Mamlakatimizda ham ushbu ikki sohani rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda hamda bu sohalarga ajralayotgan mablagʻlar davlat byudjetining eng salmoqli qismini tashkil qiladi. Bu borada, eng avvalo, ushbu sohalarning huquqiy asoslari mustahkamlanib, yangi qonunlar qabul qilindi. Shuningdek, soʻnggi sakkiz yilda davlatimiz rahbarining

60 ga yaqin farmon va qarorlari qabul qilinib, ijroga qaratildiki, ularda mamlakatimiz ilm-fanini yangi yuqori bosqichga koʻtarish, raqobatbardosh kadrlar yetishtirish hamda oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan.

Sir emaski, har qanday sohaning rivojlanishi uchun yuqoridagi kabi qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarni ijrosini taʼminlanishi shu sohada mehnat qilayotgan fidoiy, jonkuyar insonlarning samarali mehnatiga bogʻliq.

Ana shunday, butun umrini mamlakatimiz ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohasini rivojlantirishga baxshida etgan fidoiy insonlardan biri – yetuk matematik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor Ahmadjon Qoʻshaqovich Oʻrinovdir.

A.Q.Oʻrinov Oʻzbekistonda differensial tenglamalar sohasidagi hozirgi zamon ilmiy maktabining davomchisi va Fargʻonada differensial tenglamalar maktabining yaratilishiga hamda rivojiga ulkan hissa qoʻshgan yetuk olimdir.

A.Q.Oʻrinov xususiy hosilali differensial tenglamalar uchun chegaraviy va spektral masalalar nazariyasi sohasidagi chuqur fundamental izlanishlarning muallifi sifatida matematiklar orasida katta obroʻga ega. Hozirgi kunda Fargʻonada differensial tenglamalar sohasidagi erishilgan muvaffaqiyatlar va mutaxassislar tayyorlash ishi uning nomi bilan bogʻliqdir.

Ahmadjon Qoʻshaqovich Oʻrinov 1950-yil 19-yanvarda Rishton tumanida tavallud topgan. 1966-yili Fargʻona davlat pedagogika instituti (hozirgi Fargʻona davlat universiteti)ning matematika fakultetiga oʻqishga kirib, 1970-yilda matematika mutaxassisligi boʻyicha muvaffaqiyatli tamomladi. Uning ilmiy qobiliyatini sezgan ustozlari, professorlar J.X.Karimov, K.B.Boyqoʻziyev hamda fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent T.Abdurahmonovlar tavsiyasi bilan u matematik analiz kafedrasiga oʻqituvchi sifatida oʻzining mehnat faoliyatini boshladi.

Jamiyatda yuksak mavqega ega boʻlgan hamda faoliyatida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishgan, el-yurt oldida katta hurmatga sazovor boʻlgan har bir inson ortida, shubhasiz, albatta, ulugʻ ustozlar turadi. A.Q.Oʻrinovning yetuk olim boʻlib yetishishi va ilmiy tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli olib borishida ham Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, ustoz M.S.Salohiddinovning oʻrni beqiyosdir. Ahmadjon Qoʻshaqovich ustozi M.S.Salohiddinov rahbarligida 1983-yilda nomzodlik, 1993-yilda doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar.

A.Q.Oʻrinov fanga birinchi boʻlib, yadrosida Bessel funksiyasi qatnashgan maxsus koʻrinishdagi almashtirish operatorlarini kiritdi. Yangi bu operatorlar va ularning xossalarini oʻrganish boʻyicha olib borilgan ilmiy izlanishlarning natijalari alohida ahamiyatga ega boʻlib, ular xususiy hosilali differensial tenglamalar uchun yangi koʻrinishdagi nolokal chegaraviy masalalarni bayon qilish va oʻrganish imkonini berdi. Shuningdek, Eyler-Puasson-Darbu tenglamasi va uning umumlashmasi boʻyicha A.Q.Oʻrinov tomonidan qoʻlga kiritilgan ilmiy tadqiqot natijalari hozirgi kunda koʻplab yosh tadqiqotchilar tomonidan xususiy hosilali differensial tenglamalar uchun turli masalalarni oʻrganishda keng foydalanilmoqda.

