Ilmu urfon yoʻlida

    TDTU Olmaliq filialida “Maʼrifat ulashib” nomli ijodiy tadbir boʻlib oʻtdi.

    Yurtimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli tashkil etish orqali yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mus­tahkamlash, vatanparvarlik hamda sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Xususan, barcha oliy taʼlim muassasalari, maktablar va mahallalarda tashkil etilayotgan “Maʼrifat ulashib” loyihasi shular jumlasidandir. Ushbu loyiha doirasida dastur ishlab chiqilgan boʻlib, dastur doirasida oliy taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablari va mahallalar hamkorligida ziyoli, qalam ahli boʻlgan shoiru yozuvchilar, adiblar taʼlim muassasasiga taklif etilib, oʻquvchi yoshlar hamda talabalar bilan davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

    Shunday davra suhbatlaridan bir bugun TDTU Olmaliq filialida boʻlib oʻtdi. “Maʼrifat ulashib” nomli ijodiy tadbir avvalida uchrashuv mehmonlari Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Abdunabi Boyqoʻziyev hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati boʻlimi boshligʻi Fozil Farhod “Yashil makon” loyihasi doirasida filial hududiga daraxt koʻchatlari ekdi.

    Soʻngra mehmonlar filialning faollar zaliga tashrif buyurib, talabalar bilan uchrashishdi. Tadbir avvalida TDTU OF direktori, professor Alisher Samadov soʻzga chiqib, talabalarga mehmonlarni tanishtirdi hamda taniqli shoir Abdunabi Boyqoʻziyevga soʻz navbatini berdi.

    Shoir oʻz hayoti va ijod yoʻli haqida tadbir ishtirokchilariga soʻzlab berish bilan birga ijod namunalaridan ularni bahramand qildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati boʻlimi boshligʻi Fozil Farhod ham ijodiy muhit, kitob mutolaasi, ijodkorlar hayoti, bugunning adiblari xususida qiziqarli maʼlumotlar bilan ulashdi, va tinglovchilarga oʻzining “Ogʻoch” sheʼrini oʻqib berdi.

    Suhbat davomida mehmonlar oʻz qalamlariga mansub sheʼrlarni havola etish bilan birga, TDTU Olmaliq filiali ijodkor talabasi, Navroʻz ayyomi munosabati bilan “Xush kelding fasli bahor!” mavzusida oʻtkazilgan sheʼrlar tanlovi gʻolibasi Dilshoda Sattorovaning ijod namunalaridan bahramand boʻldilar. TDTU Olmaliq filiali direktori Samadov Alisher Usmanovich tashabbusi tashkil etilgan ushbu tanlov goʻlibasi pul mukofoti bilan taqdirlandi.

    Tadbir soʻngida Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktorning birinchi oʻrinbosari Begzod Jamiyev ijodkorlarning xalqimiz maʼnaviyati, boy oʻtmishi va davlatimizning yorqin istiqboliga ishonchi badiiy ifodalangan sheʼrlari xususida fikr yuritib, har ikki ijodkorning ijodiga yanada parvoz tiladi.

    “Maʼrifat ulashib” loyihasi mehmonlarining keyingi manzili TDTU OFning hamkor maktablaridan biri boʻlgan Olmaliq shahridagi 19-sonli Ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi boʻldi. Ijodkorlar avvaliga maktab hovlisiga koʻchat ekishdi. Soʻngra maktab oʻquvchilari bilan uchrashishdi.