Sababini soʻragandim, bunday dedi:

– Mahallamiz ayollari bayram munosabati bilan sumalak pishirishdi. Doshqozon atrofida doira chalib, shoʻx qoʻshiqlar aytib, raqsga tushayotgan ayollarga, katta koʻchada varrak uchirish bilan ovora boʻlayotgan bolajonlar va ularga yordam berayotgan onalariga havas bilan qarab, bir muddat oʻzimni ularning oʻrnida koʻrganday boʻldim. Shu vaqt koʻzlarim roʻparamda menga mehr bilan termulib turgan onamga tushdi-yu, oʻylarim bir zumda tumanday tarqab ketdi. Keksayib qolgan volidamning mayin qarashida katta maʼnoni soʻzsiz tushundim. Xudoga shukr, tirikman, hamma qatori yashayapman, yonimda onam, yaqinlarim va qoʻlimda gulday hunarim bor. Shuning oʻzi yashashning mazmuni va eng oliy neʼmat emasmi, degan xayollar ogʻushida turgan chogʻimda siz qoʻngʻiroq qildingiz!

Salimaning soʻzlarini tinglar ekanman, koʻnglini koʻtarish uchun oʻzimcha allanimalar deganday boʻldim-u, tezgina xayrlashdim. Chunki ortiqcha gapga hojat qolmagandi. Chunki men bilgan Salima, garchand nogiron boʻlsa-da, hayotga ishonch koʻzi bilan qaraydigan, niyatlari yorugʻ va mehnatkash ayol.

Angren shahrida uni koʻpchilik taniydi. Negaki, echki junidan toʻqigan chiroyli roʻmollari, bejirim sharflari, qoʻlqop va paypoqlari xaridorgir, shogirdlari ham koʻp. Respublika, viloyat va tuman miqyosida oʻtkaziladigan turli yarmarkalarda mahsulotlari bilan muntazam ravishda qatnashib keladi. Hunari ortidan bir qancha sovrinlar, sovgʻalar, diplom va tashakkurnomalar olgan.

Angrenga borganimda Salima bilan uchrashib, uzoq suhbatlashgandim. Uning oʻz qoʻllari bilan toʻqigan buyumlarini koʻrib, koʻzlarim quvnagan. Onasi Bibiniso ayaning kenja qizi haqidagi mahzun hikoyasini koʻnglim ezilib, gʻamnok boʻlib eshitsam-da, yurtimizda imkoniyati cheklangan xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik tufayli uning hayotiga yorugʻlik olib kirgan istiqbolli kunlar quvonchi haqidagi yangiliklarni koʻnglim yorishib tinglaganman.

Salimaning matonati, mehnatsevarligi va samimiyati haqida kimlargadir ibrat boʻladigan maqola yozishni koʻnglimga tugib qoʻygandim. Ammo oʻtgan uch yil davomida u haqida hech narsa yoza olmadim. Har safar kompyuter qarshisiga oʻtirib nimadir qoralamoqchi boʻlardim-u, koʻz oʻngimdan Bibiniso xolaning mungʻaygan, mungli chehrasi, kenja qizining dardida nohaqlikni hazm qila olmay bagʻri kuyib oʻtgan marhum Marajab otaning armonlari koʻz oʻngimda gavdalanib, soʻzlarimni poyoniga yetkaza olmasdim...

Ochigʻi, bugungi oʻzgarishlar, yangilanishlar boʻlmaganida Salima Ermatovaning zimiston hayot yoʻllarida nur taralmasdi. Chunki 35 yoshigacha bu ayolga yaqinlaridan boʻlak hech kim koʻmak bermagan, holini soʻrmagan. Hatto nogironlik aravachasi ham boʻlmagan.

