Kamida bir asr muqaddam ulugʻ mutafakkir bobomiz bunday xulosaga oʻz-oʻzidan kelmagani aniq. Abdurauf Fitratning yuqoridagi fikrlari qatoridan joy olishi mumkin boʻlgan iqtiboslarni izlab, yana manbalarga murojaat qildim. “Ilm yolgʻizlikda hamroh, gʻurbatda sirdosh, doʻstlar huzurida ziynat, dushmanlarga qarshi oʻtkir qurol”, degan ekan Rizouddin bin Faxriddin.
Odam boʻlish, oila tutish, ovqatlanish, kiyinish, yurish-turish, salomlashish, soʻzlashish, dehqonchilik va tijorat uchun ham ilm kerak. Ilm kirmagan va boshqarmagan biror soha yoʻq. U insonga ato etilgan neʼmatlarning eng fazilatlisi va qudratlisi, dunyodagi bor narsa — amalning, baxtu saodatning, savobu gunohning barchasini magʻzini chaqa biladi, maftunkor va yashirin haqiqatni kashf eta oladi.
Ilm insonga beshikdan to qabrgacha hamroh boʻladi, taʼlim-tarbiya beradi, rahnamolik qiladi. Donolarimiz: “Ilm dunyo va oxiratda oʻziga foyda va zarar boʻladigan narsalarni bilmoq demakdir”, “Ilm yoʻli bir muborak yoʻldir, lekin koʻp mashaqqatli va ogʻirdir, shunday boʻlsa-da, boshi — saodat, oxiri kamolotga borib toʻxtaydi”, deb yozib qoldirgan. Yahyo ibn Muoz esa: “Ilmning boshi sukut, keyingisi tinglash, undan keyingisi esa uni yod olish va navbatdagisi unga amal qilish va eng oxiri insonlarga oʻrgatishdir”, degan. Nazarimizda, bundan ortiq taʼrif topish va keltirish ortiqcha urinishdan boshqa narsa emas.
Inson hayoti mobaynida oʻzidan yaxshi nom qoldirish uchun intiladi, izlanadi, oʻqiydi. Natijada esa shakllantirgan teran tafakkuri, aqlu shuuri bilan yon-atrofga maʼrifat nurini sochishga muvaffaq boʻladi. Kishilarni ezgulikka chorlaydi, yaxshilikka undaydi. Asosiysi, jamiyatda sogʻlom muhit yaratishga munosib hissasini qoʻshishga harakat qiladi. Hayotning goʻzalligi, insoniylikning bardavomligi, jamiyatning farovonligi esa ilm tufaylidir.
Bir kuni akademik Ahmadali Asqarov bilan katta intervyu tayyorlab, ayrim fikrlarni toʻldirish, pishitish masalasida maslahatlashgani yana huzuriga bordim. Maqolani qayta oʻqib, ayrim tuzatishlar kiritdik. Olimning kayfiyati avvalgidek emasdi, sal xafaqon. Ketar chogʻim buning sababini soʻradim.
— Ayrim talabalarni koʻrib, asabim buziladi. Darslarga ilm olish uchun kelyaptimi, shunga harakat qilishi kerak-da. Baʼzilar oʻzining ham, domlalarning ham vaqtini behuda sovuradi. Alam qiladigani, iqtidorlilar qatorida tanbalroqlari ham oʻqishni bitirib, diplomli boʻladi. Bundaylar ilmsizlik oqibatida oʻzini oʻtga-choʻqqa uradi, qingʻir yoʻllar bilan boʻlsa-da, moddiy manfaat koʻzlaydi, umrining oxirigacha faqat oʻzini oʻylaydigan, hammaning asabiga tegadigan uquvsiz kadr boʻlib qolaveradi, — dedi akademik kuyinib.
Buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriyning “Odob durdonalari” (“Al-Adab al-mufrad”) kitobida keltirilgan muborak hadisi sharifda “Hech bir ota oʻz farzandiga xulqu odobdan buyukroq meros bera olmaydi”, deyiladi. Xulqu odobning tag zamirida esa ilm yotadi, u ilm-maʼrifat vositasida shakllanadi.
— Oʻzbekiston azaldan intellektual kuchlar vatani boʻlib kelgan, — deya davom etdi Ahmadali aka. — Yaqingacha bola tarbiyasini bogʻchadan, maktabdan, oliy oʻquv yurtlaridan talab qilib keldik. Uning asl ildizi oiladan boshlanishiga eʼtibor bermadik. Endilikda farzand tarbiyasida oilaning roli katta ekanini yaxshi bilsak-da, bu asnoda haligacha keng koʻlamli amaliy ishlarga oʻtilgani yoʻq. “Qush uyasida koʻrganini qiladi”, “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan maqollar bejiz aytilmagan. Tarbiyachi bola oldida har jabhada ibrat namunasi boʻla olmasa, uning taʼsiri boʻlmaydi. Tarbiyachilar esa koʻproq oʻz vazifasini emas, balki koʻproq pul ishlashni oʻylaydi, bolaning ota-onasidan har bir bayramda sovgʻa-salomlar kutadi. Maktablarda ham shu ahvol. Bular ayrim fuqarolar qalbida tarixiy tafakkurning sayozligidan dalolat beradi.
Ilm olish jarayonida yoshlarning niyati pok va bir butun boʻlsa, albatta, ilm uni yorugʻlikka yetaklaydi, undan kelajakda kishilarimizning maʼnaviy ehtiyojlarini qondira biladigan, baxtu saodatga toʻgʻri va chiroyli erishishga chorlaydigan olim chiqadi. Shunday komil mutaxassislarni yetishtiruvchi taʼlim muassasasi pedagoglari ham bugungi kunda hayot zaruratiga aylangan. Qars — ikki qoʻldan, deydilar. Ikki qoʻl bir-biriga uygʻunlashganda, harakatga kirganida bir-birini poklaydi, ikki qoʻl birlashganda kuch-qudrat ham yanada oshadi.
— Baʼzi yoshlarimiz, ularning ota-onalari va qoʻshtirnoq ichidagi ayrim pedagoglar oʻqish bahona soxtalikni vujudga keltirayotganiga, soxtalik yuzakilikni ergashtirib kelayotganiga, yuzakilik bilimga emas, quruq diplomga yetaklayotganiga, yaʼni haminqadar mutaxassis egasi boʻlishga sababchi ekaniga toʻliq tushunmaydi yoki uni anglashni istamaydi, — deydi professor Qudratilla Karimov. — Ogʻirning ustidan, yengilning ostidan tarala-bedod qilib, ota-onasining pulini kulga aylantirayotganlar vaqtini, umrini bekorga sovurayotganini oʻylab koʻrmasa ham kerak. Hamma fojia shunda.
Ilm poklik va halollikni shakllantiradi. Poklik va halollik esa buyuklik, insoniylik, goʻzallikni yetaklab yuradi. Prezidentimizning joriy yil 14-fevral kuni yoshlar bilan uchrashuvi mamlakatimizda navqiron avlodni qoʻllab-quvvatlashga, ularni ilmli qilishga nechogʻliq yuksak eʼtibor qaratilayotganini koʻrsatish bilan birga, hukumat va yoshlar oʻrtasidagi hamkorlikning yangi ufqlarini ham ochib berdi. Bugun dunyoda roʻy berayotgan global oʻzgarishlar sharoitida bunday samarali va samimiy uchrashuvlar, muloqotlar juda-juda zarur va dolzarb.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari yoshlar timsolida yangi Oʻzbekistonning bugungi va ertangi bunyodkorlarini koʻrayotganini taʼkidlab, turli sohadagi yutuqlari bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan yoshlarni alohida eʼtirof etdi. Shuningdek, oʻqimishli, bilimli yigit-qizlar safini kengaytirish borasida erishilgan yutuqlarimizga haqqoniy baho berdi. Mazkur uchrashuv hukumat va yosh avlod oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarish yoʻlida muhim qadam boʻldi.
Har bir mamlakatning, jamiyatning taraqqiyoti u yerda ilmu fan, ayniqsa, uning zamonaviy yoʻnalishlari naqadar rivoj topgani bilan uzviy bogʻliq. Ilmga va uni oʻrganishga qaratilayotgan eʼtibor oʻsha davlatning ertangi kunini belgilab beradi. Bugun IT sektor va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish har qachongidan dolzarb. Joriy yilda Oʻzbekiston IT sohasi eksport hajmini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. “Bir million dasturchi” loyihasiga qoʻshimcha 300 ming yosh jalb etiladi. Coursera platformasida sunʼiy intellekt yordamida oʻzbek tilida taʼlim olish imkoniyatiga ega 3000 dan ortiq kurs ishga tushiriladi. Qoraqalpogʻistonda “Muhammad Xorazmiy vorislari” loyihasi yoʻlga qoʻyiladi va unda yana 1000 ta yosh ishtirok etadi.
Bundan tashqari, BAA bilan Oʻzbekistonda “Bir million sunʼiy intellekt foydalanuvchilari” loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Ushbu loyihani roʻyobga chiqarish bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi shugʻullanmoqda. Oʻtgan yili 25 ming qiz axborot texnologiyalari sohasida bepul taʼlim oldi. Joriy yilda dasturchi ayollar sonini ikki barobar oshirish rejalashtirilgan. 1000 nafar iqtidorli qiz IT lagerlarda xalqaro olimpiadalarga tayyorlanadi.
Yigʻilishda yoshlarning qiziqish va ehtiyojlarini barvaqt aniqlash, salohiyatini monetizatsiya qilish, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga jalb etishda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish muhimligi taʼkidlandi. Prezidentimiz masʼul idoralarga raqamli ijtimoiy ekotizimni joriy etish boʻyicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish topshirigʻini berdi.
Bugun dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surmoqda, manfaatlar toʻqnashuvi kuchaymoqda. Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Milliy oʻzlik va maʼnaviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortmoqda. Faqat oʻzini oʻylash, mehnatga, oilaga yengil qarash, isteʼmolchilik kayfiyati turli yoʻllar bilan odamlar, ayniqsa, yoshlar ongiga ustamonlik bilan singdirilyapti.
Terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiberjinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar xavfi oshib bormoqda. Baʼzi hududlarda atayin beqarorlik yuzaga keltirilib, norozilik kayfiyati avj oldirilmoqda. Bunday tahlikali vaziyatda hushyor va ogoh boʻlib, xalqimizning tinchligi, mamlakatimiz manfaatlarini oʻylab yashash zarur.
Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqan. Davlatimiz rahbari loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun nuroniylar tarbiyasi, jamoatchilik nazorati yetishmayotganini koʻp taʼkidlaydi, jamoatchilikni, ziyolilarni faollikka, hushyorlikka chaqiradi.
Shu kabi ijtimoiy illatlarni bartaraf etishda axloqan poklik, halollik fazilatlarini shakllantirish masalalari boʻyicha barcha taʼlim muassasalari va tashkilotlarda doimiy oʻqitish va malaka oshirishni taʼminlash, shuningdek, bu borada amaliy yoʻnalishga ega tegishli oʻquv materiallarini ishlab chiqish va oʻquv jarayoniga joriy etishni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq.
Prezidentimiz shu yil 5-mart kuni yana bir muhim mavzuda maʼruza qildi. Korrupsiyaning oldini olish boʻyicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishdagi ushbu nutqda davlat va jamiyat boshqaruvida zamonaviy xodimning axloqan poklik, halollik fazilatlarini shakllantirish, maʼnaviyatini yuksaltirish dolzarbligicha qolayotgani, davlat xizmatchilari korrupsion xatti-harakatlar sodir etishining oldini olish maqsadida asosiy eʼtiborni jamiyatimiz ahlining maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini rivojlantirishga qaratish, keng jamoatchilik, birinchi navbatda, mutasaddi tashkilotlar birinchi rahbarlarining kundalik vazifasi ekani kabi masalalar oʻrtaga tashlandi.
Sababi, bugun dunyoning qator mamlakatlarida moddiyatga berilish, nafsni qondirish, buyumga sigʻinish kabi illatlar urchidi. Fikr va buyumlar, inson
tanasi va ruhiyati, tabiat va madaniyatning tovarga aylantirilishi bugungi kunning asosiy muammosiga aylanib qolmoqda.
Davlatimiz rahbari yigʻilishda bu muhim masalaga toʻxtalib, “Korrupsiyani yengish uchun, birinchi navbatda, uning ortiqcha hashamat va dabdaba degan oʻq ildizlarini quritishimiz shart. Eng achinarlisi, bunga taniqli shaxslar bosh-qosh boʻlyapti, odamlar ularga tenglashaman deb oʻzini oʻtga-choʻqqa uryapti. Bu borada ayrim rahbarlar oʻzining kamtarona turmush tarzi bilan barchaga namuna boʻlish oʻrniga bunday soxta qadriyatlar asiriga aylanib, noqonuniy daromad topishga intilayotgani ham bor gap”, dedi kuyinchaklik bilan.
Demak, bugun keng jamoatchilik birlashib, eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan masalalar yigʻilib qolgan. Toʻy-hashamlar bilan bogʻliq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki butun hayotiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Ortiqcha orzu-havaslar insonni nopok yoʻllar bilan pul topishga undaydi. Endi toʻy-hashamlar va turli maʼraka tadbirlari bilan bogʻliq masalalarni qatʼiy tartiblashtirish talab etiladi.
Dabdababozlik va hashamatchilikning jamiyat uchun oʻta zararligini inobatga olib, davlatimiz rahbari ham mazkur yigʻilishda parlament palatalari, mahalliy kengashlar, jamoatchilik vakillari, ziyolilar, mahalla raislari, nuroniylarni bu masalaga bosh-qosh boʻlib, aholi orasida tushuntirish ishlarini kuchaytirishga chaqirdi.
Korrupsiyani yengish qiyin, toki inson dunyoqarashining asosini imon, eʼtiqod, vijdon, halollik kabi maʼnaviy-axloqiy fazilatlar tashkil etmasa. Korrupsiyaning oldini olish murakkab, toki buning muhim shart-sharoiti sifatida halol mehnat orqali daromad topish insonning hayotiy ehtiyojiga aylanmasa.
Nazarimizda, Prezidentimizning joriy yil 14-fevral kuni yoshlar bilan uchrashuvi va 5-mart kuni korrupsiyaning oldini olish boʻyicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishda koʻrilgan masalalarda bogʻliqlik bordek. Gap shundaki, ilmli inson hech qachon korrupsiya botqogʻiga botmaydi. Negaki, u har bir qadami, xatti-harakati uchun har qanaqasiga hisob berishi kerakligini biladi. Korrupsiya oʻzi yashayotgan jamiyat taraqqiyotini ortga surishini, qilmishlarining asoratlari kelgusida farzandlarini tanazzulga duchor qilishini anglaydi. Ilm orqali oʻzini tanigan inson korrupsiyadan hazar qiladi.
Korrupsiyadek illatga qarshi kurash mamlakatimizning yaqin va uzoq yillar uchun belgilab olingan Taraqqiyot strategiyasini toʻliq amalga oshirishga xizmat qiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishidir.
Qayerdadir jinoyat sodir etib, yaʼni pora olib qoʻlga tushgan amaldorlar, masʼul shaxslar, huquq-tartibot idoralari xodimlari haqida turli ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari kunda xabar berib turibdi. Bizningcha, bu illatning tomiri ilmsizlikka borib taqaladi. Agar hafsala bilan tadqiqot olib borilsa, ularning aksariyati umrida qoʻliga kitob ushlamagan, oʻz vaqtida amal-taqal qilib, pora evaziga oʻqishga kirgan va pora bilan oʻqishni tugatib, diplom olgan boʻlib chiqsa ham kerak. Bundaylarda maqsad azaldan moʻmay daromad topish, birorta masʼul vazifani egallab, faqat moddiy manfaat yoʻlida hech narsadan qaytmaslik boʻlgan. Shukrki, taʼlim tizimidagi bugungi islohotlar bunday holatlarning ildiziga bolta urmoqda.
Bu endi alohida mavzu.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri