Ikki qismda tashkil etilgan press-turda OAV xodimlari Veolia Energy Tashkent kompaniyasiga qarashli boʻlgan qozonxonalarga ekskursiya qildi.
Shu paytgacha poytaxtda issiq suv tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirildi. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, qozonxona uskunalarini yangilash va boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish shahardagi isitishning ishonchliligi va energiya samaradorligini oshirishga mustahkam poydevor yaratgan boʻlsa, 2022-yil iyulidan boshlab ushbu markazlashtirilgan issiq suv taʼminot tizimini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilmoqda. Maqsad — tizimni yanada ishonchliroq, energiya samaraliroq va ekologik jihatdan toza qilish. Shu kungacha Bektimir (“Suvsoz” massivi) va Sergeli (“Quruvchilar” massivi) tumanlarida ikki zamonaviy, “yopiq” tipdagi qozonxona barpo etilib, ishga tushirildi.
Ushbu hududlarda 144 ta individual issiqlik punkti (IIP) oʻrnatilib, uylar uchun issiqlik taʼminoti aniqroq boshqarilmoqda. Qozonxonalar zaxira generatorlari va favqulodda yonilgʻi tizimlari bilan jihozlangan – bu elektr uzilishi boʻlsa ham uzluksiz ishlashni taʼminlaydi.
Yopiq tizim nima va uning qanday foydali tomonilari bor? Jumladan, hozirgi sistemada markaziy tarmoqdan oʻtayotgan suv toʻgʻridan-toʻgʻri abonentlarning radiatorlari va suv aralashtirgichlariga yetkaziladi. Yopiq tizim esa har bir uy ichida alohida kontur hosil qilib, IIP orqali issiqlik uzatiladi, lekin markaziy tarmoqdagi suv bilan aralashtirilmaydi. Bu ichki tarmoq bilan markaziy tarmoq orasidagi barqaror himoya zaminini yaratadi.
Yopiq tizimning afzalliklari shundaki, avvalo isitishda yoʻqotishlar minimallashib, harorat barqaror, quvurlarning umri uzun boʻladi. Shuningdek, issiq suv sifati yaxshilanadi, xarajatlar kamayadi, eng asosiysi, ekologiyaga bosim kamroq boʻladi. Ayni natija – zamonaviy, iqtisodiy, ishonchli tizim, shahar aholisining barqaror rivojlanish va qulaylik talablari uchun mos.
Modernizatsiyaning yana bir yoʻnalishi — tarmoqlarni rekonstruksiya qilish boʻlib, bunda poliuretan izolyatsiyali poʻlat quvurlar qoʻllaniladi.
Mazkur modernizatsiya orqali: stabil harorat, energiya samaradorligi, kommunal xarajatlarning kamayishi va ekologik tozalik yoʻlga qoʻyiladi.
Press-turning ikkinchi qismida OAV xodimlari uchun brifing tashkil etildi. Unda jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga masʼul mutaxassislardan javoblar oldilar.
Zulhumor Akbarova








