Statistik maʼlumotlarga koʻra, Yer yuzida 1 milliarddan ziyod aholi nogironlikning biror turiga chalingan. Bu dunyo aholisining qariyb 15 foizini tashkil qiladi. Nogironligi boʻlgan shaxslarning 80 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi. Ayni paytda mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslar 896 ming (aholining 2,5 foizi)tashkil etadi. Ulardan 159 ming nafari 18 yoshgacha boʻlganlar, 518 ming nafari mehnat yoshidagi va 219 ming nafari pensiya yoshidagi shaxslardir.

Prezidentimizning oʻtgan yili 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan murojaatida soʻnggi yillarda imkoniyati cheklangan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi. Jumladan, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida Yangi Oʻzbekistonda inklyuziv rivojlanish, yaʼni aholining barcha qatlami uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar kechayotgani alohida qayd etildi.

Davlatimiz rahbarining navbatdagi Murojaatnomasida esa nogironligi boʻlgan shaxslarga “muammosi bor insonlar” degan qarashdan voz kechib, ularning imkoniyatini kengaytirish uchun, avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy tizimni takomillashtirish yoʻlidan borishimiz, buning uchun imkoniyati cheklangan fuqarolar mamlakatimizning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotida faol qatnashishi uchun “toʻsiqsiz muhit”, yaʼni qulay sharoit yaratish zarurligi belgilab berildi. Bu borada qilingan ishlar mana shunday muhitni yaratish uchun yetarli asoslar shakllanib kelayotganini koʻrsatmoqda.

Jumladan, keyingi yillarda Oʻzbekistonda inklyuziv jamiyatni bosqichma-bosqich barpo etish borasida maqsadli saʼy-harakatlar amalga oshirildi. Xususan, fuqarolarga oʻz tanloviga koʻra, davlat tomonidan beriladigan sertifikat hisobidan istalgan ishlab chiqaruvchidan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari sotib olish mexanizmi joriy qilindi.

Mamlakatimizda birinchi marotaba muhtoj aholini zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyildi. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida koʻrsatish boʻyicha maxsus elektron dasturiy taʼminot — “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi ishlab chiqildi va ishga tushirildi. Unda tegishli vazirlik va idoralarga nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan onlayn murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan shaxslarni klinik-funksional maʼlumotlarni olishga doir qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkazmasdan turib, fuqaroning ishtirokisiz nogironlik muddatsiz belgilash mexanizmlari joriy qilindi. Mamlakatimizda nogironlikni belgilashning “ijtimoiy” modeliga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasi loyihasi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.

“Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiya” elektron axborot tizimi takomillashtirildi, vazirlik va idoralarga nogironligi boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali elektron tarzda yuborilishi yoʻlga qoʻyildi. Murojaatnomada belgilangan maqsad va vazifalarning muayyan qismi Prezidentimizning 2023-yil 27-fevraldagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida oʻz ifodasini topdi.

Taʼbir joiz boʻlsa, u 2017-yildan roʻyobga chiqarilayotgan keng qamrovli ishlarning mantiqiy va uzviy davomidir. Xususan, 2026-yilgacha yurtimizda muhtoj fuqarolarning zamonaviy protez-ortopediya buyumlari bilan taʼminlash darajasini 60 foizga yetkazish uchun joriy yilda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan hamda 1-guruh nogironligi boʻlgan 475 muhtoj shaxsga ushbu moslamalar bepul berildi.

Fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida joriy yilning 1-sentyabridan boshlab, nogironligi boʻlgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlashda ulardan tibbiy xulosa talab qilinmasligi koʻzda tutilyapti. Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar va ularga gʻamxoʻrlik qiluvchi fuqarolarni haq-huquqlaridan toʻliq xabardor qilish maqsadida joriy yilning iyun oyigacha ushbu toifadagi fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlarning yagona roʻyxati shakllantiriladi.

Tegishli saytlarga qoʻyiladi va muntazam yangilab boriladi. Nogironligi boʻlgan muhtoj shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlar koʻlamini kengaytirish uchun 2023-yilning iyul oyiga qadar ular bepul taʼminlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari roʻyxati kengaytiriladi.

Joriy yil davomida Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlarini robotlashtirilgan lokomat majmuasi va boshqa zamonaviy reabilitatsiya uskunalari bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Qarorda boshqa vazirlik va idoralarga aniq-tiniq topshiriqlar belgilangan. Jumladan, 1-guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan bolalar va ularga gʻamxoʻrlik qiluvchi 1 nafar fuqaro davlat idoralari xizmatlaridan (sogʻliqni saqlash, taʼlim xizmatlari, davlat idoralari rahbarlari qabuliga kirish kabi) navbatsiz foydalanishi belgilanmoqda.

Bolalarning nogironligi boʻlgan shaxs deb topilishi asosli ekanini aniqlash uchun ularni Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlari tomonidan qaytadan tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish tartibi bekor qilinmoqda. 2023-yil 1-maydan boshlab tibbiyot muassasalarida nogironligi boʻlgan bolaga gʻamxoʻrlik qiluvchi shaxslar uchun sharoit yaratish maqsadida ularga kasallik varaqasi va bepul ovqat berilishi koʻzda tutilmoqda.

Ijarachi nogironligi boʻlgan shaxs deb topilgan holatda ijara shartnomasi toʻxtatilishini nazarda tutuvchi qoida bekor qilinmoqda. Bunday qoida “Ijara toʻgʻrisida”gi qonunning 13-moddasida belgilangan. Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari himoyasini oshirish maqsadida ular uchun advokatlar tomonidan professional bepul ixtiyoriy yuridik yordam (pro bono) koʻrsatilishini tashkil etish yoʻlga qoʻyilmoqda. Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning 5-7, 12-13-moddalarida nogironligi boʻlgan shaxslar himoyasini tashkil etish zarurligi koʻzda tutilgan.

Bunda nogironligi boʻlgan shaxslarning murojaatlari “Yuridik yordam” axborot platformasi orqali advokatlarga ixtiyoriy ravishda bepul yuridik yordam koʻrsatish maqsadida yetkaziladi. Qarorda belgilangan vazifalar bajarilishi natijasida mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun inklyuziv jamiyatni bosqichmabosqich barpo etish, aholining barcha qatlami singari teng huquq va imkoniyatlarga ega boʻlishi, ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga erishiladi.