Sotsiologiya atamasi “sotsio” va “logos” so'zlarining uyg'unlashuvidan iborat bo'lib, mazmunan jamiyatda yuz berayotgan hamda yuz berishi mumkin bo'lgan jarayon, shakllangan va shakllanayotgan jamoalarni o'rganish, aholining turli tabaqalari hayoti, turmush tarzidan rozilik kayfiyati, ya'ni ijobiy o'zgartirish degan mazmunni ifoda etadi. Bu vazifalar inson omilini, odamlarning fikr-qarashlari, o'y-mulohazalari, maqsad va intilishlarini, kimlar bilan birikkan va uyushgan holda ish tutishini har taraflama o'rganish orqali bajariladi.

Jamiyatni birlashtiruvchi ilm

Davlatimiz rahbari yangi O'zbekistonni bunyod etish uchun “Barchamiz birlashib, bir yoqadan bosh chiqarib, birgalikda harakat qilishimiz lozim”, deb ta'kidlagani ham odamlarning yakdil intilishi taraqqiyot strategiyamiz va inson qadrini oshirish uchun qilayotgan barcha rejalarimizning harakatlantiruvchi kuchi ekanini tasdiqlaydi.

Sotsiologiya faniga ehtiyoj mamlakatning taraqqiyot g'oyasi nechog'liq salmoqli va jamiyatning rivojlanganlik darajasi qancha yuqori bo'lsa, shuncha ortib boraveradi. Amerikalik mashhur iqtisodchi va sotsiolog A. Smit odamlarni o'zaro birlashtirish uchun ularning keng tafakkur yuritish salohiyatini kuchaytirish zarurligini ta'kidlaydi.

Birlashuv umuminsoniy qadriyatlarga tayanadi

Jamiyat taraqqiyotida birlashishga intilish mazmunan bir xil bo'lmagan. Yaqin va uzoq tarix guvohlik beradiki, jamoaviy fikrni chalg'itish va soxta va'dalar berish hisobiga odamlarni birlashtirishga erishgan johil “daho”lar xalqlar va insoniyat boshiga qanchadan-qancha kulfat yog'dirgan. Shu bois, birlashish g'oyasi nechog'liq ezgu va umuminsoniy qadriyatlar bilan sug'orilgani juda muhim.

Jamiyatda moddiy farovonlik va ma'naviy-axloqiy tamoyillar ustuvorligi ta'minlangan holdagina odamlarning o'zaro totuvligi hamda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash imkoniyati yuzaga keladi. Qashshoqlik, axloqsizlik hukmron bo'lgan jamoa va jamiyatlarda totuvlikka o'rin bo'lmaydi.

Yangi O'zbekistonda bir tomondan, kambag'allikni qisqartirish, ikkinchi tomondan esa ma'naviy-intellektual yuksalishga ustuvor ahamiyat berilayotganining asosida ham, eng avvalo, ezgu va umuminsoniy qadriyatlarga tayanib ish tutilayotgani, Vatanimizda barqaror milliy totuvlikni ta'minlash, inson qadrini oshirish, odamlarni rozi qilish va barqaror rivojlanishga erishish g'oyasi mujassam.

Birlashish — bog'lanish — yuksalish formulasi

Yurtimizdagi islohotlar negizida nafaqat iqtisodiy natijalarni qo'lga kiritish, balki odamlarni birlashtirib, ularni o'zaro totuv qilish orqali farovon turmush darajasiga erishish maqsadi turibdi. Odamlar o'zaro birlashuvi uchun esa, avvalo, ularni bir-biriga bog'lash davlatimizning o'ziga xos noyob boshqaruv uslubi va ustuvor siyosatiga aylandi. Tan olish kerakki, avvalgi davrlarda odamlarning o'zaro birlashuviga davlatga qarshi yashirin xavf sifatida qaralgan.

Shuning uchun ham insonlarning o'zaro uyushib ketishiga yo'l berilmagan. Natijada davlat idoralari insonlarning tabiiy yaqinlashuv ehtiyoji asosidagi birlashuvidan fazilat emas, illat, kamchilik izlash bilan mashg'ul bo'lgan. Endi esa mamlakatimizda ijtimoiy holat tubdan o'zgardi. Prezidentimizning o'zi “birlashish — bog'lanish — yuksalish” formulasini mamlakatimizni jadal taraqqiy ettirish strategiyasining asosiy tamoyili sifatida hayotga joriy etmoqda.

Sotsiologiyaning boshqa ijtimoiy fanlar davrasidagi o'rni

Sotsiologiya fani falsafadan alohida fan sifatida rasman ajralib chiqqaniga ikki asrga yaqinlashmoqda. Agar ijtimoiy fanlar tarkibidagi falsafa fani davlat va jamiyat taraqqiyotining umumiy rivojlanish qonuniyatlari, hayot va faoliyatning asosiy kategoriyalarini nazariy tadqiq etsa, tarix fani davlat, jamiyat va shaxsning kechagi kuniga doir iqtisodiy, ijtimoiy va ma'naviy tanazzuli va taraqqiyot xususiyatlarini o'rganadi. Shuningdek, pedagogika fani inson va jamiyat ta'lim-tarbiyasi bilan shug'ullansa, psixologiya inson va jamiyatni turli inqiroziy holatlardan xalos etish, inson tabiatining tashqi nazardan yashirin jihatlari, ong va ong osti mexanizmlarini o'rganadi. Sotsiologiya fani esa boshqa ijtimoiy fanlar kabi voqelikni shu fan doirasidagina emas, balki odamlar hayoti va faoliyatini har tomonlama, to'laligicha o'rganadi. Sotsiologiya fani inson, jamiyat va davlatning nafaqat kechagi kuni, balki buguni va ertasini ham butun boricha, tizimli ravishda tadqiq etadi va uni qanday qilib yaxshilash, ijobiy o'zgartirish, barqaror rivojlantirish imkoniyatlarini ilmiy isbotlab, jamoatchilik e'tiboriga aniq tavsiya va takliflarni chiqaradi.  Shu tariqa sotsiologiya hayotda yuz bergan faktlarning kelib chiqish sabablari, oqibatlarini puxta asoslab, jamiyatga tahdid solayotgan inqiroziy holatlarni bartaraf etish hamda taraqqiyotga xizmat qiluvchi ijobiy tendensiyalarni faol qo'llabquvvatlash imkoniyatlarini chuqur nazariy asoslab, uni faqat bir yoqlama fikr sifatida emas, balki jamoatchilik fikri tarzida jamiyat miqyosida keng yoyish yo'lidan boradi.

G'arb sotsiologiya faniga asos solgan fransuz olimi Ogyust Kont ham sotsiologiya fanining boshqa ijtimoiy fanlardan asosiy farqi hayotda yuz beradigan har bir fakt, voqea yoki holatning nechog'liq to'g'ri va haqqoniyligini aniq isbotlab bera oluvchi, uning odamlarga naf beruvchiligi, real foyda keltiruvchiligi, ya'ni “pozitiv” (ijobiy) xususiyatlarga ega ilm va konkret sotsiologik tadqiqotlar olib boruvchi fandir, degan g'oyani o'sha davr ilmiy jamoatchiligi e'tiboriga chiqargan edi.

Sotsiologiyaning jahondagi nufuzi

Sotsiologiya bugungi dunyoda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy holat va ma'naviy-axloqiy jarayonlarning hozirgi holati, yaqin hamda uzoq kelajakdagi o'rni xususida keng jamoatchilikka ishonarli ma'lumotlarni etkazib berishda katta ahamiyatga egadir. Ayni vaqtda jahonning rivojlangan va tez rivojlanayotgan davlatlarining deyarli barchasi sotsiologik tadqiqotlar orqali amalga oshirayotgan strategiyalarining ijtimoiy maqbulligi, jamoatchilik fikri bilan nechog'liq mosligi, muhim masalalarni amalga oshirish oldidan va bajarilish paytidagi taktik o'zgarishlar mantig'ini o'rganib, tegishli xulosalar qilib boradi. Bu borada AQSHdagi mashhur Gellap instituti, Angliyadagi Britaniya sotsiologiya assotsiatsiyasi, Sotsiologiya bo'yicha Frantsiya Assotsiatsiyasi, Rossiya sotsiologiya jamiyati va boshqalarning jamiyatdagi ijtimoiy o'rni juda kattadir.  Xususan, Gellap instituti AQSH aholisining kundalik kayfiyati, ularni yaqin va o'rta kelajakda kutadigan ijtimoiy, moliyaviy va siyosiy holatlarni doimiy ravishda jamoatchilik e'tiboriga etkazib boradi. Shuningdek, mazkur tashkilot aholi turli tabaqalari vakillarining siyosatdan rozilik holati, davlat rahbarlari ishidan qoniqish darajasi, aholi ijtimoiy mo'ljallarining o'zgarish tendentsiyalari, ayniqsa, Prezident saylovlari paytida nomzodlarga ovoz berish jarayonida elektorat tomonidan nomzodlarni tanlash ko'rsatkichlarini o'ta aniqlikda prognoz qilishi jihatidan jamiyatdagi ijtimoiy qimmati juda yuqori sanaladi.  Misol uchun, Gellap instituti qora tanli Obama, tabiatiga ko'ra o'ta shiddatkor Tramp, yoshi ancha  katta bo'lgan Baydenning saylovdan bir hafta oldin muqarrar ravishda g'olib chiqishini ilmiy-empirik jihatdan aniq  bashorat etib berganligini keltirish mumkin.

O'zbekistonda sotsiologiya fani va amaliyotining shakllanishi

Mamlakatimizda 2016 - yilning kuzidan boshlab sotsiologiya fanining jadal rivojlanish davri boshlandi. Inson manfaatlarini ko'zlab ishlash va yashash, davlat idoralarining xalqqa xizmat qilishi, jamiyatning barcha tabaqalari vakillari hayoti va turmush tarzini isloh etish va tubdan farovonlashtirishni ifoda etgan Harakatlar strategiyasi sotsiologiya fanining ham nazariy, ham amaliy taraqqiyotiga keng yo'l ochib berdi. Shuningdek, 2022–2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi hamda Prezidentimizning 2019 - yil 22 - fevraldagi “Sotsiologik tadqiqotlar o'tkazishni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni sotsiologiya fani rivojining o'ziga xos drayveri bo'ldi, desak yanglishmaymiz.

Yurtimizda “Xalq davlatga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, “Inson manfaatlari hamma narsadan ulug'” shiorlarining davlat siyosati darajasiga ko'tarilishi, Xalq qabulxonalari, Prezident virtual qabulxonasi hamda har bir vazir, hokim va rahbarning fuqarolar murojaati uchun ochiqligi amaliyoti barqaror yo'lga qo'yildi.

Mamlakatimizda demokratik islohotlar amalga oshirilib, so'z erkinligi, matbuot erkinligi, ijtimoiy tarmoqlar orqali shaffof va ochiq ma'lumotlar tarqatish amaliyoti keng yo'lga qo'yildi.

Shuningdek, hozirgi kunda jamoatchilik fikrini o'rganish bo'yicha “Ijtimoiy fikr” markazi, O'zbekiston sotsiologlari assotsiatsiyasi, o'ndan ziyod turli sotsiologik tadqiqotlar o'tkazishga ixtisoslashgan nodavlat sotsiologik tadqiqotlarni amalga oshiruvchi uyushma va tashkilotlar faoliyat yuritmoqda.

Mustahkam amaliy baza

Prezidentimiz tashabbusi bilan odamlarni rozi qilishga qaratilgan islohotlar o'z mohiyatiga ko'ra, sotsiologiya fanining amaliy bazasini kuchaytirmoqda. Xususan, aholining turli tabaqasi turmush tarzi, maqsad va qiziqishlarini xonadonma-xonadon yurib o'rganish, xatlovlar o'tkazish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ro'yxatlariga ehtiyojmand oilalar va fuqarolarni kiritish hamda bu ro'yxatdan chiqarish mexanizmi, yoshlar balansini shakllantirish, iqtidorli yoshlar uchun qulay rivojlanish imkoniyatini yaratish, nogironligi bo'lgan fuqarolarni doimiy ish, ta'lim va kasb olish bilan band etish, “1+1” (“Bir tadbirkorga bir ishsiz yosh”), “1+10” (“Bir nuroniy — o'n yoshga murabbiy”) tartibi asosida odamlarni bir-biriga bog'lab, ularni faollashtirish, vaziyatni tubdan yaxshilash siyosati shular jumlasidandir.

