Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar yangi yilda ham izchil davom ettirilishi maʼlum qilindi. Unga koʻra, yangi yildan boshlab fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari boʻyicha viloyat darajasidagi sudlar bitta sud sifatida birlashtirilishi, sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi. Bu jarayonda ishni toʻxtatish yoki tugatishga asos yetarli boʻlsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, oʻzining yakuniy qarorini qabul qiladi.

Rivojlangan demokratik davlatlarda jinoyatlarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni tez va toʻla ochish, aybsiz insonni qonunga xilof ravishda javobgarlikka tortmaslik, odil sudlovning barcha bosqichlarida taraflarning tengligini taʼminlash inson huquqlari boʻyicha umumeʼtirof etilgan masalalar sanaladi. Shuningdek, protsessual majburlov choralarini asosli qoʻllash, sud-tergov amaliyotida shaxsni qiynoqqa solmaslik, unga shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllamaslik, chin koʻngildan pushaymon boʻlib, jinoyatni fosh etishda faol koʻmaklashgani uchun shaxsni javobgarlikdan toʻliq yoki qisman ozod qilish, jabrlanuvchilarga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash hamda jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquq va erkinliklarini taʼminlash orqali fuqarolarning ishonchini qozonish ustuvor vazifalardandir.

Shu maʼnoda, mamlakatimizda sud-huquq sohasidagi institutsional islohotlar doirasida mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning huquq va erkinliklariga rioya etish, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani eʼtiborga molik. Bu borada jinoyat-ijroiya qonunchiligini, shu jumladan, ozodlikdan mahrum etish joylarida mahkumlarni saqlash shart-sharoitlarini yana-da gumanizatsiya qilishni nazarda tutuvchi qonunchilikni takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi bilan ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovlarda ishtirok etishi boʻyicha cheklov bekor qilindi. Ayni paytda Jinoyat-ijroiya kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Ayniqsa, Qoraqalpogʻiston IIVga qarashli 19-ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasi (“Jasliq” koloniyasi)ning tugatilib, yurtimiz shaʼniga dogʻ boʻlib tushgan yomon tamgʻali muassasadan voz kechilgani xalqaro maydonda Oʻzbekiston imijini koʻtarish, shuningdek, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan yurtdoshlarimizning huquq va erkinliklarini taʼminlash, xususan, mahbuslar sonini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ana shunday insonparvar siyosat tufayli oʻtgan qisqa davrda mamlakatimizda mahbuslar soni ikki barobar kamayishiga erishildi. Bu esa Oʻzbekiston Prezidenti tom maʼnoda inson huquqlari kafili ekanining amaliy isbotidir.

Murojaatnomada jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qoʻllash borasidagi ishlar davom ettirilishi, jumladan, xalqaro standartlardan kelib chiqib, 25 ta manzil-koloniya bosqichma-bosqich qisqartirilishi taʼkidlandi.

Bundan buyon birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo yengilrogʻiga almashtirilsa, u manzil-koloniyaga oʻtkazilmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri probatsiya nazoratiga olinishi, mazkur yengillik natijasida hozir jazo oʻtayotgan 6 ming nafar shaxsga oʻz mahallasi nazoratida, oilasi bagʻrida boʻlish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.

Zotan, ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga koʻra, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga hukm qilingan, jumladan, shartli hukm qilingan mahkumlarni axloqan tuzatish, ularni jamiyatdan ajratmagan holda jamoatchilik bilan uzviy hamkorlikda qayta tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan probatsiya xizmati bugungi kunda oʻzining ijobiy natijasini bermoqda.

Murojaatnomada tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarurligi, ushbu holatlar hali ham uchrab turgani, fuqarolarda jiddiy eʼtirozlarni keltirib chiqarayotgani taʼkidlandi.

Haqiqatan ham, shaxslarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish maqsadida olib borilayotgan islohotlarga qaramasdan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlab turilgan, qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlari uchrayotgani achinarlidir.

Bu kabi ayanchli holatlar mamlakatimizning xalqaro nufuziga putur yetkazib, reyting va indekslardagi oʻrnimizga taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. Oʻzbekistonning beshinchi davriy hisoboti boʻyicha BMTning Qiynoqqa qarshi qoʻmitasi tomonidan 2020-yil 14-yanvarda bildirilgan yakuniy eʼtirozlarda qiynoqning oldini olish tizimini xalqaro huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqlashtirish, shuningdek, qiynoqning barvaqt oldini olish, qiynoqqa doir murojaatlarni qabul qilish, koʻrib chiqish, qiynoqdan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish boʻyicha samarali huquqiy, institutsional mexanizmlarni joriy etish boʻyicha qator tavsiyalar berildi.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻtgan yil 22-iyundagi “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da Oʻzbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi fakultativ protokoliga qoʻshilishi masalasini koʻrib chiqishi belgilangani tahsinga loyiq.

Murojaatnomada qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni oʻtash muassasalariga “monitoring tashriflari”ni amalga oshirish, Oliy Majlis palatalari har yili Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish boʻyicha maʼruzasini eshitib, bu illatga butunlay barham berish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilashi lozimligi qayd etildi.

Haqiqatan ham, jinoyat protsessining barcha bosqichida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuqorida qayd etilgan salbiy holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, jinoyat ishlarini yuritish jarayonida ommaviy axborot vositalarning ishtirokiga keng yoʻl ochish, jinoyat ishini yuritishga masʼul boʻlgan mansabdor shaxslarni oʻqitish, ularning malakasini oshirish jarayoniga eʼtiborni kuchaytirish, maʼnaviyatini yuksaltirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish; jinoyat ishlarini yuritishga raqamli texnologiyalar, ilgʻor ilmiy-texnik vositalar, shuningdek, zamonaviy ish usullarini keng joriy etish zarur.

Zotan, Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans davri poydevorini yaratishda, eng avvalo, inson, uning huquq va erkinliklarini taʼminlash, uni oliy qadriyat darajasiga koʻtarish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bahrom SAIDOV,

Oʻzbekiston Respublikasi IIV akademiyasi

ilmiy kengashi kotibi, yuridik fanlar doktori, dotsent