Dunyoda iqlim oʻzgarayotgani, koʻp joylarda qurgʻoqchilik yuz bergani oqibatida oziq-ovqat yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Boz ustiga, xalqaro maydondagi ziddiyatlar tufayli mahsulot ishlab chiqarish va yetkazib berish murakkablashib boryapti. Pandemiya ham logistika zanjirlari va ishlab chiqaruvchilar faoliyatiga qattiq zarba berdi. Tabiiy gaz bahosining keskin oshishi tufayli mamlakatlar yetarli miqdorda oʻgʻitlar ishlab chiqara olmayapti, oʻnlab yillar davomida shakllangan xalqaro aloqalarda esa uzilishlar roʻy beryapti.
Shu bois jahonda oxirgi ikki yilda oziq-ovqat inflyatsiyasi yiliga 15-20 foizdan pasaymayapti. Oʻsimlik yogʻi, sut va goʻshtning narxi soʻnggi 30 yildagi eng yuqori darajaga koʻtarildi. Transportda tashish, oʻgʻit va yoqilgʻi xarajatlari oshib ketgani ham oziq-ovqat narxlariga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining bahosicha, oziq-ovqatlar narxlari indeksi oʻrtacha koʻrsatkichi 2022-yilda 143,7 foizni tashkil etgan.
Tahlillarga koʻra, bu holat joriy yilda ham, yaqin istiqbolda ham davom etadi. Shuning uchun oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish, odamlarni band qilish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solish har bir mamlakat, shu jumladan, Oʻzbekiston oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi. Binobarin, qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishning 1 dollarga oʻsishi iqtisodiyotning boshqa soha va tarmoqlarida ham mahsulot ishlab chiqarishning 1 dollarga oshishiga olib keladi, ayni paytda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida mahsulot ishlab chiqarishning 1 dollarga koʻtarilishi qishloq xoʻjaligida 0,18 dollarlik oʻsishni taʼminlaydi.
Prezidentimiz raisligida shu yil 23-mart kuni oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida soʻnggi yillarda oziqbop mahsulotlar yetishtirishga 200 ming gektar yer ajratilgani hamda 500 ming gektar qoʻshimcha maydonlar foydalanishga kiritilgani ichki bozorda narx-navoni barqaror saqlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Statistik maʼlumotlarga qaraganda, mamlakatimizda 2022-yilda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari indeksi 115,6 foizga teng boʻlgan. Mevalar narxlarida kuzatilgan pasayish inflyatsiyani tutib turuvchi omil boʻlib xizmat qildi. Goʻsht, baliq, yogʻ-moy mahsulotlari hamda sabzavotlar narxlarining oʻsish surʼati 2021-yildagiga nisbatan past darajada qayd etildi.
Xalq dasturxoni toʻkin boʻlishi uchun davlatimiz rahbarining23-mart kuni imzolagan “Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan 2024-yil 1-yanvargacha 32 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining (36 turdagi oziq-ovqat va tovarlar) import bojlari nol stavkada belgilandi. Bundan tashqari, 1-maydan ijtimoiy reyestrga kirgan aholiga mol, qoʻy, parranda goʻshti, tuxum va oʻsimlik yogʻi xarid qilsa, qoʻshilgan qiymat soligʻi qaytariladi. Bu orqali 2 milliondan ortiq oilaga yengillik boʻladi.
Bojlardan imtiyozlar, ulardan kutilmalar
Keyingi paytda mamlakatimizda aholi kundalik isteʼmolida eng koʻp ishlatiladigan un, goʻsht, pishloq, makaron, shakar, choy, baliq kabi mahsulotlar importiga alohida eʼtibor qaratib kelinyapti. Xususan, 2022-yilda respublikamizga qariyb 900 million dollarlik mahsulotlar chet eldan xarid qilingan. Buning uchun 500 milliard soʻmdan ortiq bojxona bojlari toʻlangan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning qayd etishicha, isteʼmol tovarlarining ayrim turlari boʻyicha bojxona bojlarini nollashtirish ikkita yoʻnalish boʻyicha oʻz taʼsirini koʻrsatadi.
Birinchidan, bojxona bojlari tushganda import qilinadigan mahsulotlar arzonlashadi va natijada ularning isteʼmoli oshadi. Bu savdoning hosil qilish samarasi, deb aytiladi
Ikkinchidan, bir mamlakatdan import qilinayotgan mahsulot qimmatroq boʻlgani uchun savdo yoʻnalishi yangilanadi. Yaʼni, import geografiyasi oʻzgaradi.
Eng muhimi, kundalik isteʼmol tovarlariga bojxona bojlarining nol stavkaga tushirilishi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini maqsadli qoʻllab-quvvatlash va kam taʼminlangan uy xoʻjaliklari tomonidan isteʼmolni ragʻbatlantirish imkonini beradi.
— Misol sifatida uy xoʻjaliklarini oladigan boʻlsak, — deydi ekspert, — tahlilllar shuni koʻrsatadiki, asosan bu oziq-ovqatlar kam yoki oʻrta daromadli oilalar mablagʻlarining katta qismini sarflayotgan mahsulotlar hisoblanadi. Makaron, tuxum, sariyogʻ, goʻsht, pishloq, meva va boshqalar ana shnday mahsulotlar shular jumlasiga kiradi. Agar aholining eng zaif qatlamlari faqat kefir sotib olishga uy xoʻjaligi xarajatlarining 5,6 foizini sarflayotgan boʻlsa, eng yuqori daromadli oilalarning ushbu tovar uchun ketadigan xarajatlari atigi 0,7 foizni tashkil qiladi.
Demak, yaqin paytgacha oziq-ovqat mahsulotlariga sarflangan xarajatlar eng yuqori daromadli uy xoʻjaliklariga qaraganda kam taʼminlanganlar tomonidan 8-10 baravar yuqori sarflarga sabab boʻlib kelayotgan, yanada sodda qilib aytganda, imtiyozdan boylar koʻproq foyda koʻayotgan edi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining hisob-kitoblariga koʻra, farmonda imtiyoz koʻzda tutilgan tovarlarga bojxona bojlarini nollashtirish goʻsht va goʻsht mahsulotlarini 4,8 million, pishloqni qariyb 900 ming, yongʻoqni 1,3 million, olma va nokni 1,9 million, yangi mevalarni 1,6 million, shokoladni 4,7 million, qandolat mahsulotlarini 1,2 million dollarga importini oshiradi.
Makroiqtisodiy nuqtayi nazardan, importning oʻsishi natijasida aholining isteʼmoli oshishi kutilmoqda va ushbu turdagi mahsulotlar uchun import narxlari 1 foizdan ortiqroqqa pasayadi, fuqarolarlarga 600 milliard soʻm miqdorida qoʻshimcha mablagʻlarni tejashga imkon beradi.
24 turdagi mahsulot narxi pasaygan, noqonuniy tovar aylanishi qisqargan
Mutaxassislarning fikricha, oziq-ovqat mahsulotlari tanqis boʻlgan mamlakatlarda iqtisodiy oʻsish sekinlashganligi va aksincha, fuqarolari yetarli ratsionda ovqatlangan davlatlarda rivojlanish tezlashgani kuzatilgan. 1 foiz miqdordan koʻproq oqsil moddasini istʼmol qilish yalpi ichki mahsulotning yiliga 0,49 foiz oʻsishini taʼminlaydi. YAIM yiliga 1 foizga oʻsib borsa, aholi daromadi 72 yilda 2 baravarga, agar u 2 foizga koʻpaysa, odamlarning pul mablagʻlari 36 yilda 4 barobarga oshadi va hokazo. Shu sababli aholining oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanish darajasi mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishini belgilab beruvchi muhim omillardan biri sanaladi.
Oʻtgan hafta yakunida Xalqaro biznes markazida bir qator vazirlik va idoralar, ulgurji hamda chakana savdo bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi. Tadbirda Prezidentimizning “Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosining ahamiyati va ichki bozordagi narxlarga taʼsiri muhokama qilindi. Bu haqda “Kun uz” veb sayti davra suhbati ishtirokchilarining fikrlariga tayangan holda xabar berar ekan, imtiyozli asosda import qilinayotgan tovarlarning uchdan ikki qismi boʻyicha narxlar arzonlashgani, noqonuniy tovar aylanmalari qisqarganiga alohida urgʻu beradi.
— Tahlillarimizga koʻra, dastlabki 10 kun davomida bojxona imtiyozlari asosida import qilingan 36 turdagi tovarlarning 24 turi boʻyicha narxlar pasaygan, — deydi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Badriddin Obidov. — Ayniqsa, oziq-ovqat tovarlari ichida xurmo – 16 foizga, olma, behi va nok – 42 foizga, konservalangan baliqlar – 50 foizga, mineral suvlar – 40 foizga, tarkibida kakao boʻlgan konfetlar – 24 foizga arzonlashdi. Bu — ulgurji narxlarning pasayishi. Nooziq-ovqat tovarlari yoʻnalishida bolalar kiyimlari narxining oʻsishi kuzatilmagan boʻlsa, poyabzalining bahosi 61 foizga pasaygan.
— Bojxona imtiyozi berilgan tovarlarning oʻtgan yilgi holati bilan taqqoslaydigan boʻlsak, 2022-yilda 1233 tadbirkor tomonidan qiymati qariyb 700 million dollarlik tovarlar import qilinib, 1,6 trillion soʻm miqdorida bojxona toʻlovlari undirilgan, — deydi Bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Ilhom Muxtorov. — Bu borada yana bir jihatga eʼtibor qaratmoqchiman, oʻtgan yili ushbu turdagi tovarlarning noqonuniy importi boʻyicha 856 ta huquqbuzarlik sodir etilgan, 26 mlilliard soʻm qiymatidagi tovarlar bojxona idoralari tomonidan olib qoʻyilgan.
Prezidentimiz farmoni bilan ushbu tovarlarga nol stavka qoʻllanishi ularning xufiyona iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirishga olib kelmoqda. Bu oʻz vaqtida qabul qilingan eng maʼqul farmonning dastlabki samarasi boʻldi. Chunki noqonuniy tovar aylanishi sabablari boj stavkalarining yuqoriligi bilan bogʻliq boʻlgan. Aynan mana shu turdagi tovarlarga 20-30 foizlik stavkalar qoʻllangan. Bu, oʻz navbatida, bojxona chegaralari orqali aylanayotgan tovarlarni noqonuniy deklaratsiyalashga, toʻlovlardan qochishga, bojxona qiymatini pasaytirish kabi koʻplab salbiy omillarga sababchi boʻlgan. Boj stavkalarining nol foizga tushirilishi shunga oʻxshash holatlarning oldini olishga ham xizmat qilyapti.
Soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Jahongir Abdiyevning qayd etishicha, bugungi kunda imtiyozli tovarlarni hisobotlarda aks ettirishda elektron platforma joriy qilingan. Ushbu platforma mazkur tovarlarning chakana savdo nuqtalarida 10 foizdan 26 foizgacha narxlari pasayganligini koʻrsatyapti. Davlatimiz rahbarining farmoni qisqa vaqt ichida oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatib, aholi dasturxonini toʻkin qilishga xizmat qilyapti.
Oziq-ovqat inflyatsiyasi qanday yoʻllar bilan 10 foiz chegarasida jilovlanadi?
2022-yil yakuni bilan yurtimizda inflyatsiya 12,3 foizni tashkil etdi. Barcha iqtisodiy mexanizmlarni qoʻllab, joriy yilda bu koʻrsatkichni 10 foizdan pastga tushirish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari huzurida 2023-yil 7-fevral kuni joriy yilda inflyatsiya darajasini pasaytirish choralari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda buning uchun isteʼmol tovarlari, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularni “daladan dasturxongacha” yetkazib berishdagi xarajatlarni qisqartirib, arzon boʻlishini taʼminlashga qaratilgan vazifalar belgilab olindi. Bunda hududlar salohiyatidan kelib chiqib, har bir tuman va shahar boʻyicha alohida “yoʻl xaritalari” ishlab chiqish, aholi uchun jozibador moliyaviy xizmatlar turlarini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Yuqorida qayd etganimizdek, Prezidentimiz raisligida shu yil 23-mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish masalalari har tomonlama tahlil qilindi.
Oʻtgan yili oziq-ovqat yetishtirishga imtiyozli kreditlar ajratish, urugʻ, koʻchat, oʻgʻit va mahsulot sotib olishni toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtirish yoʻlga qoʻyilgani yaxshi samara bergan edi. Joriy yilda ham bu maqsadlarga 6 trillion 200 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi 130 million dollar mablagʻni tadbirkorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri ajratadi. Buning uchun tadbirkorlar oʻz loyihalarini vazirlikning shaffof elektron platformasi orqali taqdim qiladi. Ajratilgan kreditning 20 foizi oldindan, qolgan 80 foizi 10 yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlanadi. Bunda “bank ustamasi” boʻlmagani tufayli kredit foizi ham arzon boʻladi.
Bundan tashqari, joriy yilda aholiga boʻlib berilgan 200 ming gektar, dala chetlaridagi 50 ming gektar hisobidan 5 million tonna qoʻshimcha mahsulot yetishtirish, iqtisodiy vositalarlarni koʻpaytirish, hokim yordamchilari tizimi orqali ushbu yerlarda kooperatsiyani rivojlantiriladi va aholi bandligi taʼminlanadi. Dehqon va fermerlarga qulay boʻlgan 250 million dollarlik kredit, lizing va sugʻurtaning yangi turlarini yoʻlga qoʻyiladi.
Yana bir muhim yoʻnalish meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash hisoblanadi. Lekin, hozircha bu boradagi koʻrsatkich past boʻlib, bogʻ va uzumzorlarning 20 foizida, sabzavot maydonlarining atigi 7 foizida intensiv usul joriy qilingan. Shu bois ayni kezda oziq-ovqat sanoatida 2 ming ortiq loyiha shakllantirilgan. Ularning ijrosi natijasida 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importini qisqarishga, eksportni kengaytirishga imkoniyati yaratiladi. 37 mingdan ziyod kishi ish bilan taʼminlanadi. Qolaversa, meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash orqali qoʻshilgan qiymatni bemalol 3-4 baravarga oshirish mumkin.
Maʼlumki, Markaziy bank boshqaruvining joriy yil 16-mart kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 14 foiz darajada belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Unda qayd etilishicha, asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasaytirilishi oʻtgan yil mart oyida xatarlar uchun foiz stavkani oshirish orqali qoʻyilgan qoʻshimcha yuklamani toʻliq olib tashlash imkonini beradi. Bunda, yillik 14 foiz darajasidagi asosiy stavka inflyatsiya prognozining pasayuvchi dinamikasida (8,5-9,5 foiz) nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlar saqlanib qolinishini taʼminlashi taʼkidlanadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlarining tahlilicha, asosiy stavkaning 1 foiz bandga tushishi natijasida bazaviy ssenariyga nisbatan mamlakat yalpi ichki mahsuloti 0,55 foizga oshadi, aholiga berilayotgan kreditlar miqdorini 2,6 foizga koʻpaytiradi. Natijada bazaviy ssenariyga nisbatan aholi yalpi isteʼmoli 0,2 foizga koʻtariladi.
Demak, oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Endilikda ilm, mehnat, izlanish va samarali texnologiyalarga tayangan holda, undan samarali foydalanish zarur boʻladi. Belgalangan keng koʻlamli chora-tadbirlarning oʻz muddatida sifatli bajarilishi esa, mahsuldorlikni oshirish, importni kamaytirish, eksportni kengaytirgani holda, oziq-ovqat inflyatsiyasini 10 foiz chegarasida qatʼiy jilovdash imkonini beradi.
Abdurauf QORJOVOV sharhi