Ozarbayjonda boʻlib oʻtayotgan Turkiyaning "Korkut ota" xalqaro kinofestivalida oʻzbekistonlik kinoijodkorlar ham qatnashmoqda.
Jumladan, Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, "Abdulla Oripov" filmi rejissyori Muzaffarxon Erkinov, Oʻzbekiston xalq artisti, "Abdulla Oripov" filmida rol ijro etgan Gulchehra Jamilova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Matyoqub Matchanov, "Mening doiram" hujjatli filmi rejissyori Shuhrat Mahmudov, mahoratli aktrisa Rayxon Asadovalar hozirda Ozarbayjonda boʻlib turibdi.
Shuningdek, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov hujjatli filmlar boʻyicha, Oʻzbekfilm kinokonserni rahbari Bahodir Odilov esa badiiy filmlar boʻyicha kinofestivalning xalqaro hakamlar hayʼati aʼzosi hisoblanadi.
Ozarbayjondagi xalqaro kinofestivalda Oʻzbekistondan ikkita film ishtirok etmoqda. Bular Muzaffarxon Erkinov suratga olgan "Abdulla Oripov" badiiy filmi va Shuhrat Mahmudovning "Mening doiram" hujjatli filmi.