“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida boʻlib oʻtgan mazkur anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Q.Burxonov, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B.Abduhalimov, Mudofaa vazirining madaniy ishlar boʻyicha maslahatchisi Sh.Yusupov, bir qator harbiy xizmat faxriylari, xorijiy va mahalliy professor olimlar hamda tegishli davlat idoralari vakillari ishtirok etdi.

Qoʻmita raisi Q.Burxonov maʼruzasi boshida barchani yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk gʻalabaning 77 yillik shonli bayrami bilan muborakbod etdi. Shundan soʻng bugungi tinchlik zamoni uchun jangohlarda qon kechgan ota-bobolarimizning mardonavor jasoratlariga toʻxtalib, ular va ularning yaqinlariga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.

Dahshatli urush taassurotlari haqida soʻzlar ekan, butun insoniyatga kulfat olib kelgan toʻqnashuvlar, bizning xalqimizga ham mislsiz talofat va yoʻqotishlar olib kelganini aytib oʻtdi. Oʻz navbatida, ana shunday tariximizni sinchiklab oʻrganish, uning qadriga yetish borasida Davlat rahbarimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan ishlarga toʻxtaldi.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni oʻrganishda tom maʼnoda yangi davr boshlangani taʼkidlandi. Xususan, yangi maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistondan 1 million 951 minga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlangani, har uch nafar oʻzbekistonlikdan bittasi qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilganini, 451 ming nafar yurtdoshlarimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar davomida eʼtibordan chetda qolgani aytib oʻtildi.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, «biz urush va front orti faxriylarini faqatgina bayramlarda emas, balki doimo eʼzozlab, ardoqlashimiz, ularning sogʻligi haqida har kuni, har soatda oʻylashimiz lozim».

Konferensiya ishtirokchilari taʼkidlaganidek, aslida bu hayotning oʻzi bir sinov. Hamisha el-yurt manfaatini oʻylab, yurt ravnaqi va xalq osoyishtaligi uchun umrlarini baxshida etgan insonlar borki, hamisha eʼzozga munosibdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.