Bundan bir necha yil oldin bankdan kredit olish maqsadida fuqarolar bir qancha byurokratik toʻsiqlarga duch kelgan boʻlsalar, bugungi kunda birgina shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan xam onlayn tarzda kreditni rasmiylashtirish mumkin. Xuddi shunday, xizmatlarni koʻrsatuvchi banklarga muqobil boʻlgan mikrokredit tashkilotlar xam koʻpayib bormoqda. Oʻz navbatida ushbu xizmatlarning soni ortib borishi parallel ravishda qarz oldi-berdisi bilan bogʻliq boʻlgan muammolarning ham koʻpayishiga sabab boʻlmoqda.

Bugungi kunda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi organlari ish yurituvidagi banklar va boshqa kredit tashkilotlari foydasiga qarzdorlikni undirish bilan bogʻliq ijro ishlarining salmogʻi ortib bormoqda. Shu sababli xam fuqarolarimizda toʻlov intizomi tushunchasini shakllantirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Zero bir tomondan koʻrsatilayotgan kredit xizmatlaridan foydalanish fuqarolarning turmush tarzini yaxshilash, oʻz-oʻzini band qilish va biznesni rivojlantirish uchun ijobiy taʼsir koʻrsatishi bilan bir vaqtda boshqa tomondan toʻlov intizomiga rioya qilinmasligi ularning moliyaviy ahvollariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Kredit xizmatlaridan foydalanishda moliyaviy savodxonlik muhim omil hisoblanadi. Har oylik xarajatlarni rejalashtirish va ushbu rejalarda oylik kredit toʻlovlariga xam maʼlum miqdordagi pul mablagʻlarini ajratish orqali toʻlov intizomiga rioya qilishga erishish mumkin.

Yuqorida keltirib oʻtilgan tavsiyalar qarz undirish masalasi Majburiy ijro byurosi organlari ish yurituviga oʻtgandan keyin xam oʻz dolzarbligini yoʻqotmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonunning 23-moddasiga asosan davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qarorda ijro hujjatidagi talablarni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun ijro ishi yuritish qoʻzgʻatilgan kundan eʼtiboran koʻpi bilan oʻn besh kun muddat belgilaydi. Ushbu muddatning oʻtkazib yuborilganligi, mazkur qonunning 771-moddasiga asosan ijro yigʻimi qoʻllanilishiga sabab boʻladi. Amaldagi qonunchilikka asosan asosiy qarzdorlik summasi bazaviy hisoblash miqdorining 1000 barobarigacha boʻlgan ijro ishlarida undiriladigan summaning 5 foizi miqdorida, bazaviy hisoblash miqdorining 1000 barobaridan ortiq boʻlgan ijro ishlarida undiriladigan summaning 2 foizi miqdorida ijro yigʻimi undirilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, ijro hujjatida koʻrsatilgan qarzdorlik belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga koʻra bartaraf etilmasligi qarzdorlarning qoʻshimcha jarimaga tortilishlariga xam sabab boʻlishi mumkin. Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, qarzdorlikni oʻz vaqtida bartaraf etish fuqarolar xamda yuridik shaxslarni bir qancha qoʻshimcha xarajatlardan saqlab qolishi mumkin.

Quyida keltiriladigan misollar bilan ham toʻlov intizomiga rioya qilishning ijobiy tomonlarini yaqqol koʻrsatib berish mumkin.

Byuroning Mirobod tuman boʻlimi ish yurituvidagi fuqarolik ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor Oybekov Bahromdan (ism familiyalar oʻzgartirilgan) undiruvchi “TBC BANK“ aksiyadorlik tijorat banki foydasiga 6.834.607 soʻm qarzdorlik undirish belgilangan. Olib borilgan ijro harakatlari jarayonida ushbu qarzdorlik belgilangan ixtiyoriy muddat mobaynida toʻliq toʻlangan va qarzdorga nisbatan hech qanday qoʻshimcha undiruvlar amalga oshirilmagan.

Fuqarolik ishlari boʻyicha Mirobod tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor Tursunov Ilhomjondan (ism familiyalar oʻzgartirilgan) undiruvchi “AXIOM PLAN“ masʼuliyati cheklangan jamiyati foydasiga 4.002.932 soʻm qarzdorlik undirish belgilangan. Qarzdor tomonidan ijro hujjatida belgilangan qarzdorlik ixtiyoriy muddat ichida toʻlanmaganligi sababli, unga qoʻshimcha ravishda 200.146 soʻm ijro yigʻimi xamda Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 1981-moddasiga asosan 1.700.000 soʻm maʼmuriy jarima qoʻllanilgan. Olib borilgan ijro harakatlari natijasida yuqorida koʻrsatilgan qarzdorlik summalari majburiy tartibda toʻliq undirilgan.

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, ikkinchi holatda xam qarzdor tomonidan ijro hujjatida koʻrsatilgan asosiy qarzdorlik oʻz vaqtida toʻliq bartaraf etilganda qoʻshimcha tarzda 1.900.146 soʻm (asosiy qarzdorlikning deyarli yarmiga teng) ijro yigʻimi va maʼmuriy jarima undirilmasligi va 4.002.932 soʻm qarzdorlikni toʻlash bilan kifoyalanishi mumkin edi. Bundan eng avvalo qarzdorning hamyoni foyda koʻradi. Binobarin, ijro hujjatining ijrosini taʼminlashning ijobiy yoki salbiy oqibatlar bilan yakuniga yetkazilishi, qarzdorlar tomonidan qonunda belgilangan muddatlarga amal qilishiga bogʻliqdir.

Prezidentimizning tegishli farmoniga asosan “Majburiyatlar reyestri” instituti joriy etilishi kutilmoqda. Majburiy ijro byurosi tomonidan yuritiladigan ushbu reyestrga mol-mulki yoʻqligi sababli undiruvni amalga oshirishning imkoni boʻlmagan qarzdorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi va ijro xarakatlari davomida qarzdorga nisbatan qoʻllanilgan barcha cheklovlar saqlab qolinadi. Qarzdor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ushbu reyestrda 10-yil davomida saqlanib qoladi va mol-mulk yoki pul mablagʻlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aniqlangan taqdirda majburiy ijro xarakatlari davom ettiriladi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, endilikda toʻlovlardan qochib yurish chora emas balki, qarzdorlarning zarariga ishlaydigan samarasiz xatti-harakatga aylanib bormoqda. Zero 10-yillik muddat davomida “Majburiyatlar reyestri” cheklovlar saqlangan holda roʻyxatda turish toʻlovlardan qochgan fuqarolarga foydadan koʻra koʻproq zarar keltirishi muqarrar. Toʻlov intizomiga rioya qilish orqaligi fuqarolar turli xil qoʻshimcha toʻlovlar va jarimalardan xoli tarzda oʻz majburiyatlarini belgilangan muddatlarda bajarishlari va pirovardida oʻzlariga iqtisodiy zarar yetkazmasdan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosini oʻz vaqtida taʼminlashlari mumkin boʻladi.

Hamza ISMATOV,

Majburiy ijro byurosi Mirobod tuman boʻlimi

boshligʻi oʻrinbosari-2-darajali yurist