Insoniyat taraqqiyotiga nazar tashlansa, uning rivoji bevosita ta'lim, ilm-fan bilan bog'liq ekani ko'rinadi. Bularsiz hech bir soha rivojlanmagan, kashfiyotlar qilinmagan, zamonlar yangilanmagan bo'lardi, balki. Asrlar o'tsada, bu haqiqat o'zgarmadi. Hozir ham dunyoning umumiy qiyofasi ilm-fan asosida takomillashib, o'z shaklini belgilamoqda. Hatto, davlatlarning rivojlanganlik darajasi ulardagi ta'lim taraqqiyoti bilan baholanyapti. Shunga mos tarzda, jahonda ta'lim, ilm-fan sohalari shiddat bilan rivojlanishda davom etmoqda. Global rivojlanish esa sohada yangicha yondashuvlar, zamonaviy tendensiyalar, ilg'or o'qitish tizimlarini joriy etishga keng yo'l ochmoqda.

Mamlakatimiz ta'lim, ilm-fan sohasining hozirgi qiyofasini bundan 6-7 yil oldingisi bilan taqqoslab bo'lmaydi. Oradagi farq, o'zgarish va imkoniyatlar nihoyatda katta. Garchi yurtimizda uzluksiz ta'lim tizimi avvaldan yo'lga qo'yilganiga qaramay, sohaga haqiqiy ma'nodagi e'tibor, yangicha yondashuvlar, moliyaviy ko'mak oxirgi yillarda, ayniqsa, keskin oshdi. Bugun buyuk allomalarni etishtirgan ona zaminimizda ta'lim-tarbiya, ilm-fanni rivojlantirish eng muhim maqsadlardan biriga aylanib, bu boradagi islohotlar aniq harakatlar, huquqiy asoslarda namoyon bo'lmoqda. Joriy yil qabul qilingan Davlat dasturida ham ta'lim sifatini oshirish, sohani ilg'or xorijiy tajriba asosida isloh qilish bo'yicha aniq vazifalar belgilangan.

Talabaning shaxsiy salohiyatini yuzaga chiqaradi

Ilm-fan bir joyda qotib turadigan soha emas, doimiy yangilanishlarni taqazo etadi. Masalan, bir vaqtlar ta'limda umumiylik, barcha o'quvchilarni bir xil, o'zgarmas dasturlar asosida o'qitish shakli keng qo'llanilgan bo'lsa, bugunga kelib aksariyat davlatlarda individual ta'limga faol o'tilgan. Bu uzluksiz ta'limning har bir bosqichida tadbiq etilyapti. Ya'ni, ta'limning maktabgacha, maktab, oliy ta'lim va oliy ta'limdan keyingi ta'lim bosqichlarida individullikni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Bu zamonaviy tilda ta'lim traektoriyasi, deb ham yuritiladi.

Ta'lim faoliyatini individuallashtirishning eng istiqbolli modellaridan biri — bu ta'lim traektoriyasi hisoblanadi. Boshqa ta'lim bosqichlari singari oliy ta'limda ham bu usulning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Gap shundaki, ta'lim traektoriyasi har bir talabaning ta'limda shaxsiy salohiyatini ro'yobga chiqarishning individual shakli bo'lib, ta'lim jarayoni davomida yigit-qizlarning tashkiliy, ijodiy va boshqa shaxsiy qobiliyatlari aniqlanadi hamda shunga mos ravishda yo'naltiriladi. YA'ni har bir talaba bilan uning qiziqishlari, kasbiy istaklari asosida individual ishlanadi.

Traektoriya so'zining o'zi haqida gap ketganida esa, ko'pchilik fizik tushuncha — jismlarning harakati davomida qoldirgan izini tasavvur qiladi. Biroq biz so'z yuritayotgan traektoriya jismlarning emas, aynan talabalarning kelajak kasbiy faoliyatini belgilaydigan ta'lim traektoriyasi ya'ni, ularning  sifatli ta'lim strategiyasini nazarda tutadi.

Individual ta'lim traektoriyasi bo'yicha mashg'ulotlarni tashkil etish maxsus metodologiya va texnologiyani talab qiladi. Zamonaviy didaktikada bu muammoni hal qilish uchun odatda ikkita qarama-qarshi usul taklif etiladi, ularning har biri individual yondashuv deb ataladi. Birinchi usul — tabaqalashtirilgan ta'lim bo'lib, unga ko'ra har bir talabaga individual yondashish, u o'rganayotgan materialni murakkablik, diqqat-e'tibor darajasiga qarab farqlash taklif etiladi. Buning uchun talabalar odatda guruhlarga yoki darajalarga bo'linadi.

Ikkinchi usul talaba o'zi o'rganadigan ta'lim sohasiga nisbatan o'z ta'lim yo'lini tanlashini nazarda tutadi. Boshqacha qilib aytganda, har bir talabaga barcha o'quv fanlarini o'zlashtirish uchun o'z ta'lim traektoriyasini yaratish imkoniyati beriladi. Biroq bu usul mamlakatimiz ta'lim muassasalarida kamdan-kam uchraydi. Chunki u tashqaridan qo'yilgan umumiy maqsadlar fonida talabalarning nafaqat individual harakati, balki har birining turli xil ta'lim modellarini o'ziga xos tarzda va shaxsiy salohiyati bilan bog'liq holda bir vaqtning o'zida ishlab chiqish hamda amalga oshirishni talab qiladi.

Shu bois, yurtimizda birinchi usul — individual ta'lim keng tarqalib, uni amalga oshirishda zamonaviy yondashuvlar ommalashib boryapti. Uning o'ziga xos tomoni, talaba ta'lim jarayoni, grafik holati kabilarni individul tanlab, mavzuni o'zlashtirishda bosqichma-bosqich to'liq mustaqillikka o'tib boradi. O'qituvchi esa bu jarayonda talabaga maslahatchi sifatida qatnashib, uni yo'naltirib turadi. Talabaga shaxsiy manfaatlari, o'quv faoliyatining xususiyatlari, ta'lim olish usullari, o'quv materialini o'zlashtirish xususiyatlari, o'quv faoliyati turlarini hisobga olgan holda tanlash imkoniyati beriladi. Individual ta'lim traektoriyasini tuzishda eng muhimi ham shu, avvalo, talabaning imkoniyatlari, qobiliyatlari, istiqbollari, natijaga erishish uchun bajarmoqchi bo'lgan sa'y-harakatlarini baholashdan iborat.

Ammo individual ta'lim har bir talaba bilan yakka holda ishlashni nazarda tutmaydi. Bu usul talabalarning har birida mustaqil holda yakka ishlay olish ko'nikmasini shakllantirish bilan bog'liq. Bunda talaba o'z individual fazilatlari va qobiliyatlariga asoslanib, o'zining ta'lim traektoriyasini quradi. Ta'lim jarayoni davomida “o'zlashtirish xaritalari”ning turlari va imkoniyatlarini o'rganadi, ularga doska bilan ishlashning turli texnikalari namoyish etiladi, dars va mashg'ulotlarda ishtirokchilarning faolligini oshirish va jarayonga diqqatini jamlash uchun qo'llanilishi lozim bo'lgan akademik yo'naltirilgan harakatli topshiriqlar to'plami beriladi.

Umuman, ta'limning individual traektoriyasi talabaning ta'limdagi shaxsiy salohiyatini ro'yobga chiqaradi. Bu bilan ularning bir necha huquq va imkoniyatlari ham ta'minlanadi. Masalan, har bir o'quv fanida individual ma'no va maqsadlarni tanlash yoki aniqlash, asosiy tushunchalar va toifalarni shaxsiy talqin qilish va tushunish, individual ta'lim dasturlarini tuzish, o'z faoliyatini nazorat qilish, aks ettirish va o'z-o'zini baholash usullarini tanlash huquqi beriladi. O'rganiladigan fanlar, ijodiy laboratoriyalar va asosiy o'quv rejasiga muvofiq bo'lgan darslarning boshqa turlarini individual tanlash huquqlari ham shular jumlasidan.

Nazariya va amaliyotni birlashtiradi

Individual ta'lim traektoriyasining yana bir afzalligi bor. Bu talabalarning nafaqat ta'lim jarayoni, balki darsdan tashqari izlanishi, ijodiy ishlari, bo'sh vaqtini unumli tashkil etishlarida ham birgalikda ish olib borishdir. Buning uchun, avvalo, yigit-qizlarning pedagogik-psixologik portretini aniqlash va shu asosda ularning ta'lim troektoriyasini belgilash kerak bo'ladi.

Mazkur yo'nalishda bir qancha pedagogik qarashlar, yondashuvlar mavjud. Chirchiq davlat pedagogika universiteti misolida oladigan bo'lsak, oliy o'quv yurtida pedagogik ta'lim innovatsion klasterining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri bo'ldi. Ana shu ta'limdagi klaster asosida tashkil etilib, faoliyat yuritayotgan “Pedagogik al`yans maydonchasi” esa talabalarning ilmiy va amaliy faoliyatni uyg'unlashtirishiga keng sharoitlar yaratmoqda.

Pedagogik al`yans — bu klaster sub`ektlari bo'lgan ta'lim oluvchi, ta'limni kelajak kasbiy faoliyatiga mos holda taqdim etuvchilar hamda o'rganish maydonchalari (bog'cha, makab, OTM, mahalla, oila) o'rtasidagi manfaatli hamkorlikni ta'minlovchi maydonchadir. Unda har bir talaba o'z qiziqishlaridan kelib chiqib, individual faoliyat bilan shug'ullanish uchun aniq yo'nalish, yo'llanma oladi.

Alyansning maqsadi pedagogik ta'lim klasteri bo'yicha amalga oshirilgan ishlarni sxematik tarzda aks ettirish orqali talabalarni bu jarayonga maqsadli yo'naltirishdan iborat. Unda maqsad umumiy bo'lsada, manfaatlar xususiylashadi. Bu erda talabalar ta'lim jarayonida olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo'llash hamda bu borada erishilgan natijalar bilan tanishish imkoniyatiga ega. Kimdir alyansdagi ilmiy tadqiqotlarda faol ishtirok etsa, kimdir amaliy ish faoliyatiga kirishadi, boshqasi o'zining kelajakdagi faoliyat traektoriyasini belgilab oladi. Buning uchun sharoitlar ham, takliflar ham mavjud. Talaba esa ulardan birini individual tarzda tanlaydi.

Bugungi kunda “Pedagogik al`yans maydonchasi”da qator loyihalar amalga oshirilmoqda. “Ochiq osmon ostidagi maktab” ijtimoiy-mobil kompleks xizmat loyihasi, “SMART sensorika” mohir qo'llar loyihasi, “Bir safda” volontyorlar harakati kabilar shular jumlasidan. Bundan tashqari, maktab laboratoriya, inklyuziv ta'lim, bandlik, aralash ta'lim, ilmiy klaster kabi pedagogik ta'lim klasterining pedagogik-psixologik asoslarini ochib berishga qaratilagan qator loyihalar amaliyotga tadbiq etilib, ularda bevosita talabalar, maktab o'quvchilari ham ishtirok etib kelmoqda. Masalan, bandlik komponentida talabalar ham ta'lim olib, ham kasbiy faoliyatni amalga oshiradi. Mobillik komponentida esa ta'limning barcha bosqichida bolalarning moslashuvi bo'yicha tadqiqotlar o'tkaziladi. Olingan ilmiy tahlillar asosida amaliy mexanizmlar ishlab chiqiladi. Talabalar ularda qatnashib, har bir mexanizmni o'rganadilar, shaxsiy xulosalari asosida olgan ko'nikmalarini esa amaliyotda yoki ish olib borayotgan tashkilotlarida qo'llaydilar.

Pedagogik alyansning yana bir muhim jihati shundaki, bu erda har bir olib borilgan ishlarning QR-kodli taqdimoti mavjud. Shu kod orqali talabalar kerakli ma'lumotlarni yuklab olib, faoliyatida foydalanishi mumkin. Qolaversa, universitet talabalari bandlikka ko'maklashishga qaratilgan turli taqdimotlar, loyihalarda ishtirok etib, o'qish jarayonining o'zidayoq munosib ish topish imkoniyatiga ega.

Individual ta'lim haqida gap borganida, imkoniyati cheklangan talabalarni e'tibordan chetda qoldirish mumkin emas. Boisi, mamlakatimizda har bir inson munosib ta'lim olish huquqiga ega ekanligi asosiy qonunimiz bilan belgilab qo'yilgan. Qolaversa, oxirgi yillarda inklyuziv ta'limni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning bir necha barobar oshirilgani inson omili bosh mezonga aylangan mamlakatimizda katta islohotlardan biri sifatida e'tirof etilmoqda.

Imkoniyatlarning cheklangani ta'lim olish, ilm qilishga to'siq bo'lmasligi kerak. Bu borada zamonaviy yondashuvlar keng qo'llanilayotgani boisi ham shunda. Universitetimizning pedagogik al`yansida ham imkoniyati cheklangan talabalar uchun “Chegarasiz imkoniyatlar” kasbiy akademik faoliyat amaliyoti, “Bugundan pedagog” metodik, “Bilish diagnostikasi” psixologik, “Kasb tanlash mobilligi” reformatik loyihalari mavjud. Ushbu loyihalarning maqsadi imkoniyati cheklangan farzandlari bor oilalarga tezkor kompleks ta'lim xizmatlarini ko'rsatish, ko'ngilli talabalarni metodik xizmatga jalb etish orqali uy ta'limini samarali tashkil etishga ko'maklashishdan iborat. Bu nogironligi bo'lgan talabalarga pedagogik faoliyat to'siqlarini bartaraf etish modellarini o'zlashtirishga ko'maklashadi.

Umuman, hozirgi kunda individual ta'lim malakali kadrlar tayyorlash, mustaqil shaxslarni tarbiyalashning eng zamonaviy va samarali usullaridan biri sanaladi. Pedagogik ta'lim traektoriyasi talabaga nafaqat individual o'qish, balki darsdan tashqari izlanish, ijodiy ishlarni rivojlantirish, bo'sh vaqtini unumli tashkil etishga sharoit yaratadi. Shu jihatdan, individual ta'lim traektoriyasini shakllantirish bugungi kunning muhim talabidir.

Talabaga o'rganishning optimal shakllari va sur'atlarini tanlash, uning individual xususiyatlariga mos keladigan o'qitish usullarini qo'llash, olingan natijalarni refleksli tarzda amalga oshirish, o'z faoliyatini baholash va sozlash kabi imkoniyatlar berilar ekan, u individual traektoriya bo'ylab mustaqil va faol harakatlana oladi.

Jabbor O'SAROV,   

Pedagogika fanlari doktori, professor

(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 23.12.23-y, 267-sonida e'lon qilindi)