Ayniqsa, ijtimoiy rivojlanishga kuchli turtki bergan katta islohot davlat xizmati vertikal tizimini aholining eng quyi bo'g'iniga ham etkazish amaliyoti bo'ldi. Prezidentimizning 2022 - yil 19 - yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan har bir mahallada hokim yordamchisi va yoshlar bilan ishlash uchun belgilangan yoshlar vakili lavozimlarining joriy etilishi joylarda odamlarni rozi qilish va ayni vaqtda amaliy sotsiologiyaning har kuni, har soatda yuritib borilishini ifoda etadi.

Fanning ilmiy-ma'rifiy asosi

O'tgan yillar mobaynida mamlakatimizda sotsiologiya sohasining oliy ta'lim tizimi ham tarkib topdi. Dastlab, 1987 - yilda Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutida madaniyat sotsiologiyasi bo'limi tashkil etilib, 1997 - yilgacha madaniyat sohasi bo'yicha oliy ma'lumotli sotsiolog kadrlar tayyorlab keldi. SHu o'rinda ta'kidlash joizki, Madaniyat instituti O'zbekistonda ilk daf'a sotsiologiya fanining yana bir muhim sohasi bo'lgan ijtimoiy ish ta'lim yo'nalishi va magistraturasi ochilishiga asos soldi. 1989 - yildan e'tiboran, Toshkent davlat universitetida sotsiologiya bo'limi o'z faoliyatini boshlab bugungi kungacha oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlab kelmoqda.

Shuningdek, o'tgan 35 yil mobaynida sotsiologiya fani bo'yicha “Sotsiologiya asoslari”, “Movarounnahrda jamoatchilik fikri tarixi”, “O'zbekistonda jamoatchilik fikri”, “Sotsiologiya” (o'quv qo'llanma), “Sotsiologiya terminlari lug'ati”, “Zamonaviy boshqaruv sotsiologiyasi” (monografiya) va boshqa o'ndan ziyod o'quv qo'llanma va kitoblar nashrdan chiqarildi. Bu yillar mobaynida sotsiologiya fanining ilmiy pedagogik potentsiali ham tarkib topdi. Hozirgi kunga kelib, mazkur fan rivojiga 17 nafar sotsiologiya fanlari doktori (DSc) va 56 nafar sotsiologiya fanlari nomzodi va sotsiologiya bo'yicha (PhD) doktorlari o'z hissasini qo'shib kelmoqda. Sotsiologiya va ijtimoiy ish sohasining oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash tizimi amal qilmoqda.

Bugungi kunda O'zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Farg'ona davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Andijon davlat universiteti singari 12 ta oliy ta'lim muassasasida bakalavr va magistr darajasidagi sotsiologiya va ijtimoiy ish sohasi bo'yicha kadrlar tayyorlanmoqda.

Bu yo'nalishda so'nggi 5 yilda doktorantura, stajirovka shaklidagi oliy ta'limdan keyingi ta'lim shakli ham yo'lga qo'yilgan. Shuningdek, sotsiologiya fani bo'yicha sotsiologiya fani doktori (DSc) va sotsiologiya bo'yicha falsafa doktori (PhD) tayyorlaydigan 3 ta ixtisoslashgan ilmiy kengash faol ishlab kelmoqda.

Jamiyatimiz ijtimoiy qiyofasidagi o'zgarish

Mustaqillikka erishilgandan so'nggi 30 yil mobaynida jamiyatning ijtimoiy qiyofasi ham tubdan o'zgardi. Agar sobiq sho'rolar davrida jamiyatda uchta katta ijtimoiy sinf (ishchilar, dehqonlar va ziyolilar) va kommunistik partiya rahbarlari va faollaridan iborat elita qatlami mavjud bo'lgan bo'lsa, bugungi kunga kelib jamiyatimizda tadbirkorlar, xizmat sohasi vakillari, fermerlar, harbiylar, bankirlar, olimlar, pedagoglar, yollanma dehqonlar va ishchilar, ishsizlar, nogironligi bo'lgan fuqarolar, axborot texnologiyalari mutaxassislari, uyushgan va uyushmagan yoshlar va boshqa ijtimoiy tabaqalar tarkib topdi. Ayniqsa, so'nggi besh-olti yilda ijtimoiy tabaqalar transformatsiyasi o'ta jadallashdi. Qisqa vaqt, ya'ni 2–3 yilda kechagi ishsiz fuqaro tadbirkorlik, fermerlik yoki xizmat sohasiga kirishib, muvaffaqiyatlarga erishib, o'z qishlog'i, mahallasida ish beruvchi shaxsga aylanayotgani bugun hech kimni hayron qoldirmaydigan ijtimoiy faktga aylandi.

Agar sobiq sho'rolar davrida aholining umumiy iqtisodiy va ijtimoiy holati bir-biriga birmuncha yaqin bo'lgan bo'lsa, yangi O'zbekistonda fuqarolar ham moliyaviy, ham madaniy, ham intellektual jihatdan anchagina farqlanadigan jamiyatga aylandi. Shu asosda odamlarning hayoti, farovonlik darajasi, fikrlash tarzi, maqsadlari, did va saviyalari ham o'zgarib bormoqda. Ilgari odamlarni to'y, ma'raka, urf-odat, choyxona, ulfatchilik birlashtirib kelgan bo'lsa, endilikda odamlar siyosat, tadbirkorlik, sport, madaniyat yo'nalishidagi umumiy nuqtai nazar, did, maqsad, qiziqish, umumiy dunyoqarash, san'at va boshqa omillar negizida birlashishga moyil bo'lmoqda.

Dunyodagi eng rivojlangan millatlarni asosan o'z milliy tiliga hurmat, vatani tarixiga ehtirom, milliy adabiyotiga mehr, san'at va madaniyatiga bog'liqlik, milliy mentalitetiga egalik, milliy xarakteriga sodiqlik, vatanparvarlik, milliy urf-odatlarga rioya etish, mustaqillik ne'matini ulug'lash qadriyatlari ajratib turadi. Shu bois, Yangi O'zbekistonda milliy yaxlitligimizning ana shu muqaddas to'qqiz ustunining birortasi ham zaiflashuviga aslo yo'l qo'ymasligimiz lozim.

Yangi sotsiologiya instituti — demokratlashuv mahsuli

So'nggi besh-olti yilda ilm-fanning barcha yo'nalishlari rivojiga keng yo'l ochilmoqda. Xususan, matematika, kimyo, biologiya, axborot texnologiyalari, tibbiyot, madaniyat, san'atshunoslik, fol`klor va baxshichilik hamda yaqindagina tashkil etilgan Geologiya universiteti qatorida sotsiologiya institutining ochilishi juda quvonarli holdir.

Sotsiologiya instituti Prezidentimizning chuqur mushohadali, keng masshtabli, perspektiv mo'ljallarni loyihalovchi tafakkur qilish xususiyatlaridan kelib chiqsak, sotsiologiya instituti nafaqat ilmiy-amaliy, balki yuqori malakali, oliy toifali mutaxassis kadrlar tayyorlovchi ilmiy-ma'rifiy muassasa bo'ladi.

Bundan tashqari, mazkur institut zimmasiga butun dunyoda jadal yuz berayotgan global o'zgarishlar, faol va tez kechayotgan demokratik jarayonlar, aholining turli iqtisodiy, siyosiy va madaniy saviyasi, qarashlaridan kelib chiquvchi o'ziga xos tafakkur yuritish tarzi va xatti-harakatlariga samarali ta'sir ko'rsata olish, ularni lozim bo'lsa “yumshoq kuchlar”, ma'naviyat va ma'rifat omillari orqali o'zgartira olishga qodir, O'zbekiston manfaatlariga mos keluvchi pozitiv jamoatchilik fikrini shakllantirishdan iborat katta ijtimoiy funksiya yuklatiladi.

Buning uchun mazkur institut o'zining birinchi qadamlaridanoq, Prezidentimiz ta'kidlaganidek, to'g'rilik, halollik yo'lidan borishi, odamlarning o'y-fikrlarini haqqoniy ifodalashi, jamoatchilik fikrini muqaddas ma'naviyatimiz, inson qadrini ulug'lash negizida shakllantirishga intilishi zarur. Shu o'rinda qayd etish joizki, mamlakatimizda amal qilib kelayotgan ayrim sotsiologik markazlarning el-yurt oldidagi nufuzi ko'tarilmayotgani boisi ham jamiyatda yuz berayotgan tub o'zgarishlar mohiyatini to'laqonli ochib berishga intilmaganida, deb bilamiz.

Sotsiologiya institutining muhim vazifalari

Sotsiologiya instituti o'zining ilk qadamlaridanoq, oqilona me'yorni barqaror ushlashi, yangidan shakllanib kelayotgan ijtimoiy qatlamlarning sotsiologik qiyofasini ro'y-rost ko'rsatishi, odamlar nimalarni ko'proq o'ylayotgani, qanday maqsadlarga egaligi, rivojlanishning tabaqalararo kesimlardagi drayverlarini aniqlash, mamlakatimizning o'z taraqqiyotidagi yutuq va kamchiliklari, aholidagi shukronalik va noshukurlik, rozilik va norozilik, farovonlik va kambag'allik, to'qlikka sho'xlik va isrofgarchilikka berilish, g'ayratlilik va boqibeg'amlik, hayotimizga kirib kelgan va kelishi mumkin bo'lgan xavf va xatarlar, buguni va ertasiga ishonch va ishonchsizlik, imkoniyat izlash va boqimandalik, milliy g'urur va millatimizga bepisandlik, vatanparvarlik va kosmopolitizm masalalarini keng jamoatchilik nazariga operativ va haqqoniy etkazib berishi bilan o'z ma'naviy va ijtimoiy qiyofasiga ega bo'ladi.

Ayni vaqtda Sotsiologiya instituti mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha sotsiologik tadqiqotlar o'tkazuvchi tashkilotlar uchun o'ziga xos metodik markaz vazifasini o'tashi, ularning faoliyatini muvofiqlashtirishga ko'maklashishi, olimlar va izlanuvchilar tomonidan tayyorlangan tadqiqot dasturlari, anketalar, eksperiment, interv`yu va boshqa tadqiqot o'tkazish uchun zarur bo'lgan hujjatlar, instrumentariylar va loyihalar yuzasidan malakali tavsiyalar berishni ham zimmasiga olishi lozim.

Sotsiologiya fani nafaqat real olamdagi axborotlar, balki virtual makondagi axborotlar bilan ham faol ish olib borishi muhim. Buning uchun, avvalo, jamiyatimizning ma'naviy intellektual yuzi bo'lgan obro'-e'tiborli shaxslar, nuroniylar, el-yurt oldida mavqe-martabasi ulug' insonlarning shaxsiy veb-saytlarini yaratish va ularni faollashtirish, zarur bo'lsa, bunday katta hayot tajribasiga ega insonlarga ko'makchilar va IT sohasining mutaxassislarini biriktirish kerak. Bunday obro'li va xarizmatik shaxslar bugungi hayotimiz va dunyoda yuz berayotgan voqea va jarayonlar haqida, radio, televidenie hamda ijtimoiy tarmoqlardagi faktlarga o'zlarining malakali xulosalarini berib borishi, jamiyatda ijtimoiy va ma'naviy-siyosiy muhit barqarorligini asrashga xizmat qilishi shubhasiz.

Aynan shunday yondashuv, ya'ni jamiyatimizda yuz berayotgan voqea va jarayonlarga ommaviy axborot vositalari, radio va televidenie, internet orqali izhor etilayotgan axborotlar, ko'rsatuv va eshittirishlarning mazmuni, ijtimoiy qimmati va aholi ongi va qalbiga etkazishi mumkin bo'lgan zararlarni tahlil etish, bir so'z bilan aytganda, aqlli monitoringni yo'lga qo'yish bugungi kunda ijtimoiy zaruratga aylandi. Mazkur jarayonlar mazmunini davlat idoralari rahbar va xodimlari emas, birinchi galda, jamiyatimizda katta obro'-e'tiborga sazovor xarizmatik shaxslarning baholab borishi bir tomondan, katta ijtimoiy rezonans hamda bosiqlik muhitini yaratsa, ikkinchi tomondan, sotsiologiya fanini ijtimoiy, iqtisodiy, ma'naviy-axloqiy va ayniqsa, siyosiy sohalarda yuz berayotgan jarayonlarning barometriga aylantiradi.

Sotsiologiya instituti faoliyatida siyosiy dunyoqarashni shakllantirish masalasiga ham juda katta e'tibor qaratish zarur. Zero, siyosiy dunyoqarash har qanday boshqa nuqtai nazar (axloqiy, moddiy, ijtimoiy)larga qaraganda dominant mohiyat va kuchga ega. Misol uchun, agar biror-bir odamda muayyan boshqa davlat siyosati, madaniyati yoki o'sha davlat rahbariga simpatiya shakllanib qolgan bo'lsa, unga me'yoridan ortiqcha yon bosish, noto'g'ri ish qilayotgan bo'lsa ham uning tarafini olish uchun qattiq bahslarga kirishish, hatto bu borada o'z yaqinlari bilan nizoga borish holatlari ko'p kuzatilgan. Shu bois, siyosiy dunyoqarashning boshqa yo'nalishdagi dunyoqarashlarni o'z ortidan ergashtirib ketishi xavfini aslo e'tibordan chetda tutmaslik lozim.

Shuningdek, mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirishning besh muhim tashabbusini joriy etish jarayonini uzluksiz monitoring qilish, ayniqsa, aholining barcha tabaqalari vakillarining kitob o'qishi jarayonini jamoatchilik nazoratiga olish va odamlarga etkazib borish katta ijtimoiy ahamiyatga ega. Bir so'z bilan aytganda, hamma narsa va islohotlarning o'z holicha rivojlanishini jamoatchilik ko'zi oldida maqsadli rivojlantirish holatiga o'tkazish ijobiy holdir.

Shu o'rinda yana bir jiddiy muammoni echish dolzarb masala bo'lib turibdi. Amaldagi lavozimlar bo'yicha davlat mehnat reestrida sotsiolog lavozimi ham, sotsiologlarning qaysi soha va yo'nalishlarda faoliyat yuritishi ham belgilanmagan. Shu bois, oliy ma'lumotli sotsiologlar o'zlari qaerdan ish topsa, o'sha joyda “nomutaxassis” maqomini zimmasiga olib, ishlab yuribdi. Aksariyati esa o'zi tanlagan sohadan voz kechib, ikkinchi oliy ma'lumot olib, maqsad va hayot tarzini o'zgartirib ketmoqda. Shu bois, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidagi lavozimlar bo'yicha mehnat reestriga turli vazirlik va tashkilotlar tizimida sotsiologiya yo'nalishi doirasida sotsiolog shtati va lavozimini joriy etish zarur.

Yangi O'zbekiston xalqchil, demokratik va inson qadrini ulug'lash jamiyatiga aylanar ekan, har bir soha, yo'nalish va tarmoqlar kesimida 30 nafardan iborat nufuzli ekspert guruhlari tarkibini jamoatchilik fikri va tavsiyalari asosida shakllantirish ham maqsadga muvofiq. Bunday ekspertlar tarkibini faollik ko'rsatkichlari negizida har olti oyda yangilash, to'ldirish, ba'zilarini chiqarib turish amaliyotini joriy qilish kerak. ekspert guruhlari aholining turli tabaqalari vakillari orasida haqqoniy jamoatchilik fikrini davlatimiz va jamiyatimiz mantig'iga mos holda ijobiy yo'nalishda shakllantirishda katta rol` o'ynagan bo'lur edi.