Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash bugungi kunning eng dolzarb masalasi hisoblanadi. Xususan, bojxona toʻlovlaridan beriladigan imtiyozlardan noqonuniy foydalanishga boʻlgan urinishlarga ham oʻz vaqtida chek qoʻyilmoqda.
Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi Tashqi iqtisodiy faoliyatda notarif tartibga solishni nazorat qilish va bojxona ekspertizasi guruhi va “Qoʻqon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan imtiyozlardan noqonuniy tarzda foydalanishga boʻlgan urinishlarga qarshi tezkor tadbir oʻtkazildi.
Tadbir davomida viloyatdagi masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga xorijiy mamlakatdan olib kelingan trikotaj mahsulotlari nazoratdan oʻtkazildi.
Tekshiruv davomida, mazkur tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklatura kodlari oʻzgartirilganligi va natijada 124 million soʻm imtiyozni noqonuniy olishga boʻlgan urinish fosh etildi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.