Ustozning olib borgan ilmiy izlanishlari natijasida 6 ta monografiya, 10 ta oʻquv qoʻllanma va 20 dan ortiq uslubiy koʻrsatmalar, 340 ga yaqin ilmiy asarlar yaratilib, ular respublikamizdagi va dunyoning nufuzli ilmiy jurnal hamda toʻplamlarida nashr qilingan.

Eʼtirof etish joizki, mamlakatimizdagi ilm-fanning rivojlanishi, ushbu sohada olamshumul ilmiy natijalarning qoʻlga kiritilishi hamda ushbu yutuqlardan dunyo davlatlari olimlarining xabardor boʻlishi, nafaqat mamlakatimiz shon-shuhratini oshiribgina qolmasdan, mamlakatimizning rivojlangan davlatlar qatoridan tezroq oʻrin olishida ham beqiyos ahamiyatga ega.

Mamlakatimiz ilm-fani nufuzini xalqaro miqyosida eʼtirof etilishida ham ustozning alohida oʻrni boʻlib, turli yillarda respublikaning maxsus delegatsiyalari rahbari va aʼzosi sifatida Germaniyaning Gamburg, AQSHning Vashington va Nyu-York, Yaponiyaning Tokio va Kioto, Xitoy davlatining Pekin va Shanxay, Janubiy Koreyaning Seul, Turkiyaning Anqara va Istanbul, Ukrainaning Ternopol shaharlarida xizmat safarlarida boʻlib, xalqaro aloqalarning kengayishiga, mustahkamlanishiga munosib hissa qoʻshganlar.

Ustozning olib borgan xalqaro ilmiy aloqalarini ularning shogirdlari tomonidan ham davom ettirilmoqda. Jumladan, shogirdlari tomonidan bugungi kunda dunyo reytingida yuqori oʻrinlardagi xorijiy oliygohlar hisoblangan Belgiyaning Gent universiteti, Germaniyaning Ozodlik universiteti, Ummon davlatining Sulton Qobus universiteti bilan mustahkam xalqaro ilmiy aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.

Bu kabi ijobiy ishlar mamlakatimiz ilm-fanining xalqaro miqyosda ham tan olinishiga xizmat qiladi, albatta. Ustozning nomi Angliyada chop etilgan jahonning XXI asrdagi 2000 nafar intellektual olimlari roʻyxatiga kiritilgani ham bejiz emas.

Shuningdek, professor Oʻrinov yurtimizdagi va xorijdagi bir qator taniqli olimlar bilan ham hamkorlikda ilmiy faoliyat olib bordilar. Bu kabi ilmiy hamkorlikdagi faoliyat vaqtlar sinovidan oʻtib, doʻstona munosabatlarga aylandi. Buning natijasida, Ahmadjon Oʻrinovning tashabbuslari bilan Fargʻona davlat universitetidagi talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Prezidenti, Oʻzbekiston Qahramoni, akademik Sh.A.Ayupov, akademiklar M.S.Salohiddinov, Sh.Q.Farmonov, A.A.Aʼzamov va yurtimizdagi hamda xorijdagi boshqa taniqli olimlar ishtirokida koʻplab ilmiy maʼruzalar, dars mashgʻulotlari tashkil etildi. Bu esa, yosh ilmiy tadqiqotchilarga yuqorida nomlari sanab oʻtilgan yirik olimlarning yaratgan ilmiy maktablari bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatini yaratdi.

Mamlakatimizda ilm-fanni hamda oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish kabi maqsadlarda davlatimiz rahbarining

2019-yil 8-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” PF-5847-sonli va 2020-yil 29-oktyabrdagi “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-6097-sonli farmonlari qabul qilindi. Ularda, jumladan, xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazasida indeksatsiya qilinadigan xalqaro ilmiy jurnallarda chop etiladigan maqolalar sonini koʻpaytirish, ilmiy tadqiqotchilarning oʻrtacha yoshini 40 yoshdan yoshartirish, shuningdek, 2025-yilgacha oliy taʼlim muassasalarida ilmiy salohiyatni 60 foizdan oshirish kabi maqsadli koʻrsatkichlarga erishish nazarda tutilgan.

Bu kabi natijalarni qoʻlga kiritish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, albatta. Buning uchun uzoq yillar davomida tizimli olib borilgan mashaqqatli mehnatlarning samarasi darkor. Shu oʻrinda taʼkidlash oʻrinliki, Ahmadjon Oʻrinovning say-harakati va tashabbusi bilan Fargʻona davlat universitetida 1993-yilda “Differensial tenglamalar va unga turdosh matematik sohalarning dolzarb muammolari” nomli ilmiy seminar, 2019-yilda esa “Fargʻona vodiysi matematiklarining birlashgan ilmiy seminari” hamda ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash tashkil etildi va ularning rahbarligida samarali faoliyat olib bordi. Ustoz boshchiligida amalga oshirib kelingan shu va shu kabi tizimli ishlar natijasida ular faoliyat olib borgan fizika-matematika fakultetining ilmiy salohiyati 65 foizni, matematik analiz va differensial tenglamalar kafedrasining ilmiy salohiyati 75 foizni, undagi ilmiy tadqiqotchilarning oʻrtacha yoshi esa 35ni tashkil etib, universitet miqyosida yetakchi oʻrinlarni egallab turibdi. Bundan tashqari, ustoz va ularning shogirdlari tomonidan “Scopus”, “ScienceDirect”, “Web of Science” bazasida indekslanuvchi jurnallarda har yili yigirmaga yaqin maqolalar eʼlon qilinib kelinmoqda.

Ahmadjon Qoʻshaqovich Oʻrinov yoshlarga taʼlim berish bilan birga, oʻquv adabiyotlar yaratish, iqtidorli yoshlarni tanlash, ularni ilmga yoʻnaltirish va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻyicha koʻplab ijobiy ishlarni ham amalga oshirdilar. Uning tavsiyasi bilan ilm yoʻliga kirgan koʻplab yoshlar salmoqli ilmiy muvaffaqiyatlarga erishdilar. Ustozning bevosita oʻzining rahbarligida yigirmaga yaqin fan nomzodi, falsafa doktori va fan doktorlari, oʻnga yaqin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Davlat stipendiyalari sovrindorlari yetishib chiqdi.

Ustozning shogirdlari orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari, oliy oʻquv yurtlarining prorektorlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari kabi yetuk mutaxassis kadrlar yetishib chiqdi va mamlakatimiz rivojiga munosib hissalarini qoʻshib kelmoqdalar. Bundan tashqari respublikamizning turli sohalarida mehnat qilib kelayotgan koʻplab mutaxassislar Ahmadjon Qoʻshaqovichni oʻzlarining ustozi deb biladilar va hurmat qiladilar.

Professor Oʻrinov hayotining soʻnggi yillarida ham differensial tenglamalarning zamonaviy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan kasr tartibli differensial tenglamalarga oid muhim ilmiy natijani qoʻlga kiritganliklari ham uning butun umrini ilm fanga bagʻishlab oʻtganiga yorqin misoldir.

Oʻrinov Ahmadjon Qoʻshaqovich Fargʻona davlat universitetida oddiy talabalikdan rahbar, yani universitet rektori lavozimigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi. U qaysi lavozimda ishlamasin, oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashib, jamoadoshlariga namuna boʻlib keldi. Ustoz rahbarlik lavozimida ishlagan kezlarida Fargʻona davlat universitetida yangi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarini ochish, xalqaro aloqalarni kengaytirish, jamoa aʼzolarini ijtimoiy himoyalash, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va milliy madaniyatni rivojlantirish, oliygohga zamonaviy koʻrinish berish kabi masalalarga jiddiy eʼtibor berdilar, bu borada universitetda salmoqli ishlarni amalga oshirdilar.

Shu bilan birga, A.Q.Oʻrinov Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Matematika instituti qoshidagi D.015.17.21 raqamli ixtisoslashgan kengash aʼzosi, “Fan va turmush” jurnali maslahat kengashi aʼzosi, bir necha xalqaro va respublika ilmiy konferensiyalari tashkiliy qoʻmitalarida hamrais, rais oʻrinbosari va aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Fargʻona ilmiy markazi Ilmiy Muvofiqlashtiruvchi Kengash raisi, “FarDU.Ilmiy xabarlar” jurnali bosh muharriri, Xalq deputatlari Fargʻona shahar Kengashi deputati boʻlganlar. Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi 2002-2007, 2012-2016-yillarda bajarilgan fundamental loyihalarga ham rahbarlik qilganlar.

Oʻzbekistonda matematika fanini va oliy taʼlimni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi, sermahsul pedagogik faoliyati va yuqori malakali ilmiy mutaxassislarni tayyorlashdagi xizmatlari uchun A.Q.Oʻrinov “Oʻzbekiston mustaqilligining 10-yilligi” esdalik nishoni, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi, Kasaba uyushmalari Respublika Kengashi Fargʻona viloyati hokimligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

Ustoz bugun hayot boʻlganlarida 75 yoshni qarshilagan boʻlar edilar. Oʻzining butun umri davomida u vatan matematikasi uchun juda koʻplab ijobiy ishlarni amalga oshirdi. Ahmadjon Qoʻshaqovich Oʻrinov juda yorqin, koʻp qirrali, gʻayratli, koʻngli ochiq va kamtarin ustoz boʻlishlari bilan birga, besh farzandning oilaparvar otasi, 15 nafar nabiralarning bagʻrikeng bobosi ham edilar. Farzandlar taʼlim-tarbiyasiga ham alohida eʼtibor qaratganliklari sababli ular yurtimiz taraqqiyotiga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshib kelmoqdalar.

Ajdodlar va avlodlar oʻrtasida oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtagan va oʻtayotgan qanchadan qancha ibratli insonlar bizni doimo taraqqiyotga hissa qoʻshishga undaydi. Ular qatorida professor Ahmadjon Qoʻshaqovich Oʻrinovdek kamtar olimning nomi borligidan va u kishining yodi bilan yashayotganimizdan biz shogirdlar faxrlanamiz. Demak, hayot davom etadi: hamkasblar, izdoshlar, farzandlar, minnatdor shogirdlar ustozni doimo xotirlab, bugungi faoliyatida ustozga munosib boʻlishga harakat qiladilar.

Biz shogirdlar uchun Ustozning butun umri ibrat, har bir nasihati hikmatdan iborat edi. Bizga shunday ajoyib, qalbi keng, chinakam oliyjanob inson Ustoz boʻlganliklari uchun oʻz taqdirimizdan cheksiz minnatdormiz!

Garchi, chin maʼnoda jonkuyar ustoz Ahmadjon Qoʻshaqovich Oʻrinov bugungi kunda oramizda jisman yoʻq boʻlsada, ulardan bebaho ilmiy meros, monografiyalar va oʻquv qoʻllanmalar, koʻp sonli shogirdlar, voyaga yetkazgan diyonatli farzandlar qoldi. Bu esa yurtimiz ilm-fani va taʼlim-tarbiya sohasining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi hamda Ustozning ruhlarini shod etadi, albatta.


Fargʻona davlat universiteti professori,

fizika-matematika fanlari doktori (DSc) Sh.T.Karimov



Fargʻona davlat universiteti dotsenti,

fizika-matematika fanlari nomzodi A.Abduqodirov