Prezidentimiz 2022-yil 20-dekabrdagi Murojaatnomasida 2023-yilni yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilgani bejiz emas. Aslida ham, “najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”.
Barcha rivojlanishlarning asosi taʼlimdan boshlanadi. Taʼlim, albatta, tizimli, uzviy va uzluksiz tashkil etiladi. Maktabgacha taʼlim, maktab taʼlimi va oliy taʼlim sohalari bir-biriga bogʻliq holda rivojlantiriladi.
Yosh avlodga zamonaviy ilm-fan sirlarini oʻrgatib, kasb hunarga yoʻnaltirish yoki farzandlarimizni raqobatbardosh yetuk mutaxassislar etib tarbiyalash vazifasi sifatli taʼlim berishga safarbar etilgan barcha muallimu ustozlar zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Zero, yoshlarimiz yuksak maʼnaviyatli, umumbashariy qadriyatlar va milliy anʼanalarimizga sodiq, komil inson boʻlib yetishishlari butun jamiyat uchun ahamiyatlidir.
Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, taʼlim sifatini oshirish Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirishning yagona va toʻgʻri yoʻlidir. Bugungi kunda taʼlim sohasini tubdan takomillashtirish davr talabiga aylangan. Ushbu dolzarb talabdan kelib chiqqan holda taʼlim sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari qabul qilinyapti.
Bu oʻrinda davlatimiz rahbarining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi tasdiqlangani alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur Dastur barcha inson huquqlaridan foydalanishga yoʻl ochadigan boshlangʻich nuqta – taʼlim olish huquqini takomillashtirishga qaratilgan ulkan amaliy qadamdir.
Taʼlim olish huquqi inson huquqlari boʻyicha taʼlimni oʻz ichiga olib, ushbu huquqlarni oʻrganish, shuningdek, jamiyatimizda inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish usullari, vositalarini ham qamraydi. Inson huquqlari boʻyicha taʼlim va tarbiya inson hayoti mobaynida davom etadigan va turli yoshdagilarga tegishli boʻlgan jarayondir.
Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi taʼlimni yanada takomillashtirish, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosini taʼminlash, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida qabul qilinganini alohida taʼkidlash lozim.
Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha Milliy komissiya tomonidan 2023-yil 20-28-fevral kunlari “Inson huquqlari haftaligi”ni oʻtkazish boʻyicha Dastur tasdiqlandi. Shu kunlarda Dasturda belgilangan tadbirlarning izchillik bilan amalga oshirilayotgani, shubhasiz, Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi talablari allaqachon hayotimizga chuqur tatbiq etilayotganining ifodasidir.
Muqaddas Qosimova,
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi.