Istiqlol bergan ijod erkinligi oʻzbek sanʼatida yangi davr boshlanishiga zamin yaratdi. Xususan, Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyining Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Manzura Yusupova singari izlanuvchan, sanʼatsevar insonlarning ezgu gʻoyalari ham keng quloch yoza boshladi. Manzuraxon opa mustaqillik yillarida qayta dunyoga kelib, kamol topgan xalq amaliy sanʼatining anʼanaviy oʻzbek milliy qoʻgʻirchoqbozlik yoʻnalishi andijon maktabining asoschisi sifatida eʼtirof etiladi.
Uning momolardan qolgan va qadimiy anʼanalar asosida dunyoga yuz tutgan ilk qoʻgʻirchoqlari 1990-yillar oxirida paydo boʻldi. Milliy qoʻgʻirchoq sanʼatini rivojlantirish yoʻnalishida Amerika Xalqaro jamgʻarmasi grantini qoʻlga kiritgani sanʼat yoʻlidagi dadil odimlar uchun muhim omil boʻldi. Bu Manzura Yusupovaga millionlab nusxalarda ishlab chiqarilayotgan xorijiy firmalar qoʻgʻirchoqlarida yetishmayotgan hayotiylik, tabiiylikni yaratish ustida izlanishga undadi. Yuksak estetik did, ijodkorlik, kasbga sadoqat, tadbirkorlik va tashabbuskorlik Manzuraxonni bolalar dunyosiga olib kirdi. U qoʻgʻirchoq sanʼatiga mehr qoʻydi. Intilishlari natijasida qoʻgʻirchoq tayyorlashning turli usullarini oʻrgandi. Oʻz oʻrnida tarixga ham murojaat qildi. Jahon xalqlari, ayniqsa, Sharq xalqlarining milliy qoʻgʻirchoqlari Manzuraxonni oʻziga maftun etgani fikrimizning dililidir.
Bir necha yillar davomidagi ilmiy-amaliy izlanishlar natijasida faqat qoʻl mehnati, tabiiy milliy matolar, kashtalar, umuman mahalliy hom ashyolarga asoslangan oʻziga xos oʻzbekona, andijoncha “Manzura opa qoʻgʻirchoqlari” dunyoga keldi.
Ijodkorni nafosat olamiga olib kirgan ezgu tuygʻu — avvalo bir mehribon ona, oʻzbek ayoli sifatida milliy liboslar bilan yasangan oʻzbek qoʻgʻirchoqlari orqali murgʻak qalblarda goʻzallik, milliylik, vatanga muhabbat, gʻurur va iftixor hislarini shakllantirish, desak xato boʻlmaydi. Qolaversa adras, atlas, beqasam kabi oʻzbek milliy matolari jozibasini dunyoga yoyishga xissa qoʻshish istagi uning faoliyatida samarali natija berganiga guvoh boʻlamiz.
Manzuraxonning “Kelin”, “Kuyov bola”, “Tohir va Zuhra”, “Toʻy bola”, “Oʻzbek xalq ertaklari qahramonlari”, umuman, milliy timsollardagi turli xajm, shakl va qiyofadagi qoʻgʻirchoqlari qariyb 18 yil davomida viloyat, respublika miqyosida oʻtkazilgan Mustaqillik va Navroʻz bayramlarini bezadi. “Tashabbus”, “Eng ulugʻ, eng aziz” kabi mahalliy, “Buyuk ipak yoʻli”, “Bazar-art”, “Oymo” (Qirgʻiziston), “Ipak yoʻli va ziravorlar”, “Sharq taronalari” kabi xalqaro forum, yarmarka, festival hamda koʻrgazmalarda namoyish etildi. Fransiyada boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston madaniyati va sanʼat kunlari festivali” eksponatlari qatoridan joy oldi.
“Manzura opa qoʻgʻirchoqlari” yurtimiz boʻylab keng tarqalib oʻzbek bogʻchalari, xonadonlari, qizaloqlarimiz qalblari, goʻzallik shaydolari eʼtiborini tortib kelyapti. Ular eng avvalo oʻzbek xalqining milliy turmushi va sanʼatini namoyon qiluvchi jannatmakon Oʻzbekistondan sovgʻa sifatida xorijiy sayyohlar orqali dunyoning barcha mamlakat xalqlarining xonadonlaridan, turli darajadagi muzey va kolleksiyalaridan oʻrin olmoqda.
Bugun nafaqat viloyatda, balki, boshqa hududlarda ham Manzuraxonning shogirdlari — Andijon qoʻgʻirchoq maktabining isteʼdodli davomchilari oʻzlarining yangidan-yangi milliy qoʻgʻirchoqlari bilan xalqaro va respublika miqiyosidagi koʻrgazma, yarmarka va festivallarda ishtirok etib, mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat qilyapti. Bu esa yurtimizning turizm salohiyati oshishida ham muhim omil boʻlyapti.
Yaqinda Manzura opaning “Milliy qadriyatlar va asriy anʼanalar davomiyligi” nomli koʻrgazmasi tashkil etildi. Koʻrgazma barcha qatnashchilar, ayniqsa, xorijiy sayyohlarda oʻziga xos taassurot qoldirgani, qiziqish uygʻotganiga shubha yoʻq. Zero, koʻplab ishtirokchilarda shunday qoʻgʻirchoqlar sohibi boʻlish istagi tugʻildi.
– Qoʻgʻirchoqlar nafaqat bola uchun ovunchoq, balki tarbiya vositasidir. U orqali bola milliy anʼanalarni, millatga xos qadriyatlarni his etadi. Kerak boʻlsa, oʻrganadi ham. Soʻz farzand salomatligi, uning kamoli xususida ketar ekan, bu ishga nihoyatda katta eʼtibor va masʼuliyat bilan yondashmoq lozim. Qoʻgʻirchoqlarni yaratish chogʻida, avvalo, uning milliyligiga, nafis koʻrinishiga, liboslarning va undagi ishlatiladigan boʻyoqlarning sifatiga alohida eʼtibor berish maqsadga muvofiq. Farzandlarimizning tajovuzkor, gʻarbona oʻyinchoqlarni emas, aksincha ichki kechinmalari yuzida aks etib, ibo-hayo, milliylik nafasi ufirib turgan, insoniy tuygʻular ifodalangan sharqona qoʻgʻirchoqlar bilan doʻst boʻlishini istardim. Shuning uchun yasayotgan qoʻgʻirchoqlarim orqali oʻzbek millatining tanti, mehnatkash, olijanob qiyofasini ifoda etishga urinaman, – deydi Manzura Yusupova.
Darhaqiqat, milliylikka hurmatni bolalar bogʻchasidan, farzandlarimiz hali goʻdakligidan boshlasak, ular ana shu ruhda kamol topadi, milliylikni, oʻzlikni munosib baholay oladi. Faqat ularni toʻgʻri yoʻnaltira olsak, nima yaxshiyu, nima yomonligini ongiga singdira olsak bas!
Dilfuza MAVLONOVA,
Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi xodimi