Hozirgi kunda oliy taʼlim muassasamizda 8 ta fakultet va 63 ta kafedra faoliyat olib bormoqda. Ularda 64 ta bakalavriat yoʻnalishida kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shaklida, shuningdek, 71 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha, jami 20848 nafar talaba tahsil olmoqda. Ular uchun 1100 dan ortiq professor-oʻqituvchilar asosiy shtatda va oʻrindoshlik asosida respublikamizning yetakchi tashkilotlari, ishlab chiqarish korxonalari hamda ilmiy-tadqiqot institutlarining malakali xodimlari mashgʻulotlar oʻtkazadi.

Universitetimiz ana shunday salohiyatga ega. Lekin, iqtisodiyot shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir paytda har qanday oliy oʻquv muassasasi zamon bilan hamqadam boʻlmasa, mehnat bozoridagi tarkibiy oʻzgarishlarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlay olmasa, taraqqiyotdan chekkaga chiqib qolishi mumkin. Ayniqsa, sanoat ishlab chiqarishining “drayver” korxonalariga boradigan universitetimiz yoshlarida innovatsion texnologiyalarning “yurak urishi”ni his etish, ularda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish kun tartibidagi bosh masalaga aylanmoqda.

Prezidentimiz oʻtgan yil dekabr oyi oxirlarida Qashqadaryo viloyatidagi “Uzbekistan GTL” zavodining ochilish marosimidagi nutqida Yangi Oʻzbekiston yoshlari milliy sanoatimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib, bu yoʻlda “oltin fond”imizga aylanishini taʼkidlar ekan, neft va gaz sohasida taʼlim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish yuzasidan koʻrsatmalar bergan edi. Ular ijrosi sohada mavjud muammolarni bartaraf etishga, uning faoliyatini zamonaviy standartlar darajasida tashkillashtirishga zamin yaratadi. Shu bois ayni paytda Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti mazkur majmua bilan oʻzaro integratsiyasini yanada takomillashtirish boʻyicha ishlarni boshlab yubordi.

Maʼlumki, mamlakatimizda YUNESKO tomonidan joriy etilgan “Taʼlimning xalqaro standart klassifikatsiyasi” hamda “TXSK: Taʼlim va kasbiy tayyorlash sohalari” asosida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim standartlari qayta ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Ayni kezda akademik erkinlikni joriy etish va ortiqcha meʼyorlashtirishni qisqartirish maqsadida oliy taʼlimning 26 ta taʼlim sohasi boʻyicha davlat taʼlim standartlari bekor qilindi. Ayni paytda tizimida faqat “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti. Asosiy qoidalar” va “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti. Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori” deb nomlangan standartlari qoldirildi. Koʻrilayotgan bunday choralar oliy taʼlimning meʼyoriy-uslubiy tizimini xalqaro standartlarga muvofiq shakllantirishga va pirovardida uning jahon taʼlim makoniga toʻliq integratsiya qilinishiga yoʻl ochadi.

Mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta oʻrindagi roʻyxatiga kiritish va tizimda oʻquv jarayonining 85 foizini kredit-modul tizimiga oʻtkazish vazifasi qoʻyilgan.

Nega aynan kredit-modul tizimini joriy etishga katta ahamiyat qaratilyapti? Chunki, taʼlimni tashkil qilishning ushbu jarayoni dars mashgʻulotlarini nafaqat oʻqitishni innovatsion taʼlim texnologiyalari asosida olib borishni, balki talabadan mustaqil oʻqib-oʻrganish, taʼlimga yangicha munosabatda boʻlish, mehnat bozori talabidan kelib chiqib, zaruriy va chuqur nazariy bilimlarni egallashga, amaliy koʻnikmalarni oʻzlashtirishga oʻrgatishni taqozo etadi.

Ana shu jarayonlarni shakllantirish boʻyicha Toshkent davlat texnika universitetida ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Universitetda kadrlar buyurtmachilari boʻlgan ishlab chiqarish korxonalari va iqtisodiyot tarmoqlarining talablari inobatga olingan holda, oxirgi 3 yilda yangi 18 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 12 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Bu boradagi barcha meʼyoriy hujjatlar (oʻquv reja, malaka talabalari va fan dasturlari) kredit-modul tizimida tayyorlandi va va oʻquv jarayoniga tatbiq etilyapti. Ishlab chiqarish korxona va tashkilotlarida mutaxassislik kafedralarining 52 ta filiali ham tashkil etilib, ularda ham dars jarayonlari yangi tizimda olib borilyapti. Shu oʻrinda qayd etish joizki, oʻquv jarayonini kredit-modul tizimiga oʻtkazish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

Xalqaro hamkorlikka kelganda, Xitoy Xalq Respublikasi, Belarus Respublikasi, Rossiya Federatsiyalarining 5 ta OTMlari bilan jami 11 ta taʼlim yoʻnalishi va 4 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha qoʻshma loyiha yoʻlga qoʻyilganligini qayd etish joiz boʻladi. Ularda 200 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda.

Takomillashtirilgan fan dasturlariga tayangan holda, oxirgi 3 yilda 500 nomdagi yangi oʻquv adabiyotlari (darslik, oʻquv qoʻllanma, va oʻquv-uslubiy koʻrsatmalar) yaratildi. Universitetda moddiy texnika bazasini yaxshilash maqsadida 11 milliard soʻmdan ortiq mablagʻlar hisobiga 27 nomdagi laboratoriya jihozlari xarid qilindi. Dars jarayonlarining samaradorligini oshirish maqsadida 15 dan ortiq oʻquv auditoriyalari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida jihozlandi. Talabalarning zamonaviy laboratoriyalarda mashgʻulotlar olib borishida universitet hududida tashkil etilgan texnopark ham katta tayanch boʻlyapti.

Jahon bankining “Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasi va Oliy taʼlim vazirligi bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikkka asosan, 2018-yildan buyon “Ichki sifatni taʼminlash (Internal Quality Assurance)” yoʻnalishi boʻyicha Shbeeman consulting agentligi tomonidan respublikamizdagi 6 ta oliy oʻquv muassasasi tanlab olingan. Ular tomonidan xorijiy yetakchi ekspertlar koʻmagida mutaxassislar malakasini oshirish va ichki taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha master-klasslar, seminarlar tashkil etib kelinyapti. Toshkent davlat texnika unviversiteti ham ular safida boʻlib, bu yerda Belgiyaning Gent universiteti professori Lyusiyen Bolart sifatni taʼminlash masalasiga bagʻishlangan onlayn-treninglar oʻtkazib kelmoqda. Ushbu loyiha doirasida tanlab olingan oliy taʼlim muassasalari 2022-yilda ichki attestatsiyadan hamda kelgusida xalqaro akkreditatsiyadan oʻtishi rejalashtirilgan.

Universitetimizda rektor maslahatchisi va prorektor lavozimida Yaponiyaning Nagoya universiteti professori K.Nishiyama ish olib boryapti. Xorijlik mutaxassis mavjud taʼlim yoʻnalishlaridan 5 tasini tanlab olgan. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab, chet ellik mutaxassislarni jalb etgan holda, talabalarning til bilish darajasi va matematika fanidan bilim, koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazib, ularning100 ga yaqiniga Nagoya universiteti oʻquv dasturi boʻyicha taʼlim bermoqda. Bu universitetimizda yosh va bilimli mutaxassislarga Yaponiya tajribasi asosida saboq berish uchun qoʻshma fakultet tashkil etish imkonini beradi.

2017-2021 oʻquv yillari davomida Toshkent davlat texnika universitetidan jami 247 nafar professor-oʻqituvchi hamda 265 nafar talaba rivojlangan va jahonning TOP-1000 taligiga kirgan oliy taʼlim muassasalarida malaka oshirish, stajirovka va akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etdi. Shu davrda 341 nafar chet ellik professor-oʻqituvchi va mutaxassislar onlayn hamda oflayn tarzda universitet professor-oʻqituvchilari va talaba-magistrlariga mahorat darslari oʻtdi va maʼruzalar oʻqidi. Soʻngi 2 yilda 104 ta ilmiy-tadqiqot ishlari, jumladan: 2020-yilda 48 ta (42 PhD, 6 DSc) va 2021-yilda 56 ta (48 PhD, 8 DSc) ilmiy darajalar uchun dissertatsiyalar himoya qilindi.

Yaqinda “Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari oliy taʼlim muassasalarining (QS World University Rankings: Emerging Europe and Central Asia) 2022-yilgi reytingi” eʼlon qilindi. Quvonarlisi, Oʻzbekistonda QS mintaqaviy reytingida qayd etilgan universitetlar ketma-ket ikkinchi yil oʻz oʻrnini yanada mustahkamladi va yuqoriroq pogʻonalarga koʻtarildi. Universitetimiz ham QS reytingida akademik soʻrovnoma, ish beruvchilarning bahosi va ilmiy salohiyati, nufuzli xorijiy nashrlardagi maqolalari, ularga boʻlgan iqtiboslar kabi mezonlarda rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida ijobiy natijalarni qayd etib, 351-400 oʻrinlar oraligʻidan joy oldi.

Agar 2021-yilda QS reyting agentligi tomonidan oliy oʻquv muassasalarimiz faqatgina 2 ta mezon boʻyicha baholangan boʻlsa, 2022-yilda barcha mezonlar (10 ta) asosida eʼtirof etildi. Bu esa universitetning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Hozirgi kunda respublikamizda faoliyat yuritayotgan texnika sohasidagi oliy taʼlim muassasalarining asosiy maqsadi ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari uchun yuqori salohiyatga ega boʻlgan raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashdan iboratdir. Toshkent davlat texnika universiteti ham oʻzining bu boradagi ustuvor vazifalarini belgilab olgan, taʼlim tizimidagi islohotlar va transformatsiya jarayonida samarali natijalarga erishish maqsadida dadil odimlamoqda.

Orifjon ZARIPOV,

Toshkent davlat texnika universiteti prorektori,

texnika fanlari doktori, professor