– Bolaligimda shamollab qolganman, doʻxtirlar qoʻlimdagi tomirga tusha olmay, oyogʻimdan osma ukol qilgan. Avvaliga oyogʻimdagi kuchli ogʻriqdan baqirib yigʻlaganman, ukolning soʻrilishi ogʻriq beryapti, deb oʻylagan ota-onam ogʻriq qoldiruvchi dori-darmonlar bergan. Ammo ogʻriq kuchayib boravergan, doʻxtirlar “izi shunday ogʻriq beryapti, oʻtib ketadi”, degan. Oʻsha ukol natijasida oyogʻimdagi tomirim qurib, bir umrga falaj boʻlib qolganman, – deydi birinchi guruh nogironi Salima Ermatova. – Bolalik yillarim turli shifoxonalarda oʻtdi. Ota-onamning bormagan doʻxtiriyu koʻrsatmagan tabibi qolmadi. Doʻxtirlar ancha tekshiruvlardan keyin oyogʻimdagi tomir kuygani sabab quriganini, endi yura olmasligimni aytgan...

Dugonalarim qatori maktabga bora olmadim. Oʻqish va yozishni akalarim, opalarimdan oʻrgandim. Bolaligim ham, yoshligim ham toʻrt devor orasida emaklab yurish bilan oʻtdi. Onam meni zerikmasin, ichikmasin, deb toʻquvchilikni, tikuvchilikni oʻrgatdi. Yotib olib toʻqirdim. Yaqin yillargacha qarindoshlarimizdan boshqa birov eshigimizni qoqib, hol soʻrab kelganini eslolmayman. Eng alam qiladigani, oʻsha vaqtdagi doʻxtirlar meni “aqli zaif” deb nogironlikka chiqarishgan ekan. Buni ham yaqin yillarda bilib qoldim.

Faqat keyingi yillardagina men kabi koʻmakka muhtoj nogironlarga gʻamxoʻrlik, eʼtibor kuchayib, umr sahifalarimga yaxshiliklar kirib keldi. Yurtda kechayotgan yangilanishlar sabab mutasaddilar kelib holimni soʻrab turadi. Bayramlarda yoʻqlashadi.

Bugun berilgan imkoniyatlardan foydalanib tadbirkorlik qilyapman. Angren shahar nogironlar jamiyati raisi koʻmagi bilan yarmarkalarda qatnashyapman. Hatto viloyatlarga ziyoratga ham borib keldim. Qani endi yoshligimda shu sharoitlar va imkoniyatlar boʻlganida edi, balki oyogʻim ham tuzalib, yurib ketgan boʻlarmidim. Yana bilmadim. Mayli, shunday dorilomon kunlarga yetkazganiga, koʻrsatganiga shukr.

Olti farzandning kenjasi – Salima nogiron boʻlib qolishidan ota-onasi koʻp iztirob chekdi. Ayniqsa, otasi Marajab aka kamgap boʻlib qoldi, bor alamini ichiga yutdi. Kechayu kunduz tinim bilmay mehnat qildi. Katta roʻzgʻorni tebratish, tunda esa kenjatoyining rangpar yuzlariga boqib, ichdan oʻkinishga yuragi bardosh bermay, olamdan oʻtdi. Shundan soʻng roʻzgʻor tashvishi onasi va akalari zimmasiga tushdi. Opalari ham mushtday boshlari bilan mehnatga shoʻngʻib ketdi.

Oiladagi yetishmovchilik uzoq yillar davom etdi. Biroq mehnatda ulgʻaygan farzandlar bir-birini qoʻllab, hayotda oʻz yoʻllarini topdi. Faqat Salimagina nogironligicha qoldi.

Salima bundan olti yil ilgari sanatoriyda davolanmoqchi boʻldi. Yaqinlari uni sihatgohga olib borishganida, u yerdagi doʻxtirlar “Biz sizni bu yerda olib qola olmaymiz, aqli zaif tashxisi bilan hech bir sihatgoh sizni qabul qilmaydi, kechirasiz”, deyishdi. Oʻsha vaqtda Salima karaxt boʻlib qoladi, quloqlariga ishonmadi. Xoʻrlanib, koʻzlaridan yoshlari oqib, onaizoriga va opalariga najot istab termuldi.

