Oʻzbekiston Respublikasi  Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Rossiya Federatsiyasiga xizmat safari doirasida Rossiya Fundamental tadqiqotlar jamgʻarmasida boʻldi. Vazir Kurchatov instituti milliy tadqiqotlar markazi vitse prezidenti Vladislav Panchenko bilan muloqot qildi. Suhbat davomida hamkorlikda ilmiy va startap loyihalarni moliyalashtirish, yosh olimlar va mutaxassislar uchun stajirovkalarni tashkil etish, ilmiy ishlanmalarni tijoriylashtirish, bu sohada tajriba almashish masalalari muhokama etildi.

Tomonlar gen texnologiyalarini qoʻllagan holda yuqori texnologik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, sanoat biotexnologiyalarini rivojlantirish, meditsina texnologiyalari, xususan, yadro tibbiyoti, yadro-energetika texnologiyalari, robototexnika, sunʼiy intellekt, axborot texnologiyalari, madaniy obyektlarni oʻrganish uchun yadro-fizika usullarini qoʻllash, taʼlim faoliyatida hamkorlikni kengaytirish masalalariga toʻxtaldilar.

Taʼkidlash joizki, Kurchatov instituti milliy tadqiqotlar markazi tarkibiga Rossiya yadro-fizika kompleksining 10 ta ilmiy tashkiloti kiradi. Institut qator fundamental va amaliy fizika-kimyo yoʻnalishlarini qamrab olish bilan birga genetik texnologiyalarni rivojlantirishga ham masʼul ilmiy tashkilot hisoblanadi. Oxirgi ikki yilda markazda uzumning Rossiya tarixidan maʼlum boʻlgan navlari genomlari toʻliq oʻqildi va uzumchilik klasteri rivojlanishida asosiy ishtirokchiga aylandi. Hozirgi kunda 4 ming gektardan ortiq maydonda uzumchilik va uzumni qayta ishlash sohasida genetik tadqiqotlar oʻtkazilmoqda.