Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pastdargʻom tuman boʻlimi tomonidan ATB “Mikrokreditbank” Juma filialining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda quyidagilar maʼlum boʻldi.
Fuqaro A.N. onasi nomiga “M.B.” oilaviy korxonasini tashkil etib, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish uskunalarini olish maqsadida 400 mln soʻm imtiyozli kredit ajratilishiga erishadi.
U xarid qilgan uskunalarni naqd pulga sotib yuborish yoʻli bilan kredit mablagʻini talon-toroj qilgan. Bank filiali boshqaruvchisi sobiq oʻrinbosari K.N. esa uning kredit garov taʼminotiga qoʻygan avtotransport vositasini taqiqdan chiqarib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.