– Doʻxtir, nima deyapsiz, qizimning faqatgina oyoqlari ishlamaydi, nega aqli zaif, deyapsiz, – deya zorlandi ona shifokorga.

– Xolajon, agar tashxisi xato yozilgan boʻlsa, oʻzgartirib keling, bajonidil davolaymiz, lekin hozir olib qola olmaymiz, – deyishdi.

Bir dardi oʻn boʻlgan ona va qizning oʻsha vaqtdagi ahvolini tasvirlashning oʻzi ogʻir. Shu yerda Salima va yaqinlarining nechogʻli iztirobga botganini va jondan oʻtar alamli hikoyasini batafsil yozib oʻtirishni, oʻtmishning ozorli yolgʻonlariga qaytishni istamadim...

Balki yaqinlarining soddaligi, ishonuvchanligi pand bergandir. Lekin oyogʻini davolatish uchun shifoxonalarda yotganida uni davolayotgan shifokorlar nahotki shu tashxisni koʻrmagan boʻlsa?!

Salima davlatimiz tomonidan berilgan aravachasini surib, bir qancha idoralarga bosh suqib, oʻziga qoʻyilgan notoʻgʻri tashxisni oldirib tashladi. Ammo buning uchun qancha qogʻozlar yigʻishiga, qayta tekshiruvlardan oʻtishiga, asablari toʻkilishiga toʻgʻri keldi.

– Soʻnggi yillarda yurtimizda kechayotgan koʻp yaxshi yangiliklar qizimning hayotiga ham nur sochib, oʻz yogʻdusini taratdi. 2017-yilning boshlarida hovlimizga davlat ishida ishlaydigan kattakonlar kelib, ahvolimiz, yashash sharoitlarimiz bilan qiziqdi, qizimga qanday yordam kerakligini soʻrashdi. Ochigʻi, ularning mehribonligi va koʻnglimizni koʻtaruvchi gaplaridan boshimiz osmonga yetdi, – deydi 88 yoshli Bibiniso xola.

– Shuncha yil hokim nari tursin uning yordamchisi ham qadam bosmagan hovlimizga. Ana, haqiqat bor ekanku, deyman oʻzimga-oʻzim. Ularning soʻzlaridan bildimki, Prezidentimiz, nogiron, yordamga muhtoj xotin-qizlarning turmush tarzini yaxshilash uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beryapti ekan. Shundan keyin chindan ham hayotimizda quvonchli oʻzgarishlar boʻldi. Eng avval yangi nogironlik aravachasini berishdi, qizimning fikrlari va qiziqishini eshitib qoʻllab-quvvatlashdi. Yangi dastgohlar sotib olindi. Sharoitlari badastir boʻlganidan soʻng qizimning oʻziga ishonchi ortib, ishga shoʻngʻib ketdi. Toʻqishni oʻrganaman, degan qizlarni ham shogird qilib olib atrofiga jamladi. Xudoga shukr, qizim bugun xohlagan yeriga oʻzi bora oladi, jundan toʻqigan roʻmollarini oʻzi sotadi, qoʻlida puli bor, asosiysi hech kimga muhtoj emas.

Ha, bugun Salima oʻz mehnati va matonati tufayli yetti muchasi sogʻ baʼzi insonlarga oʻrnak boʻlyapti. Ertayu kech mehnatdan boshini koʻtarmaydi, yura olmasa-da, hech kimga ogʻirligi tushishini xohlamaydi. Begʻubor orzu-niyatlari sari dadil ildamlab bormoqda.

Yana bir gap, 2022-yil 16-fevral kuni chorvachilik sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari chorvachilikni yanada rivojlantirish, qoʻy va echki junidan gilam, mato hamda boshqa mahsulotlar toʻqib sotish borasida Angrenni ham namuna sifatida taʼkidlagan edi.

Aslida esa, toʻquvchilik borasida tarixi olis oʻtmishga borib taqaluvchi Angren shahrining istiqboli porloq, kelajagi yanada yorqin boʻlishida Salima kabi zahmatkash insonlarning mehnatlari ham bisyordir.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri