Iloq davlatchiligimiz asriy ildizlarining yaqqol ifodasi boʻlgan qadimiy madaniyat oshyonidir. U oʻzining boy konlari (oltin, kumush, mis, feruza va h.k.) bilan butun Sharqda mashhur boʻlgan. Bu hududda milliy hunarmandchilik, bogʻdorchilik keng rivojlanib, Buyuk Ipak Yoʻli madaniyatida alohida oʻrin tutgan.
Bu bebaho tarixni xalqimizga, bugunning yoshlariga yetkazish maqsadida anʼanaviy Iloq etnografik festivalining oʻrni va ahamiyati beqiyos. Festival viloyat hokimligi, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, viloyat madaniyat boshqarmasi, Ohangaron tumani hokimligi, Oʻzbek milliy qoʻgʻirchoq teatri, ZOOM-Proyekt jurnali hamkorligida, Xalqaro Oltin meros xayriya jamoat Fondining gʻoyasi bilan beshinchi marta oʻtkazilmoqda.
Iloq etnografik festivalida ishtirokchilar qadimgi Iloq davlatining tarixiy urf-odatlari, odamlarning yashash tarzi, madaniyatidan zavq olib, folklor ansambllar, dorbozlarning chiqishlari, teatr ustalarining badiiy mahoratlariga guvoh boʻldilar. Konsert dasturlari, maydon tomoshalari, qolaversa, gastro, etno, sport turizm imkoniyatlaridan bahra oldilar, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.










