Inson xotira bilan yashaydi

    Fikr 30 Aprel 2021 2092

    Urush azaldan insoniyat boshiga ogʻir kunlarni solib, oilalarni musibatda qoldirib kelgan. Shu bois, bunday mudhish voqealarni boshlagan, jangu-jadalni keltirib chiqarganlar qattiq qoralangan.

    Tinchlik uchun jon fido qilganlar esa hamisha eʼzozda, eʼtiborda boʻlgan. Yana sanoqli kunlardan keyin Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 76 yil toʻladi. Bu shonli sanada mustaqillik neʼmatlaridan bahramand boʻlib farovon hayot kechirishimizga oʻz hissasini qoʻshgan fidoyi insonlarning qahramonliklari yodga olinadi.

    Mazkur sana arafasida Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar xotirasini yod olish, bugun ham safimizda turib oʻsib kelayotgan yosh avlodga oʻzining umr yoʻllari bilan ibrat va saboq berib kelayotgan faxriylarimiz, urush qatnashchilari va nogironlar holidan xabar olish qadriyatga aylanib ketgan.

    Shu bois, Prezidentimiz joriy yilning 20-aprel kuni “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdi. Ushbu hujjatga koʻra 9-may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 76 yilligi nishonlanishi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlariga 12 mln soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilandi.

    Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda karantin qoidalariga rioya qilgan holda Vatan ozodligi va shon-sharafi himoyachilariga bagʻishlangan maxsus uchrashuvlar va madaniy-maʼrifiy kechalarni oʻtkazish topshirildi.

    Bekobod tumanida ham 9-may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 76 yilligi nishonlanishi munosabati bilan amalga oshiriladigan xayrli ishlar va tantanali tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga koʻra mahallalarda istiqomat qilayotgan urush qatnashchilari holidan xabar olinadi. Karantin qoidalariga toʻliq amal qilingan holda oʻtadigan tadbirlarda yoshlarga bugungi tinch va osoyishta hayotimizni koʻz-qorachigʻidek asrab-avaylashda urush qatnashchilarining boshidan oʻtkazgan kunlari misolida tushuntirishlar berishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bundan tashqari, urush qatnashchilariga tumanimizdagi davlat va jamoat tashkilotlari va homiylarning sovgʻalari ham topshiriladi.

    Ha, inson xotira bilan yashaydi. Shunday ekan oʻtganlarni yod olish barobarida qonli janggohlardan omon qaytib bugun ham safimizda turgan moʻtabar otaxonlarimizni duosini olish tinch-osoyishta hayotimizni qadrlashga oʻrgatadi. Yoshlarga kuch-quvvat bagʻishlab, yangidan-yangi bunyodkorlik sari chorlaydi.

    Xayrullaxon KAMOLOV,

    jinoyat ishlari boʻyicha

    Toshkent viloyati

    Bekobod tumani sudining raisi