliy qozonxonalarga oʻtish rejalashtirilgan. Eslatib oʻtamiz, 9 ta yirik issiqlik markazlari issiqlik ishlab chiqaruvchi “Toshkent issiqlik markazi” MCHJ ga, bitta markaz esa “Toshkent issiqlik elektr stansiyasi” AJ ga tegishlidir. Veolia Energy Tashkent kompaniyasi 90% issiqlik energiyasini (issiq suv taʼminotini) ushbu issiqlik ishlab chiqaruvchilardan sotib oladi va poytaxt aholisiga issiq suvni yetkazib beradi. Kompaniyaning tasarrufidagi qozonxonalar umumiy hajmni 10% ni taʼminlaydi xolos.