Davlat rahbari tomonidan Oliy Majlisga taqdim etilgan navbatdagi toʻrtinchi Murojaatnoma nafaqat parlament, balki bevosita butun xalqqa va xalqaro hamjamiyatga yoʻnaltirilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Darvoqe, 2023-yil — “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilinganidan ziyolilar vakili sifatida behad quvondim. Oʻqituvchi va murabbiylar oldida turgan muhim vazifalar koʻlami juda kengligini, masʼuliyati yuqoriligini yana bir karra his etdim. Taʼkidlanganidek, sifatli taʼlim doimgidek dolzarb masala. Darhaqiqat, taqdirimizni muallim va murabbiy hal qiladi.

Yangi yilga berilgan rasmiy nomdagi soʻzlar eʼtiborimni tortdi. Murojaatnoma matnida “inson” soʻzi koʻp qoʻllandi. Ilmiy ishim mavzusi ham “Inson kapitali” haqida. Yaqinda bu yoʻnalishda sotsiologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladim.

Inson kapitali inson + taʼlim=moddiy-maʼnaviy farovonlik, shu ikki asosiy komponentni tashkil etuvchi fenomendir. Inson kapitali rivoji shaxsning ongi, bilimi, axloq-odobi, dunyoqarashiga bevosita bogʻliq. Salohiyat esa kapitalga aylanadi. Oʻzbekistonda milliy boylik yaratishning yagona yoʻli – inson kapitalini rivojlantirish.

- Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, demakdir, - dedi Shavkat Mirziyoyev oʻz Murojaatnomasida.
Umuman olganda, mazkur Murojaatnoma tarixiy hujjat boʻlishi bilan birga barcha sohadagilar uchun dasturilamal va qimmatli manbadir.

Muhriddin SODIRJONOV,
Namangan davlat universiteti tayanch doktoranti.