Davlatimiz rahbari 2016-yil 30-dekabr kuni mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Bugungi zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda. Zotan, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz yechish qiyin. Mazkur sohani va olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimizning ustuvor vazifalaridandir”, degan edi.
O‘sha yillari akademik ilm-fan og‘ir ahvolda edi. Ko‘plab ilmiy- tadqiqot institutlari oliy ta’lim muassasalari tasarrufiga o‘tkazilgandi. Prezidentimiz farmoni bilan hammasi yana Fanlar akademiyasi tarkibiga qaytarildi. Tizimdagi bir necha ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘z faoliyatini qaytadan tikladi.
Jumladan, Matematika, Yadro fizikasi, Seysmologiya institutlari faoliyati tubdan takomillashtirildi, Milliy arxeologiya markazi tashkil etildi.
Sohadagi dolzarb masalalar hal etilib, ilmiy tadqiqot faoliyati qo‘llabquvvatlana boshlandi. Olimlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, dosentlar maoshi deyarli uch barobar oshirildi. Laboratoriya uskunalari olish uchun zarur mablag‘ ajratildi.
Davlatimiz rahbarining fundamental va amaliy tadqiqotlar orqali sohani yanada taraqqiy ettirish, oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari faoliyati hamda ilmiy kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish, ilm-fan va iqtisodiyot tarmoqlari integrasiyasini yanada takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator qarorlari qabul qilindi. Xususan, matematika fanini rivojlantirish va institut faoliyatini takomillashtirishning ustuvor vazifalari belgilab berildi.
Prezidentimiz farmoni bilan Fanlar akademiyasi tarkibida V.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti qayta tiklandi. Talabalar shaharchasida muassasa uchun yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 7-maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Matematika fani va ta’limini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilgani, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda institut bo‘linmalari ochilgani ortidan matematikani rivojlantirish bilan bog‘liq ko‘pgina tashkiliy muammolar hal etildi.
Bu bo‘linmalar institutimizga bevosita tegishli bo‘lsa-da, joylardagi universitetlar huzurida tashkil etildi. Maqsad — fan bilan ta’limni imkon qadar o‘zaro yaqinlashtirish. Ta’lim fansiz rivojlanmaydi. Fanni rivojlantirish uchun esa yoshlar kerak. Shuning uchun olimlarning talabalar bilan birga ishlashi fanning ta’limga yaqinlashuviga xizmat qilmoqda. Shu bois, olimlarimiz joylarda talabalar bilan birga ishlab, ularni ilmiy ishlarga jalb etmoqda. Qolaversa, universitetlardagi yosh olimlar bo‘linmalarga kelib, ilmiy ishini davom ettirishi uchun sharoit yaratildi. Yoshlarning matematika faniga qiziqishini oshirish maqsadida akademiklar, professor-o‘qituvchilar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi”, “Ustoz-shogird”, “Mahorat darslari” kabi tadbirlar ham faoliyatimizda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Institut tadqiqotlari jahon darajasida e’tirof etilib, u yerda funksional analiz, algebra, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, hisoblash texnikasi bo‘yicha ilmiy maktablar faoliyat yuritadi hamda mamlakat ehtiyoji uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yirik ilmiy markazdir. Xodimlarimizning 7 nafari O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga va 5 nafari nufuzli Jahon Fanlar akademiyasi (TWAS) a’zoligiga saylangan.
Bugungi kunda matematik olimlarimiz an’anaviy yo‘nalishlardan tashqari yangi kimyoviy birikmalar xossalari prognozida sun’iy intellektni qo‘llash, yangi dori-darmon ishlab chiqishda yangi kimyoviy birikmalar sintezi uchun kompyuter texnologiyasini yaratish kabi zamonaviy sohalarda ham tadqiqot o‘tkazyapti.
Fan, ayniqsa, matematika rivojida xalqaro aloqalarning o‘rni beqiyos. Zamonaviy kompyuter tomografiyasi qurilmalari nafaqat tibbiyot, shuningdek, sanoatda ham faol qo‘llanmoqda. Tabiiy ravishda bunday qurilmalarning dasturiy ta’minotini optimallashtirish ham muhim masalalardan. Buning uchun shu dasturiy ta’minot asosida yotgan Furye almashtirishlari, singulyar va regulyar integrallarni taqribiy hisoblash uchun optimal kvadratur va interpolyasion formulalar ishlab chiqilishi zarur. Bugungi kunda jahon miq yosida ushbu yo‘nalishda faol ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Xususan, V.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining Hisoblash matematikasi laboratoriyasi xodimlari Janubiy Koreya ilg‘or fan va texnologiya instituti laboratoriya mudiri, professor Chan Ok Li bilan hamkorlikda “Kompyuter tomografiyasining 2D va 3D tasvirlarini qayta tiklash uchun optimal algoritmlarni ishlab chiqish” fundamental loyihasi ustida ilmiy izlanish qilmoqda. Hamkorlik natijasida yangi optimal formulalar ishlab chiqilib, tasvirlarni qayta tiklashda qo‘llanildi.
Ilm avlodlar halqasida rivojlanadi, mamlakat ravnaqiga xizmat qiladi. Fan rivojida yoshlarning o‘rni alohida. Ayniqsa, matematika — yoshlar fani. Ilgari maktab bitiruvchilarining 9 foizigina oliy ta’lim muassasalariga qamrab olingan bo‘lsa, hozir qariyb 30 foizni tashkil etmoqda. Kelgusida bu ko‘rsatkich 50 foizga yetishi kutilyapti. Buning uchun yurtimizda yangi universitetlar ochilmoqda. Xorijiy universitetlar filiallari faoliyatini boshladi. Bu, albatta, juda quvonarli. Demak, oliy ma’lumotli yoshlar qancha ko‘p bo‘lsa, yetuk kadrlar shuncha ko‘payadi. Shuning uchun nafaqat oliy ta’lim muassasalari, balki maktablar bilan ham ishlab, hududlardagi bo‘limlarimiz orqali yosh iqtidorli matematiklarni tarbiyalash masalasini kun tartibiga qo‘yganmiz. Akademiklarimiz Prezident maktablari, ixtisoslashgan maktablarga borib, o‘quvchilarga mashg‘ulot o‘tmoqda. Bu fan rivojiga xizmat qilishi shubhasiz.
Dunyo tajribasi misolida ilm-fanga e’tibor samarasini tahlil qilsak, qiziqarli ma’lumotlarga duch kelamiz. Masalan, o‘tgan asrning 50-60-yillarida AQSHda o‘qishga, ayniqsa, matematika ta’limiga juda katta e’tibor qaratilgan. Shundan so‘ng har yili matematika sohasida 1000 nafar falsafa doktorini tayyorlash tashabbusi ilgari surilgan. Yaponiyalik mashhur olim aytishicha, bu ma’lumotni eshitib ko‘plar hayron bo‘lgan ekan, axir har yili 1000 nafar matematik olimni qanday qilib ish bilan ta’minlash mumkin? Lekin tajriba shuni ko‘rsatdiki, AQSHda har yili matematika bo‘yicha ilmiy ish yoqlaydigan 1000 nafar fan doktoridan tashqari boshqa davlatlardan kelgan, mamlakatda sohaga e’tiborni his qilgan ko‘plab matematiklar ham ish bilan ta’minlangan. O‘z navbatida, bu boshqa fanlar rivojiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Shundan keyin AQSHda informasion texnologiyalar, sun’iy intellekt sohasi juda taraqqiy etdi.
Xitoyda ham aniq fanlarga e’tibor katta. So‘nggi yillarda AQSH, Yevropa olimlari ham bu mamlakatda faoliyat yuritishga qiziqmoqda. Bizning olimlarimiz ham Xitoydagi hamkasblari bilan faol tadqiqotlar olib bormoqdalar. Bu ham fan taraqqiy etayotganidan dalolat beradi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Qayerda fanga e’tibor katta bo‘lsa, o‘sha yerda rivojlanish bo‘ladi.
Prezidentimiz rahbarligida so‘nggi yillarda ilm-fan, xususan, matematika rivojiga berilayotgan alohida e’tibor yaqin yillarda o‘z samarasini ko‘rsatib, O‘zbekistonimizning rivojlangan davlatlar qatoriga kirishdek oliy maqsadiga xizmat qilishi shubhasiz.