Maktabgacha taʼlim yoʻnalishidagi kasb-hunar kollejini bitirgan bu ayol Prezident Xalq qabulxonasi tashkil qilgan tuman sektorlari rahbarlarining sayyor qabuliga ikkita masala bilan borgan edi: oʻziga doimiy ish topish va farzandini bolalar bogʻchasiga berish.
Mavjud real vaziyat esa dastlab ayolni sal shoshirib qoʻydi: davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga ularning elektron navbati kelganda, farzandi allaqachon maktab ostonasiga qadam qoʻyar ekan. Oʻz sohasi boʻyicha doimiy ish topishi uchun esa bir muddat kutishi lozim.
Xoʻsh, Xayrinisoning bu ikki masalasi qanday yechim topdi?
Bu haqda sal keyinroq...
Mavzuga kirishdan avval eʼtiboringizni quyidagi tahliliy maʼlumotlarga qaratsak: Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 2021-yilning 10 oyida Boʻka tumani aholisidan qariyb 5 ming 490 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 4 ming 670 dan ziyodi yaʼni 85,2 foizi qanoatlantirilgan.
Xayriniso Dehqonboyeva taqdiriga qaytsak. Uning oʻz sohasi boʻyicha doimiy ish topishu farzandini bolalar bogʻchasiga berishga oid masalasi sayyor qabulda qanday hal qilindi?
Masʼullar Xayriniso bilan suhbat asnosida uning salohiyatini toʻgʻri baholashdi. Ayolga oʻz uyida oilaviy bogʻcha ochishni taklif etdi. Taklifga qoʻshib yordam qoʻli ham choʻzildi: oilaviy bogʻcha ochishdan, to xonalarni taʼmirlashu jihozlashgacha koʻmak berildi. Bu borada, 30 million soʻm bank krediti ajratilgani, ayniqsa, ishga rivoj berdi, avj berdi.

Shu tariqa Boʻkaning chekka “Qoraqoʻyli” mahallasida 50 oʻrinli “Begʻubor bolalik” oilaviy bogʻchasi ish boshladi. Ayolning oʻzi ham kutmaganda ishlari yurishib ketdi: besh oydan soʻng u ota hovlisida ikkinchi “Ilk qadam” xususiy bolalar bogʻchasini ishga tushirdi. Bugun bu ikki muassasada Xayrinisoning oʻzi kabi oʻrta maxsus maʼlumotli 10 nafardan ortiq pedagog ayollar 100 nafar boʻkalik bolalarga taʼlim-tarbiya beryapti. Tadbirkor ayol esa endi mahallasidan 40 sotix yer sotib olib, 200 oʻrinli nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti barpo etishga kirishdi.
Inson birgina imkoniyat, ozgina koʻmak, andakkina eʼtibor bilan oʻz ichki quvvatini qanday birlashtirishi, oʻz hayotini qanday oʻzgartirishi, oʻz turmushini qanday koʻtarishi mumkinligiga Boʻkaning Doʻstlik mahallasidagi 32 yoshli Maryam Majidova taqdiri misolida yana bir bor amin boʻldik.
Yaqin-yaqingacha oʻzi ham, eri ham ishsiz edi. Maryam ham sayyor qabulga ish soʻrab borib, tadbirkor boʻlib qaytdi: pishiriq pishirishga uquvi bor ayolga 30 million soʻm kredit ajratildi. Va u bu pulga ikkita pech sotib oldi. Ishni tort pishirishdan boshlagan Maryam uch oyga bormay kreditni deyarli soʻndirdi. Pishiriqlari ovozasi Boʻkadan oshdi, Oqqoʻrgʻonu Pskentdagi doʻkonlardan ham talab tusha boshladi. Bir yil ichida bu oila ham oʻz hayotini yoʻlga qoʻydi, masʼullarning ozgina eʼtibori bois oʻz muammolarini oʻzi hal qildi, oʻz taqdirini oʻz kuchi bilan oʻzgartirdi. Bir kunda bir necha turdagi kamida yuzdan ziyod mahsulot tayyorlayotgan Maryam Majidova bugun mahallasidagi bir qancha qizlarni ham ish bilan taʼminladi. Kechagina qora qozonni qanday qaynatishni bilmay turgan oila bugun pulini boʻlib toʻlash sharti bilan avtomobil ham sotib oldi.

Joriy yilning 10 oyi davomida Boʻkada murojaatlar asosida Maryam kabi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirmoqchi boʻlgan insonlarning 731 ta loyihasi uchun 20,3 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratildi.
Albatta, oʻz ishi, oʻz daromad manbaiga ega boʻlish – inson uchun eng muhim maqsadlardan biri. Biroq bunga erishish uchun avvalo tan-jon salomatligi kerak.
Boʻka tumanidagi ingliz tili faniga ixtisoslashtirilgan 16-maktabning ingliz tili fani oʻqituvchisi Durdona Ahmedova oilasi, jamiyat va davlatimizning yordami bilan bugun ogʻir xastalikni yengib, deyarli oʻlim ostonasidan yana hayotga, qadrdon maktabiga qaytdi. Uning jigarini almashtirishdan boshqa chora qolmagan, biroq oilaning bunga qurbi yetmasdi. Turmush oʻrtogʻi bisotini sotdi, yaqinlari, hamkasblari imkon qadar mablagʻ yigʻdi, baribir 50 million soʻm yetmay qoldi. Soʻng Hakimjon Ergashev koʻmak soʻrab murojaat qilgach, bu masala zudlik bilan mahalliy kengash sessiyasiga kiritildi. Deputatlar qoʻllovi bilan “Mehr va saxovat” jamgʻarmasidan ajratilgan yetarlicha mablagʻ bois muallima xorijda jigar transplantatsiyasi bilan bogʻliq nihoyatda murakkab jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli oʻtkazdi.

Aslida ham har qanday muammoning yechimi – avvalo jipslikda. Xalq bilan muloqot tizimi bugun nainki muammolarning yechimini topish, balki odamlarning dunyoqarashini ham oʻzgartirmoqda, jamiyat va davlat kuchini birlashtirmoqda.
Albatta, bular – xalq bilan doimiy muloqotni taʼminlash borasida yoʻlga qoʻyilgan yaxlit tizim, qatʼiy va aniq mexanizm berayotgan real natijalardan bir shingil, xolos. Muhimi, “Inson qadri uchun” tamoyili aholi murojaatlari bilan ishlashning javhariga, pirovard maqsadiga aylanmoqda. Xalq qabulxonalari tom maʼnoda xalq ovozini, jamoatchilik fikrini ifoda etadigan tuzilmaga aylanib borayotgani esa xalqchil va insonparvar davlat barpo qilishdek buyuk maqsadlarga xizmat qiladi.