Bugun shiddat bilan yangilanib borayotgan davr barchamizni jamiyatda kechayotgan oʻzgarish va yuksalishlarga daxldorlik hissi bilan yashashga undamoqda. Zero, soʻnggi yillardagi islohotlar samarasi barcha sohalarda oʻz ifodasini topayotgani, eng muhimi, yoshi, kasbi, mehnat faoliyatidan qatʼi nazar, har bir yurtdoshimiz qalbida baxtli va farovon hayot shukronasi aks-sado berayotgani bizni shu yurtdagi hayotbaxsh yangilanishlar bilan birga odimlashga undaydi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ilm-fan va taʼlim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylantirishga qaratilgan, kelajak bunyodkorlari boʻlgan yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, ularning hayotda munosib oʻrin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilayotir.
Xususan, milliy taʼlim sifatini yangi va yuqori bosqichga olib chiqish, shuning barobarida oliy taʼlimni yurtimizga xos va mos tizimga aylantirishni koʻzda tutgan yuksak islohotlarning oliy taʼlim muassasalaridagi amaliy ifodalari Fargʻona davlat universitetida ham boʻy koʻrsatmoqda.
Oʻtgan qisqa vaqt ichida universitetning nufuzi va ilmiy salohiyati sezilarli darajada oshdi. Joriy yilda jamoamiz safiga 3 nafar fan doktori, fanlar boʻyicha 32 nafar falsafa doktori qoʻshildi. Soʻnggi yillarda 2 ta yangi fakultet, 5 ta yangi taʼlim yoʻnalishi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oʻtgan yili professoroʻqituvchilarimiz safiga 59 nafar yosh qabul qilingan boʻlsa, bu yil yosh olimlar safi yanada kengaydi.
Joriy yilda 25 nafar tadqiqotchi-olim doktorlik dissertatsiyasi yoqlashi rejalashtirilgan. 2022-yil uchun stajyor-tadqiqotchi, tayanch doktorantura, doktoranturaga qabul kvotasi 2 baravar oshirilgani birgina tayanch doktoranturada bu koʻrsatkich 52 tani tashkil etishi yosh tadqiqotchi-olimlarimiz safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Prezidentining 2021-yil 9-sentyabrdagi “Respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmoni yosh va izlanuvchan pedagog-talabalar uchun ayni muddao boʻldi.
Mamlakatimizda ilk marotaba oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Ilhom” milliy mukofoti tanlovida filologiya fakulteti talabasi Qobiljon Shermatov gʻoliblar qatoridan oʻrin olgani ham universitetda Fargʻona filologiya maktabining bugungi yosh avlodi shakllanib kelayotganining isbotidir.
Universitetda tashkil etilgan Gender tenglik tadqiqotlari markazi va “Bolajon” innovatsion markazi ham hududda yagona hisoblanadi. Oliy taʼlim muassasamizda tahsil oluvchi 14 ming nafardan ziyod yigit-qizning puxta bilim olishi va samarali ilmiy faoliyat yuritishi uchun mazkur markazlar alohida xizmat qiladi.
Fargʻona davlat universitetining xalqaro oliy taʼlimdagi yutuqlarni oʻzlashtirish va taʼlim sifatini dunyo standartlari darajasiga koʻtarishga qaratilgan saʼy-harakatlari ham yangi bosqichga chiqdi. Jumladan, Yaponiyaning Toxoku universiteti, Rossiyaning Moskva davlat universiteti, Koreya Respublikasining Hanguk universiteti, Qozogʻistonning Yevroosiyo milliy universiteti, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, Xitoyning Konfutsiy instituti, Shvetsiyaning Lund universiteti singari 70 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan oʻrnatilgan hamkorlik talabalarning xalqaro standartlar asosida bilim olishi uchun zamin boʻlmoqda.
Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti bilan “filologiya va tillarni oʻqitish: rus tili” yoʻnalishida qoʻshma taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyilgani bu boradagi munosib qadam boʻldi. Mazkur yoʻnalishdagi hamkorlik Tomsk va Sankt-Peterburg davlat universitetlari bilan ham oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Fargʻona davlat universiteti va Vengriyaning Etvosh Lorand universiteti oʻrtasida mevachilik va uzumchilik yoʻnalishida qoʻshma fakultet tashkil etilishi oliygohimizning agrar soha mutaxassislarini tayyorlashdagi tajribasiga bildirilgan ishonch belgisidir.
Ilm maskanimizning AQSHning Teaching Fellow, Fulbright, UniCEN, Koreya Respublikasining KOICA, Germaniyaning DAAD loyihalaridagi faol ishtiroki ham taʼlim sifati va samaradorligi yanada oshishini taʼminlayapti. Joriy oʻquv yilida eng zamonaviy talab va standartlar asosida qayta rekonstruksiya qilingan filologiya fakulteti binosi foydalanishga topshirilgani sifatli taʼlimni tashkillashtirish yoʻlidagi amaliy ishlardan biri boʻldi.
Eng quvonarlisi, bunday yangilanish jarayonlarida oliygohimiz ilmiy jamoasining ishga, hayotga munosabati va masʼuliyati tubdan oʻzgardi, ular ilmiy, innovatsion yangiliklarga intilib, ilgʻor taʼlim texnologiyalari va metodikalarini puxta oʻzlashtirib borishmoqda.