Din ishlar boʻyicha qoʻmita maʼlumotiga koʻra, tadbirda oʻzbekistonlik hamda xorijlik taniqli olimlar, davlat va jamoat arboblari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti (ISESCO) bosh direktori Salim al-Malik, Al-Azhar islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi Nazir Muhammad Ayyad, Islom taraqqiyot bankining fan, texnologiya va innovatsiyalar boʻyicha maslahatchisi Hayat Sindi kabi taniqli olim, mutaxassis va jamoat arboblari nutq soʻzladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Anjumanda soʻzga chiqqanlar Imom Moturidiy ilmiy merosini oʻrganish va xalqaro jamoatchilikka targʻib qilish sharafli va masʼuliyatli vazifa ekanini qayd etib, bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan saʼy-harakatlar yuksak baholandi.

Ishtirokchilar globallashuv jarayonida namoyon boʻlayotgan mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurash jarayonida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash zarurligini taʼkidlab, kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejasi ham muhokama qilindi.

— Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi dunyoning yetuk moturidiyshunos olimlari, tadqiqotchilarini birlashtiradigan, qizgʻin fikrlar muhokama qilinadigan platforma boʻlib xizmat qiladi, — dedi Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi raisi Abdugʻofur Ahmedov. — Oʻz navbatida, ushbu maskan maʼrifiy islom gʻoyalarini tarannum etadigan va bunga zamin yaratadigan maʼrifa markaziga aylanadi.

Anjuman yakunida Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom tashkiloti (ISESCO) bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻytcha anglashuv memorondumi imzolandi.