Albatta, kichkintoyning birinchi sinfga tayyor holda borishi nafaqat ustozlar, balki ota-onalar, oila kattalari zimmasidagi oʻta masʼuliyatli vazifa deyish mumkin. Maktabda bolalarning taʼlimni yaxshi oʻzlashirishi esa koʻp jihatdan maktabgacha taʼlim tashkilotidagi taʼlim-tarbiyaga bogʻliq.
Bugungi kunda yurtimizda faoliyat yuritayotgan 30 mingga yaqin maktabgacha taʼlim tashkilotida 2 milliondan ortiq bola taʼlim-tarbiya olayotgan boʻlsa, 2022–2023 oʻquv yilida ularning 563 331 nafari har yilgidan oʻzgacha shukuh bilan umumtaʼlim maktablariga kuzatildi.
Ularning 442 644 nafari davlat, 22 017 nafari davlat-xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat, 83 538 nafari oilaviy hamda 15 132 nafari xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari hisoblanadi.
Tarbiyalanuvchilarning maktab davriga qoʻyayotgan ilk qadamlari katta hayotga debocha sanaladi. Hozirda bolalarni maktabga tayyorlashda ularda ijtimoiy munosabat va koʻnikmalarni shakllantirish saʼy-harakatlar yanada faollashgan.
Oʻtgan yillar davomida yurtimizning koʻplab hududiga taʼlim-tarbiya uchun barcha shart-sharoitga ega avtobuslar “koʻchma bogʻcha” shaklida qayta jihozlangan holda yetkazib berildi. Bu yerda “Aqlvoy”– maktabgacha taʼlim mobil guruhlari shakllantirilgani ham muhim qadamlardan boʻldi. Maktabgacha taʼlimning ushbu muqobil innovatsion shakli oʻquv-tarbiya xizmatlari sifati va samaradorligini oshirish imkonini berdi.
Qamrov koʻrsatkichi past 156 ta mahalla fuqarolar yigʻinida tayyorlangan oʻyin maydonchalarida 7 mingga yaqin bolani qamrab oladigan, qayta jihozlangan 72 ta ana shunday “koʻchma bogʻcha” negizida 429 ta mobil guruh shakllantirildi. Bu loyiha orqali shahar va qishloqda yashovchi bolalarning teng darajada taʼlim-tarbiya olishi taʼminlanmoqda.
Chekka hududlargacha yetib borib, u yerdagi oʻgʻil-qizlarning sifatli taʼlim-tarbiya olishini taʼminlashni koʻzda tutuvchi bu loyiha bogʻchaga qamrov darajasini oshirish va bolalarni maktabga sifatli tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etayotir. Didaktik adabiyotlar, maxsus ishlangan film va koʻrsatuvlar kichkintoylarga sifatli taʼlim-tarbiya berishda qoʻl kelmoqda.
Maktabgacha taʼlim uzluksiz oʻqitishning boshlangʻich qismi sifatida bolada bilim olishga ishtiyoq uygʻotadi, uni tizimli oʻquv jarayoniga tayyorlab boradi. Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantirish boʻyicha davlat talablariga muvofiq va xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi bolalarning bizni oʻrab olgan borliq nima, u qanday rivojlangan, tabiatda inson qanday oʻrin tutadi, uning ongi qanday paydo boʻladi va kamol topadi, jamiyatning yaralish tarixi, insoniyat turmush darajasini qanday qilib yaxshilash mumkin kabi masalalarga qarashi, munosabatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida joriy etilgan amaliyot hamda xalqaro xorijiy tajribadan kelib chiqib, bolaning yoshi va individual xususiyatlarini hisobga olgan holda bolaga yoʻnaltirilgan yondashuv asosida “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi takomillashtirildi.
Mazkur davlat oʻquv dasturi asosida 6 yoshli bolalarni boshlangʻich taʼlimga bepul majburiy tayyorlov guruhlari uchun yaratilgan “Ilm yoʻli” variativ dasturi ham kichik yoshdagi bolalarni maktabga tayyorlashga xizmat qilib kelmoqda.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya jarayoni “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi, “Ilm yoʻli” variativ dasturlarida tavsiya etilgan mavzular asosida hududiy, milliy, madaniy xususiyatlar va bu jarayonda maktabgacha taʼlim tashkilotining imkoniyati va oʻziga xos tomonlarini hisobga olgan holda tashkil etilib kelmoqda.
Maktabgacha taʼlim tashkilotida rivojlantiruvchi muhitni tashkil etishda bolalarning yoshi, individual xususiyatlari va ehtiyojlarini, shuningdek, mintaqaning madaniy va tarixiy xususiyatlarini hisobga olish
muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun MTT yoʻlga qoʻyilgan rivojlantiruvchi muhitda kamida 5 ta rivojlanish markazlari — qurish-yasash, konstruksiyalash va matematika, syujetli-rolli oʻyinlar, sahnalashtirish, til va nutq, fan va tabiat, sanʼat markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Bolalarning intellektual salohiyati, ijodkorligi, yaratuvchanlik qobiliyati, mantiqiy tafakkuri rivojlantirilishida mazkur markazlarning oʻrni alohida. Masalan, “Qurish-yasash, konstruksiyalash va matematika” markazida bola ijod qilib, oʻz gʻoya va tasavvuriga tayangan holda, mavzuga mos tarzda yangilik yaratsa, “Sanʼat” markazida aynan shu yasagan buyumni tasvirlab, chizadi. “Til va nutq” markazida esa yasalgan va yaratilgan narsa, buyumning tabiatdagi ahamiyati, uning oʻrni, foydali tomonlari, jonli yoki jonsiz tabiatga taalluqli ekani haqida soʻzlab berishi mumkin.
Rivojlanish markazlarida tarbiyalanuvchilarning ongi, dunyoqarashini oʻstirish, ularni taʼlim jarayonida erkin fikrlaydigan va erkin ishtirokchiga aylantirish nihoyatda muhimdir. Tarbiyachi taʼlim jarayonida boshqaruvchi, bolalar esa ishtirokchiga aylanadi. Ana shu vazifani uddalashda innovatsion faoliyat ustunligi koʻp qirrali samara keltirmoqda.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlash joizki, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarning sogʻligʻini saqlash, mustahkamlash va xavfsiz muhitni taʼminlash alohida ahamiyat kasb etadi.
Bunda, bolaning turli ehtiyojlarini, jumladan, harakatga boʻlgan ehtiyojini qondirish, faol oʻyinlar va kundalik jismoniy mashqlar orqali bolalar oʻzlarining his-tuygʻularini, yirik va mayda motorika
koʻnikmalarini rivojlantirish, atrof-olamni oʻrganish va turli predmetlarni boshqarish, oʻz tanasining taʼsir va imkoniyatlarini farqlay olish, unga gʻamxoʻrlik qilishni va sogʻlom turmush tarzini qabul qilish kabi ilk tushunchalarga ega boʻlishlariga asosiy eʼtibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda maktabgacha taʼlim tizimini takomillashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Kelgusida bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish, taʼlim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish uchun yurtimizning barcha hududida bolalarni umumiy boshlangʻich taʼlimga bepul majburiy bir yillik tayyorlashni joriy etishda qisqa muddatli “Pley-guruh”lar, maktabgacha yoshdagi bolalarga uyiga borib maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish dasturi “Nome visits” kabi muqobil shakllarini joriy etish va rivojlantirish koʻzda tutilmoqda.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, bugungi kun auditoriyalari oʻn yil avvalgilaridan juda katta farq qiladi. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari kompyuterlar va boshqa turdagi taʼlim texnologiyalari bilan bosqichma-bosqich jihozlanmoqda. Bunday raqamli muhitga ega boʻlish va u bilan doimiy oʻzaro munosabat natijasida kichkintoylarning fikrlashi, axborotlarni qabul qilish va oʻzlashtirish, fikr yuritish oldingisidan tubdan farq qilmoqda.
Raqamli avlod kichkintoylariga eskicha uslubda taʼlim-tarbiya berish mumkin emas va boʻlmasligi ham kerak. Bu avlodning jajji vakillariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan innovatsion taʼlim texnologiyalari va didaktik modellarni ommaviy va samarali qoʻllash orqali taʼlim tizimini moslashtirish zarur.
Shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi davrda maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishi, taʼlim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berish, zamonaviy va sifatli taʼlim berish orqali tizimni izchil takomillashtirish kun tartibidan tushmaydigan muhim vazifaga aylanmogʻi shart.
Noroy SOATOVA,
Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi huzuridagi
Maktabgacha taʼlim agentligining bosh mutaxassisi









